O‘zbekistonda energiyaga tariflar oshishi kutilayotgan bir paytda hukumat kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz bo‘yicha kompensatsiya to‘lash rejasini e’lon qildi. Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik yordam berish rejalanmoqda.
1-apreldan energiya tariflari oshirilishi e’lon qilingandi, biroq ochiqlanmagan sabablarga ko‘ra, narxlar oshishi 1-mayga kechiktirildi.
Ayni paytda tariflar oshishi xabari fonida oziq-ovqatlar narxida ham ko‘tarilish sezilmoqda. Jumladan, go‘sht narxi 9,1%gacha qimmatlagan.
Ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘m miqdorida bir martalik yordam berish haqidagi qarorni prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand sammiti arafasida imzoladi.
2-aprel kungi prezident qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi
bir hafta ichida kompensatsiya to‘lovi bo‘yicha ro‘yxatni shakllantirishi lozim.
Joriy yilning noyabrida tarqatilishi rejalangan 1 million so‘mlik yordam qancha oilaga berilishi noma’lum.
Prezident qaroriga ko‘ra, bir martalik bu yordamdan quyidagi shaxslar umid qilishi mumkin:
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga;
- “mahalla yettiligi” xulosasi asosida Reyestrlarga kiritilmagan, biroq yordamga muhtoj oilalarga. Bunda:
- “mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida birinchi navbatda, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, a’zolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat oilalar, nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar, uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar, uch va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz ta’minoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchi oilalar inobatga olinadi;
Shuningdek, kambag‘al oilalarning energetik xarajatlari bazaviy me’yordan oshgan taqdirda o‘rtadagi farq ham kompensatsiya tarzida to‘lab berilishi rejalanmoqda.
Prezident qarorida quyidagi hollarda kompensatsiya berilishi qayd qilingan:
- elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha;
- tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
Prezidentning ushbu qarori yoqilg‘i-energetika resurslari narxlari shakllanishini bosqichma-bosqich bozor tamoyillariga o‘tkazish davrida aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadi bilan izohlangan.
Qaror ijrosi Bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklatilgan. “Xalq banki” 2025-yil yil noyabr oyida bir martalik moddiy yordamni to‘lab berishi lozim.
Prezident qarorida mahalla raislari yordam oluvchi oilalar ro‘yxatini shakllantirish payti shaffoflik va adolatlilikni ta’minlashi lozimligi ta’kidlangan. Biroq aynan mahalla oqsoqollari yordam pullari masalasida tanish-bilishchilik va korrupsiyaga yo‘l qo‘yishi tanqid qilib kelinadi.
Kambag‘allarga bir martalik yordam puli berish qarori energetik ta’riflar oshirilishi arafasida e’lon qilindi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, yangi tariflar quyidagicha: 200 kVt/soatgacha – 600 so‘m, 201–1000 kVt/soatgacha – 1000 so‘m bo‘ladi. Bu taqriban 11 foizga oshish degani.
Dastlab 1-apreldan elektr va gaz tariflari oshirilishi e’lon qilindi. Keyinchalik bu 1-mayga kechiktirildi.
Energetik tariflar oshirilishining 1 oyga kechiktirilishi sababi rasman e’lon qilinmadi. Kimdir buni hayitga bog‘ladi, kimdir Samarqand sammitini sabab qilib keltirdi.
Mamlakatda energetik bo‘hron davom etarkan, mahalliy matbuot energetikaga oid rasmiy xabarlar bilan cheklanayotgani kuzatiladi. Bloger va faollar ham bu mavzuni chetlab o‘tmoqda.
Demokrat.uz nashri rahbari Fazliddin Mehmonov buni energetika
mavzusini yoritishda kuchishlatar tizimlari tomonidan o‘rnatilgan norasmiy cheklov bilan bog‘ladi:
"Elektr mavzusida gapirish cheklangan. Ma’lumki, limit joriy qilingan. Shu limit haqidagi materiallarni olib chiqish bo‘yicha cheklovlar bor. Bu cheklovlar O‘zbekiston mediasida sezildi. Qaysi mavzularga cheklov borligini kuzatgan odamga bilinadi. Ba’zi mavzular shunchaki yo‘q bo‘lib qoladi".
Aholi energiya tariflari oshishiga hozirlanayotgan bir paytda narx-navo oshishi ham kuzatilmoqda.
Statistik qo‘mita hisobotiga ko‘ra, mart oyida oziq-ovqatlar 1,5%ga, nooziq-ovqatlar 0,2%ga, xizmatlar 0,7%ga qimmatlagan.
Jumladan,
- Sabzi 15,7%
- Qo‘y go‘shti 9,1%
- Mol go‘shti 8,8%
- Pomidor 4,3%
- Piyoz 1,9%
- Sariyog‘ 1,1%
- Sut 0,9% (qimmatlagan)
Odatda go‘sht narxi oshishi o‘zbek bozorlaridagi boshqa oziq-ovqatlar narxiga ham ta’sir qiladi.
Hozirda dunyo bo‘ylab bir kilo mol go‘shtining o‘rtacha narxi qaryib 6 dollarni tashkil qiladi.
Toshkent bozorlarida esa lahm go‘shtning narxi 11 dollargacha sotilmoqda.
O‘zbekistonliklar energetik cheklovlar muntazam kuzatilgan qishdan bir amallab chiqib olishdi. Isitish mavsumi 18-mart kuni yakuniga yetdi. Biroq joriy yilda issiqlik tariflari 30 foizga oshirilishi e’lon qilindi. Rejaga ko‘ra, issiqlik tariflarining oshirilishi 15 foizdan ikki marta amalga oshiriladi.