Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:22

Mirziyoyev islohotlari: Daraxtni hokim kesib, lochinni shahzoda ovlab, jazoni Ekoqo‘mita oldi


Toshkent shahridagi to‘xtovsiz qurilishlar uchun Milliy bog‘dan tortib uylar orasidagi daraxtlarga qadar qirib tashlandi
Toshkent shahridagi to‘xtovsiz qurilishlar uchun Milliy bog‘dan tortib uylar orasidagi daraxtlarga qadar qirib tashlandi

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xodimlari 24 - avgust kuni Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan ekologiya va atrof-muhit muhofazasi mavzusidagi yig‘ilish ortidan qo‘mita tizimidagi xodimlarning vaziyati yanada og‘irlashganini aytmoqda.

Ozodlikka turli viloyatlardan murojaat qilayotgan ishchi-xodimlarga ko‘ra, prezident “nomutaxassis” deb atagan xodimlarni ishdan bo‘shatish¸ qo‘mita vakolatlarini keskin qisqartirish jarayoni bu majlisdan so‘ng yanada kuchaygan.

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xodimlari sonini qisqartirish prezidentning 3 - aprel kungi 5053-sonli qarori asosida boshlangan va 1 - mayga kelib¸ ekoqo‘mitaning jami 2 305 xodimidan 346 tasi qisqartirilib 1 959 shtatga tushirilgan edi.

24 - avgust kuni Mirziyoyev qo‘mitadan eng muhim funktsiyasi – huquqiy ekologik nazoratni olib tashladi va bu vakolatni Ichki ishlar vazirligi qoshida yangi tuziladigan ekopolitsiyaga berdi.

Bunday o‘zgarish jamoatchilik muhokamasiz¸ Mirziyoyevning yig‘ilishda bergan og‘zaki buyrug‘i asosida amalga oshirilmoqda.

Mirziyoyevning “ekotizimdagi islohotlari”

24 - avgust kungi maxsus yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev o‘zini ekologiya va atrof-muhit uchun qattiq kuyunadigan prezident qilib ko‘rsatdi va bu muhit uchun mas’ul qo‘mita ishini keskin tanqid qildi.

So‘nggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori me’yordan 4 baravar oshgan. Atmosferaga tashlanmalarning 90 foizi Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Navoiy, Buxoro, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Guliston va Nukus shaharlariga to‘g‘ri keladi.

Shu bilan birga, hududlarda “yashil maydon”lar 3-4 baravarga qisqarib, o‘rtacha 8 foizdan kamayib ketdi”¸ deb yozdi prezident matbuot xizmati mazkur yig‘in haqida.

Bunday tanqidlar ortidan Mirziyoyev “sohadagi tizimli muammolar hal qilinmagani va yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun” qo‘mita raisi Alisher Maqsudovni ishdan oldi.

Tizimli muammolarni hal qilish maqsadida Mirziyoyev “Ekologiya politsiyasi» tashkil qilish va uni Ichki ishlar tizimiga biriktirish haqida buyruq berdi.

Buzuq tizim¸ samarasiz shou...

Shavkat Mirziyoyevning 24 - avgust kungi yig‘ilishda e’lon qilgan “islohotlar”¸ mutaxassislarga ko‘ra¸ Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi faoliyati bilan bog‘liq tizimli muammolardan deyarli birortasini hal qilmaydi.

Mutaxassislar qo‘mita faoliyatining samarasizligiga noto‘g‘ri boshqaruv tizimi sabab ekanini ko‘pdan ta’kidlab keladi.

Amaldagi boshqaruv strukturasiga ko‘ra¸ Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining eng katta boshlig‘i Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovdir. U rahbarlik qiladigan sektorga Qurilish¸ Transport va Uy-joy kommunal xizmati vazirliklari ham kiradi.

Ayni paytda ekologiya qo‘mitasi faoliyati hokimliklar nazoratida – hududiy bo‘lim rahbarlarini hokimlar tayinlaydi.

O‘zbekiston shahar va qishloqlaridagi bog‘larni yakson qilib¸ o‘rniga ko‘ngilochar joylaru ko‘p qavatli beton uylar qurayotganlar¸ ham mahalliy¸ ham mustaqil matbuot yozib kelayotgani kabi¸ aynan hokimliklar va Ramatov boshqaradigan vazirliklarning o‘zidir.

Ўзбекистонда Қурилиш вазирининг оиласи қарийб ярим триллион сўмлик давлат лойиҳасини қўлга киритди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:56 0:00

Xususan¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘zi¸ Qurilish vaziri Botir Zokirov va prezidentning kuyovlariga aloqador shirkatlarga qurilish uchun yer berishi ortidan O‘zbekiston poytaxtining ekosistemasi inqirozga uchragani aytiladi.

Ko‘p qavatli uylar orasidagi kichik maydonlardan to Milliy bog‘ hududiga qadar hokimiyatdagilarning o‘ziga tegishli qurilish shirkatlariga berilishi ortidan¸ mutaxassislarning bong urishicha¸ Toshkent iqlimining keskin buzilishi kuzatilmoqda.

2021 - yilning 3- 7 kunlari Toshkentda havo haroratining misli ko‘rilmagan 44 darajadan oshib ketishi kuzatildi. Gazeta.uz nashri iyul oyida o‘z Telegram kanalida o‘tkazgan so‘rovda toshkentliklarning 90 foizi poytaxtda yashil hudud va bog‘lar yetishmasligini bildirgan.

Ekologiya qo‘mitasida Ramatov¸ Zokirov¸ Ortiqxo‘jayev va viloyat¸ tuman hokimlariga e’tiroz bildirish¸ ular biznesini to‘xtatish vakolati bormidiki¸ prezident yashil maydonlarning qisqargani uchun ularni ayblasa! Yashil hududlarni buzib¸ o‘z kompaniyalariga uy qurdirayotganlar shularku! Buning javobini nega Ramatovdan ¸ Zokirov yoki Ortiqxo‘jayevdan so‘ramadi? So‘ramaydi¸ chunki majlisda aytilgan gaplar¸ qilingan po‘pisalar yana bir populistik shou. Maqsad¸ sohadagi tizimli muammolarni yechish bo‘lganda edi¸ Ekoqo‘mitani allaqachon mustaqil qilib¸ unga kuchli vakolat va moddiy-texnika bazasi berish kerak edi. Buni qilishmadi¸ qilishmaydi ham”¸ deydi mazkur qo‘mitaning sobiq mutaxassislaridan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Mutaxassislar¸ Shavkat Mirziyoyev va oilasi dam olishi uchun Ohangaron tog‘larining davlat himoyasiga olingan o‘rmonzor hududida qurilgan Shovvozsoy majmuasini¸ ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish uchun mas’ul tizimning naqadar falajligini ko‘rsatadigan yorqin misol sifatida tilga oldi.

Shovvozsoy uchun yuzlab gektar yerdagi daraxtzorlar payhon qilindi. Hududga Qurbonovlar oilasi o‘nlab yillar davomida ekkan minglab noyob daraxtlar kesib tashlandi¸ suvga bostirildi. Tog‘ daryolari to‘silib¸ prezident ko‘ngilxushligi uchun maxfiy ko‘l qurildi. Bularning barchasi ekotizimga tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazdi. Prezident uchun qasr qurganlar Ekologiya qo‘mitasidan bu qirg‘inbarot uchun ruxsat oldimi¸ loaqal ulardan fikr so‘radimi? Eng tepadagi rahbarning o‘zi qo‘mitani bir pulga olmasa¸ Ramatov va Ortiqxo‘jayevlardan nima kutish mumkin?”¸ deydi Toshkent viloyatidagi o‘rmonzorlar uchun sobiq ma’sullardan biri.

Ozodlik suhbatdoshlari¸ "Qizil kitob"ga kiritilgan hayvon va qushlarni O‘zbekistonda ov qilishga ham hukumatning eng tepasidagilarning o‘zi ruxsat bergani bois¸ Ekologiya qo‘mitasi mas’ullarining bu borada ham "qo‘l-oyog‘i bog‘liq" ekanini tilga oldi.

Yirtiq shippakdagi “ekoarmiya” “ekopolitsiya”ga aylantirildi

24 - avgust kungi yig‘ilishda ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar bilan kurash vazifasi Ekologiya qo‘mitasidan olinib¸ Ichki ishlar vazirligiga berildi.

Ekopolitsiyaning asosiy faoliyati qilib ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklar, jumladan, daraxtlarni ruxsatsiz kesish, chiqindilarni nojoiz joyga tashlash, brakonyerlik kabi holatlarga qarshi kurash va aniqlagan huquqbuzarliklardan jarima undirish etib belgilandi. Yil oxirigacha ekopolitsiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevga topshirildi.

Bunday o‘zgarish ham Ozodlikka xavfsizlik bois shaxsi ochiqlanmasligini so‘rab fikr bildirgan mutaxassislar tanqidiga uchramoqda.

Hozirda xodimlarning eng jahlini chiqargan narsa ekopolitsiya shtati¸ uning IIVga berilgani bo‘lib turibdi. Shu shtatni Ekologiyaning o‘ziga bersa¸ ekoinspeksiyaga kuchli vakolat bersa¸ ular ham zo‘r ishlashni bilardi. Avvaliga o‘zi bizni hokimiyatga bog‘lab qo‘ydi¸ hokimlar ekologiyani o‘z nog‘orasiga o‘ynatdi. Endi aybni o‘zi qurgan sistemaga emas¸kunini zo‘rg‘a ko‘rib¸ hokimlarga oyoqosti qilingan ekologlarga to‘nkayapti. Qani o‘zi aytadigan odolat?”¸deydi qo‘mitaning voha viloyatlaridan birida ishlovchi xodimi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi tarkibidagi ekologik inspeksiya tizimi o‘zini ko‘rsata olmaganini e’tirof etayotgan soha mutaxassislari buning uchun ayb “qo‘mitaning quyi tizimidagi “ekoarmiya”da emasligi¸ balki ular faoliyati uchun imkoniyat yaratib bermagan hukumatning o‘zida ekanini ta’kidlamoqda.

Xususan¸ ekologik nazorat tizimini isloh qilish haqidagi takliflar muallifi¸ Telegramdagi Yuristkadr kanali muallifi huquqshunos Saidali Muxtoraliyev ekologiya uchun kurashga tashlangan “armiya”ning naqadar xor va zaif ekanini eslatdi.

Eng kerakli paytda quyi bo‘g‘inlardagi ekoinspektorlar qo‘llab-quvvatlanmadi, ularning moddiy texnik bazasiga umuman e’tibor qaratilmadi, ular tumanlardagi eng kam oylik oluvchi davlat xizmatchilari sifatida qolib ketdi, ular tish-tirnog‘igacha qurollangan brakonyerlarga qarshi faqat “shippaklarda” va yirtik-yamoq formalarda kurash olib bordi. Qonunbuzarlarni ta’qib qilish uchun ularga xatto velosiped ham berilmadi.

Qo‘mita tizimida maxsus tartibli ekoinspeksiya tizimini tashkil etish g‘oyasi tarafdorlaridan biri edim, 2018 - yillarning oxiri va 2019 - yil boshlarida bu tizimni to‘liq tashkil qildik. Biroq, o‘sha vaqtdagi qo‘mita rahbariyatida ekonazorat masalasida qat’iyat degan narsa yetishmadi va tabiiyki, bunday rahbarlarga biz kabi qonunbuzar mansabdor va hokimlarga toqat qilmaydigan va ularga qarshi ochiqchasiga kurashadigan mutaxassislar kerak emas edi”¸ deb yozdi huquqshunos bloger.

“Nomutaxassis”larni haydash boshlandi

24 - avgust kungi majlisda Shavkat Mirziyoyev Ekologiya qo‘mitasi tizimidagi 2 mingdan ortiq xodimning atigi 10 foizi mutaxassis ekanini ta’kidladi va bu sohada mutaxassislar tayyorlashga oid ko‘rsatma berdi.

Unga ko‘ra¸ qo‘mita huzuridagi ilmiy-tadqiqot instituti faoliyati takomillashtiriladi¸ institut zamonaviy texnika va laboratoriya uskunalari bilan jihozlanadi¸ doktoranturaga kvotalar 2 baravar oshiriladi.

Ekologiya tizimi uchun mutaxassislarni ko‘paytirish g‘oyasini qo‘llagan mutaxassislar¸ bu jarayonga yillar kerak bo‘lishi¸ ungacha “qo‘mitaning hozirgi xodimlarini bir kechada bo‘shatish” samara bermasligini ta’kidladi.

«Ekolog bo‘lish uchun kamida 4 yil o‘qish¸ laboratoriya ishidan tortib inspeksion ishlargacha o‘rganish kerak. Selektorda aytilgan gap to‘g‘ri – ekologiya tizimida ishlayotganlarning kamida 70 foizi¸ qo‘mitadagilarning 90 foizi nomutaxassis. Lekin mutaxassislar prezident buyruq berdi¸ deb tug‘ilib qolmaydiku! Bunga yillar kerak. Ungacha tizimda ishlayotganlarga vakolat bersin¸ oyligini oshirsin¸ o‘qitsin”¸ deydi qo‘mita xodimlaridan biri.

Ekologiya qo‘mitasining Ozodlik gaplashgan hududlardagi vakillari¸ prezident tanqididan so‘ng “nomutaxassis” deyilgan xodimlarni ishdan bo‘shatish boshlanganini bildirdi.

Ekologiya tizimida ishlab kelgan o‘qituvchi yoki boshqa sohada o‘qiganlar ishdan haydalmoqda. Shikoyat qilsa¸ sudga ber deydi. Bir xillar ishga tiklanish uchun sudlashayapti¸ boshqalari taqdirga tan berib¸ indamay ketyapti. Tizimda korrupsiya juda kuchli – nomutaxassis deb pachkalab ishdan bo‘shatib¸ o‘rniga pora bergan boshqa nomutaxassisni olyapti”¸ deydi qo‘mitaning viloyat bo‘limlaridan biri xodimi.

Qo‘mitaning boshqa bir xodimi Ekologiya qo‘mitasida ishlab¸ tajriba orttirgan kadrlarni yangi tuziladigan Ekopolitsiyaga jalb qilish kerakligiga ishonadi.

Bo‘shagan xodimlarga ekopolitsiyadan ish berish haqida so‘z yo‘q. Necha yil ekologiyani o‘qib¸ ishlab yurgan xodimning o‘rniga boshqa vazirlikning ekologiyaga aloqasi yo‘q xodimi tayinlansa¸ bu ekologiyani yerga urishmasmi?

Prezident ekologiyani rivojlantirish o‘rniga boshka sohaga burib ketdi. Ekologiyani o‘zida qilsa bo‘lmaydimi shuni? Qancha xodimlar shtatlarini bo‘shatib ishsiz qoldirib politsiyaga ish berib o‘tiribdi. Selektorda oylik haqida og‘iz ham ochmadilar¸ nima degani bu - o‘lsang o‘lib ketaver ekologlar deganimi? Hamma ekologlar yutrboshimizdan xafa bu nima ko‘rgulik bo‘ldi deb. Endi ekologlar politsiyaga oyoqosti bo‘lishi qoluvdi! Oylik haqida gap ham¸ so‘z ham yo‘q - eshakni ishi halol¸ go‘shti harom ekanda! Bizni eshakday ishlatib politsiyani ko‘kka ko‘tarishmi bu?

Ozodlik Ekologiya qo‘mitasidagi tuzilmaviy o‘zgarishlar, xususan¸ qisqartishlarga oid aniq ma’lumot olish maqsadida qo‘mita rahbari qabulxonasi va axborot xizmati bilan bog‘lanishga urindi. Qabulxona kotibasi savollarga qo‘mitaning jamoatchilik bilan ishlash bo‘limi bosh mutaxassisi javob berishini bildirdi. Ammo 27 - avgust kuni axborot xizmati va bosh mutaxassis telefonlariga hech kim javob bermadi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG