Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Mirziyoyev Erdo‘g‘on taklifiga binoan Anqaraga yetib bordi


O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz bilan “Esenbo‘g‘a” aeroportida, Anqara, 2024-yil 5-iyuni (president.uz fotosi)
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya vitse-prezidenti Jevdet Yilmaz bilan “Esenbo‘g‘a” aeroportida, Anqara, 2024-yil 5-iyuni (president.uz fotosi)

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-iyun oqshomida rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva hamrohligida Anqaraga yetib borgan.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, prezident Erdo‘g‘on taklifiga binoan Turkiyaga rasmiy tashrif bilan borgan Mirziyoyevni “Esenbo‘g‘a” aeroportida vitse-prezident Jevdet Yilmaz va boshqa rasmiylar kutib olishgan.

Tashrif dasturiga muvofiq, 6-iyun kuni ikki prezident Anqarada oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining uchinchi yig‘ilishini o‘tkazishi kutilmoqda.

Muzokaralar doirasida O‘zbekiston-Turkiya keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport-kommunikatsiya, ta’lim va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari atroflicha muhokama qilinadi”, deyilgan prezident matbuot xizmati xabarnomasida.

Shuningdek, Mirziyoyevning mezbon prezident bilan birgalikda ilk marotaba ikki mamlakat yetakchi korxonalari va kompaniyalari rahbarlari bilan qo‘shma uchrashuvi o‘tkazilishi ham rejalangan.

Mirziyoyev so‘nggi bor Turkiya poytaxtiga o‘tgan yilning mart oyida safar qilgan. Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammiti munosabati bilan Anqaraga borgan O‘zbekiston prezidenti o‘shanda turkiyalik saylovchilarni may oyida bo‘lib o‘tadigan prezident saylovida amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on nomzodini “to‘liq qo‘llab-quvvatlash”ga chaqirgan edi. O‘sha saylovning ikkinchi bosqichida Erdo‘g‘on 52,14 foiz ovoz bilan yana bir muddatga prezidentlikka saylangandi.

XS
SM
MD
LG