Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi farmoni bilan Mustaqillikning 33 yilligi arafasida O‘zbekistonda 522 nafar shaxs afv etildi.
O‘zA xabariga ko‘ra, afv etilgan shaxslarning 159 nafari asosiy jazodan ozod etilgan, 303 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan, 60 nafarining esa ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtirilgan.
“Afv etilganlarning 19 nafarini chet el fuqarolari, 56 nafarini ayol, 25 nafarini 60 yoshdan oshgan erkak, 233 nafarini yoshlar (shulardan, 1 nafari voyaga yetmagan) hamda 27 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi”, deyilgan agentlik xabarida.
O‘zbekistonda keng ko‘lamli afvning so‘nggisi joriy yilning aprel oyida Ramazon hayiti munosabati bilan e’lon qilingan edi. O‘shanda 426 nafar shaxs afv etilgan.