Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-mart kuni AQSH Kongressi a’zosi, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha parlament kokusi ishtirokchisi Kerol Miller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Prezident matbuot xizmati qaydicha, uchrashuvda Toshkent bilan Vashington o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Kerol Miller Mirziyoyevga AQSH prezidenti, Kongress rahbariyati va O‘zbekiston bo‘yicha kokus a’zolarining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.
“Ikki tomonlama hamkorlikda yuqori darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Faol siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar davom etmoqda. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi bir necha barobar ortdi, biznes kooperatsiyasi kuchaymoqda”, deyiladi rasmiy xabarnomada.
Uchrashuvda iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni, shu jumladan, tog‘-kon, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.
O‘zbekiston hududlarining Amerika shtatlari bilan sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhimligi ham qayd etilgan.
Avvalroq rasmiy Toshkent Vashington bilan strategik sheriklikni chuqurlashtirish rejasini e’lon qilgan. Xususan, 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida tashqi siyosat mahkamasiga joriy yil yakuniga qadar Qo‘shma Shtatlar yangi ma’muriyati vakillari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatish va oliy darajadagi tashrifni tashkil etish vazifasi yuklangan.