Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 00:04

Mira Rittman: Qoraqalpog‘istonda haddan tashqari kuch qo‘llaganlar jazoga tortilishi kerak


Human Rights Watch inson huquqlari tashkiloti O‘zbekiston xavfsizlik kuchlarini shu yil iyul oyi boshida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan norozilik namoyishlarini bostirish chog‘ida "haddan tashqari va halokatli" kuch qo‘llaganlikda ayblab chiqdi.

Tashkilot Telegram, Instagram va TikTok kabi platformalarda joylashtirilgan video va fotosuratlar, shuningdek, bevosita yuborilgan o‘nlab tasvirlarni tahlil qilgan holda shunday xulosaga kelganini aytmoqda.

1-2- iyul kunlari Nukusda minglab namoyishchi O‘zbekiston Konstitutsiyasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi maqomiga oid bandlarga taklif etilgan o‘zgartirishlarga norozilik bildirish uchun ko‘chalarga chiqqan.

Tartibsizliklarga aylanib ketgan namoyishlarni bostirish chog‘ida, rasmiylarga ko‘ra, to‘rt nafar huquq-tartibot xodimlari doxil 21 odam halok bo‘lgan, 270 dan ortiq odam jarohatlangan.

Ozodlik hisobot xulosalari haqida uning mualliflaridan biri, Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Mira Rittman bilan suhbatlashdi.

Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Mira Rittman.
Human Rights Watch tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Mira Rittman.

-Siz Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklar chog‘ida O‘zbekiston xavfsizlik kuchlari “asossiz” va haddan tashqari kuch ishlatgani, halokatli qurollardan foydalanganini aytgansiz. Bularni tasdiqlovchi qanday dalillaringiz bor?

Mira Rittman: Guruhimiz Qoraqalpog‘istonda 1-2-iyul kunlari bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari chog‘ida olingan 80 dan ortiq video va bir necha fotosuratni, aniqrog‘i 30 ta fotosuratni tahlil qildi. Vizual dalillarni mustaqil tibbiy tahlil qilish orqali odamlarning to‘qimalari portlovchi moddalar keltirib chiqaradigan jarohatga mos keladigan tarzda jiddiy shikastlangan, va ehtimol, ular halok bo‘lgan yettita holatni aniqladik. Shuningdek, bir kishi quroldan otilgan o‘qdan yaralanganini tasvirlarda ko‘rdik. Shuningdek, norozilik namoyishlari paytida xavfsizlik kuchlari Kalashnikov avtomatlari bilan qurollangan bo‘lgani haqida dalillarimiz bor. Barcha vizual dalillar shuni ko‘rsatadiki, hukumat haqiqatan ham o‘limga olib keladigan qurollar bilan kuch ishlatgan va bu namoyishchilarning o‘limiga sabab bo‘lgan.

-Faqat tarmoqlarda tarqalgan va sizga jo‘natilgan tasvirlar asosida shunday xulosaga kelingan bo‘lib chiqyaptimi? Tashkilotingiz ekspertlari voqea ro‘y bergan joyga bordimi, jabrlanganlar va o‘lganlarni yaqinlari bilan suhbatlashdimi?

Mira Rittman: Biz Qoraqalpog‘istonga borganimiz yo‘q. Iyul oyidagi norozilik namoyishlaridan so‘ng u yer axborot qamali ichida edi. Ammo bizning jamoamiz tekshirish o‘tkazdi, ular bizda mavjud bo‘lgan videolar va fotosuratlarni tahlil qildi. Biz shu tahlillarga asoslangan xulosalarimizga qat’iy ishonamiz.

-O‘sha yaralangan namoyishchilar yoki ularning qarindoshlari bilan hech bo‘lmaganda telefonda gaplasha oldingizmi?

Mira Rittman: Biz ular bilan gaplashishga harakat qildik, lekin afsuski, qo‘rquv muhiti kuchli edi. Bizning xulosamiz hech qanday suhbatlarga emas, balki biz to‘plagan fotosuratlar va video dalillarga asoslangan.

-O‘zbekiston Qoraqalpog‘istondagi noroziliklarni tekshirish uchun hukumat vakillari va inson huquqlari himoyachilaridan tashkil topgan parlament komissiyasini tuzdi. Ombudsman Feruza Eshmatova komissiyaga raislik qilmoqda. O‘zbek tomoniga o‘zining, hech bo‘lmasa, dastlabki xulosalarini e’lon qilishga fursat berish kerak edi, deb o‘ylamaysizmi?

Mira Rittman: Bunday komissiya tashkil etilgani muhim qadam bo‘ldi, maqsad inson huquqlari buzilishini tekshirish edi. Ammo a’zolar asosan, hukumat amaldorlari ekanini hisobga olsak, xulosalar haqiqatan ham mustaqil bo‘lishini kutish qiyin, deb hisoblaymiz. Bundan tashqari, shaffoflik yo‘q, hisobot uchun vaqt jadvali ham yo‘q. Yakuniy xulosa qachon rejalashtirayotgani ma’lum emas. Hisobot asosida nima sodir bo‘lishi ham aniq emas. Sodir bo‘lgan o‘lim va jarohatlar uchun javobgarlik mas’uliyat kimga yuklanishi ma’lum emas. Shuning uchun HRW inson huquqlari buzilishi uchun kim mas’ul ekanini aniqlash uchun haqiqiy mustaqil tergov o‘tkazishga chaqirdi, jumladan, 1-2-iyul kunlari Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan 21 kishi halok bo‘lgan va o‘ta og‘ir jarohatlar uchun mas’ullarni aniqlashda bunday tergov juda muhim.

- O‘zbekiston rasmiylaridan hozircha hisobotingizga hech qanday munosabat bildirilmadi. Mening savolim o‘z xulosalaringiz bo‘yicha O‘zbekiston hukumati yoki ushbu voqealarni tekshirayotgan komissiya a’zolari bilan bog‘lana oldingizmi?

Mira Rittman: Hukumat qarashini izlash bizning tadqiqotimiz va tergovimizning muhim qismidir. Avgust oyi oxirida O‘zbekiston Bosh prokuroriga xat jo‘natdik. Qoraqalpog‘iston voqealarini o‘rganuvchi komissiya rahbari Feruza Eshmatovaga ham xat jo‘natdik. Afsuski, hisobot chop qilinishidan oldin javob olmadik. Biz xatlarni O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi orqali jo‘natdik. Maktublar yetib borgani haqidagi tasdiqni oldik, ammo afsuski, javob olmadik. Shuningdek, biz Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan inson huquqlari buzilishi holatlarini tuzatish bo‘yicha o‘z xulosalarimiz va tavsiyalarimizni muhokama qilish umididan voz kechmadik va buning uchun ochiqmiz.

-Mirziyoyev, agar noto‘g‘ri kuch ishlatilgan holatlar aniqlansa, aybdorlar jazolanishini aytdi. Bu ro‘yobga chiqishiga ishonasizmi?

Mira Rittman: To‘g‘ri, O‘zbekistonning yuqori darajadagi amaldorlari va prezidentning o‘zi huquq-tartibot idoralari xodimlarining xatti-harakatini tekshirish kerakligini aytdi. Ammo biz buni amalda ko‘rmadik. Hech bir huquq-tartibot xodimi sudga tortilganini ko‘rmadik. Hozirga qadar Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan biron hokimiyat vakili yoki kuch tizimlari xodimiga chora ko‘rilgani yoki ularning xatti-harakatlariga huquqiy baho berilgani guvohi bo‘lmadik. Oxir-oqibat, prezident tomonidan aytilgan bu bayonot quruq gap bo‘lib qolyapti. Bu so‘zlar ortida mazmunli harakat borligini ko‘rsatish O‘zbekiston rasmiylari zimmasida. Aks holda, bu quruq gap bo‘lib qolaveradi. Mirziyoyev O‘zbekistonni ishonchli xalqaro hamkorga aylantirishga harakat qilmoqda, agar hukumat odamlar o‘limiga sababchi bo‘lgan shaxslarni javobgarlikka torta olmasa, prezidentning bu urinishlari behuda bo‘lib qolaveradi.

Қорақалпоғистон: Қонли намойишлардан бир ой ўтиб кўплаб саволлар очиқ қолмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:58 0:00

1-2-iyul kuni Nukusda yuz bergan voqealar O‘zbekistonda 2005-yil mayidagi Andijon voqealaridan buyon sodir bo‘lgan eng yirik zo‘ravonlikdir.

O‘zbekiston rasmiylari hozircha HRW hisobotiga munosabat bildirgani yo‘q.

Avvalroq kuch tizimlari vakillari Qoraqalpog‘istonda zo‘ravonliklarga aylanib ketgan namoyish qatnashchilariga nisbatan haddan tashqari kuch ishlatilgani va jangovar qurollar ishga solingani haqidagi xabar va iddaolarni rad etishgan.

1-noyabr kuni esa Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklarda ayblanganlardan yana 35 nafari qamoqdan uylariga qaytgani ma’lum qilindi.

Mazkur shaxslar Qoraqalpog‘istondagi ommaviy tartibsizliklarda ayblanib, hibsga olingan shaxslar bo‘lib, ular voqealarni mustaqil ravishda o‘rganayotgan komissiya taklifi va Jo‘qorg‘i Kenges iltimosnomasiga ko‘ra hibsdan ozod qilingan.

Shu tariqa tartibsizliklarga aloqadorlikda ayblanib hibsga olingan va hibsdan ozod qilinganlar soni 107 kishiga yetgan.

Ayni paytda ozod qilingan shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining natijalari bo‘yicha ma’lumotlar berilmagan.

XS
SM
MD
LG