Линклар

Шошилинч хабар
29 декабр 2024, Тошкент вақти: 06:17

Mirziyoyev Konstitutsiyada taqiqlangan yagona mafkurani yaratish uchun byudjetdan 120 mlrd ajratdi


Prezident Mirziyoyevga ko‘ra, davlat mafkurasi tanqidchilari "milliy g‘oya mazmunini anglab yetmagan"
Prezident Mirziyoyevga ko‘ra, davlat mafkurasi tanqidchilari "milliy g‘oya mazmunini anglab yetmagan"

22 - yanvar kuni Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi davlat mafkurasini yaratish tashabbusiga tanqidiy munosabat bildirdi.

19 - yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha Toshkentda o‘tkazilgan selektor yig‘ilishida prezident yangi mafkurani davlat byudjetidan moliyalash haqida ham topshiriq bergan.

Mirziyoyevga ko‘ra¸“Yangi O‘zbekistonning mafkurasi – ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi va bu g‘oyani ishlab chiqib hayotga tadbiq etish uchun davlat mablag‘i ayalmaydi.

Mafkura uchun 120 milliard

Prezident matbuot xizmati tarqatgan habarga ko‘ra¸ “Yangi O‘zbekiston mafkurasini ishlab chiqish uchun tuzilajak yangi tashkilotga mablag‘ ajratilgan”.

“Milliy g‘oya targ‘iboti uchun «Ijod» jamoat fondi negizida Ma’naviyat va ijodni qo‘llab-quvvatlash fondi tashkil etiladi. Bu jamg‘armaga 120 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘ning 90 milliard so‘mi hududlarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarni rivojlantirishga, 20 milliard so‘mi Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga, 10 milliard so‘mi mamlakat miqyosida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni samarali tashkil qilishga yo‘naltiriladi”, deyiladi xabarnomada.

Yagona mafkurani asosan yoshlar miyasida shakllantirish rejalandi
Yagona mafkurani asosan yoshlar miyasida shakllantirish rejalandi

O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev “davlat mafkurasi yaratish” masalasini keyingi ikki yilda uch marta kun tartibiga qo‘ydi.

2019 - yilning 8 - aprel kuni Mirziyoyev “O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy g‘oyani rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyish hamda o‘sha yilning 3 - may kuni “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekkan edi.

Konstitutsiya izn bermaydi

O‘zbekiston Konstitutsiyasida taqiqlangan davlat mafkurasi byudjet puliga joriy qilinayotganiga Ozodlik suhbatlashgan ekspertlar tanqidiy munosabat bildirdi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 12-moddasi “ Respublikada ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishini kafolatlaydi va “hech qaysi mafkura davlat mafkurasi sifatida o‘rnatilishi mumkin emas”ligini urg‘ulaydi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasi
O‘zbekiston Konstitutsiyasi

Konstitutsiyada nazarda tutilmagan yagona mafkurani tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Sovet g‘oyasi emas?

O‘zbekiston prezidenti Konstitutsiyada “mumkin emasligi” aytilgan mafkura tanqidchilariga qarata yig‘ilish davomida mana bu gaplarni aytdi:

“Afsuski, hali oramizda milliy g‘oyaning, ma’naviyatning mohiyatini to‘liq anglab yetmaganlar, ma’naviyat kerakmi-yo‘qmi deb yurganlar ham yo‘q emas. Milliy g‘oya deganda eski sovet mafkurasini tasavvur qilib, labiga uchuq toshayotganlar ham yo‘q emas. Bu ham haqiqat.

Lekin agar mafkura odamiy bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini, uning qadr-qimmatini ulug‘lashga xizmat qilsa, nima uchun undan qo‘rqishimiz kerak? Hamma harakatlarimizning asosi – xalqimizni rozi qilish. Shu munosabat bilan ta’kidlab aytmoqchiman, biz yaratilayotgan Yangi O‘zbekistonning mafkurasi – ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘ladi. Biz mafkura deganda avvalo fikr tarbiyasini, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasini tushunamiz. Albatta, bu yuksak g‘oyalar osmondan tushmagan. Ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan”.

Mirziyoyevga ko‘ra mafkura bugun paydo bo‘lmagan
Mirziyoyevga ko‘ra mafkura bugun paydo bo‘lmagan

Yagona davlat mafkurasi yaratish ishlariga bag‘ishlangan majlisda Toshkent shahridagi «G‘alaba bog‘i» majmuasi “xalq va ayniqsa, yoshlar uchun harbiy tarix va ajdodlar qahramonligini o‘rganish bo‘yicha ilmiy markazga aylantirilishi” bildirildi. O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimov davrida “xotira va eslash kuni” deb nishonalanadigan 9 - may kuni Mirziyoyev davrida “Ulug‘ vatan urushida erishilgan g‘alaba” deya Rossiya targ‘iboti ko‘rinishini kasb qildi. Katta byudjet mablag‘lari sarflanib barpo qilingan “G‘alaba” bog‘i Ozodlik suhbatlashgan san’atshunos Turdiyev nazarida “Stalinizm va sovetparastlikning timsoliga aylangan”.

O‘zbekistonda bir vaqtlar sovet mafkurasi bo‘lgan
O‘zbekistonda bir vaqtlar sovet mafkurasi bo‘lgan

Germaniyada istiqomat qiladigan siyosiy tahlilchi¸ siyosatshunoslik fanlari doktori Xurshid Habibning Ozodlikka aytishicha¸ yagona davlat mafkurasi totalitar, avtokratik davlatlarga xos narsadir:

"Lekin O‘zbekistonda yagona mafkura deb atalayotgan narsa milliy qadriyatlar yig‘indisi, o‘ziga xos "odoblar xazinasi". Buni davlat qanday qilib targ‘ib qilmoqchi, bundan qanday foydalanmoqchi? Bu men uchun birinchi jumboq. Agar buni yagona mafkura sifatida qonunlashtirib, unga byudjetdan pul olinsa, bu albatta noqonuniy xarakat".

Mustaqil tahlilchi Alisher Ilhomov
Mustaqil tahlilchi Alisher Ilhomov

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov ta’kidicha, “O‘zbekistonda jamiyatni bir qolipga soladigan mafkura yo‘q”.

“Gap jamiyatni birlashtiradigan va ilhom beradigan milliy g‘oya haqida bormoqda. Bir qarashda, yaxshi ko‘ringan bu g‘oyaning kamida ikki muammosi bor. Birinchidan, bu g‘oya samarali boshqaruv yo‘qligi deb atalgan avrat ochiqligin yopuvchi anjir bargi bo‘lishi kerak. Menimcha good governance deb ataladigan samarali boshqaruv har qanday mafkuradan a’lo. Masalan, Gollandiyada hech qanday mafkura yo‘q. Ammo Gollandiya gullab-yashnamoqda. Ikkinchidan davlat mafkurasi joriy qilinishi bizga SSSR davridagi mafkura bo‘yinturug‘ini esga soladi. Yana bir muammo esa, mafkura deyishga arzirli g‘oyaning yo‘qligi. Mirziyoyev aytgan odamiylik, ezgulik, odob va ahloq, bu- g‘oya emas. Sistematik doktrinaga ega va puxta o‘ylangan g‘oyaga mafkura deyiladi. Qadriytlardan muammoni yopadigan tom kabi qo‘llanib bo‘lmaydi”.

O‘zbekistonlik rassom No‘’monjon Xolmirzayev jamiyat taraqqiyoti uchun yagona mafkuraviy tushovning xavfli ekanligini aytadi:

“Men rangtasvirchi rassomman. Bir manzara yaratish uchun turli ranglardan foydalanaman. Faqat bir turli gul bilan gulzor bo‘lmaydi. Tabiatga qarasangiz ham turlilik va turfalikni ko‘rasiz. Konstitutsiyada kafolatlangan mafkuralar va fikrlar xilma-xilligi ham tabiatdan ilhomlanib yozilgan. Shimoliy Koreyadagi kabi hamma bir xil kulib, bir xil yig‘laydigan jamiyatda yashashni istamas edim. Mafkuradan xoli turfa g‘oyalar musobaqasidan iborat jamiyatni yaxshi, deb bilaman. Men tanigan o‘qituvchilar xali ham Karimovning rasmiga sig‘inishadi, bolalarga targ‘ib qilishadi. Shogirdi ham xalqning ongini zaharlab, gipnoz qilmoqchi o‘zining yagona mafkurasi bilan”.

O‘zbekiston siyosati xanuz Karimov soyasida qolmoqda
O‘zbekiston siyosati xanuz Karimov soyasida qolmoqda

O‘zbekiston mustaqil bo‘lganidan keyin Konstitutsiyaga “mafkuradan xoli” bo‘lish konsepsiyasi yozilgan bo‘lsa ham yagona mafkura yaratishga turli urinishlar bo‘ldi.

O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning “Ma’naviyat - yengilmas kuch” kitobi xuddi Turkmanistondagi “Ruhnoma” kabi “ ma’naviyatni asrash va yuksaltirish, yosh avlodning qalbi va ongini turli zararli g‘oya va mafkuralar ta’siridan saqlash va himoya qilish” iddaosini ilgari surgan edi.

Ammo tahlilchilar davlatning bu kabi mafkura yaratish urinishlari mamlakat aholisining real muammolari, orzu va intilishlaridan uzoq, taraqqiyotga asos bo‘ladigan ijtimoiy hamda iqtisodiy tamoyillardan uzilib qolganiga e’tibor qaratishadi.

XS
SM
MD
LG