O‘zbekistonda uy-joy qurib berishni va’da qilgan quruvchi va bunga pul tikkan fuqarolar o‘rtasida nizolar ko‘payib bormoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 23-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan qurilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilgan.
Mirziyoyev noinsof quruvchilarga aldanib, odamlar ham uysiz, ham pulsiz qolayotganini tanqid qilgan.
Bu kabi holatlarning oldini olish uchun esa uy-joy sotib olishning yangi mexanizmi – eskrou hisobini joriy etish taklif etilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, developerlar qurilayotgan uy sotuvini tashkil qilish bo‘yicha banklar bilan shartnoma tuzadi. Uy olishga talabgorlar pulni quruvchiga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri bankka topshiradi. Banklar esa yig‘ilgan pulni quruvchiga resurs sifatida beradi.
Shu tariqa banklar uy-joy o‘z vaqtida, sifatli qurilishi va egasiga topshirilishida kafil bo‘lishi maqsad qilingan.
Eskrou tizimi Samarqand shahri, Toshkentning Yangihayot va Sergeli tumanlarida bir yil davomida tajribadan o‘tkazilishi belgilangan.
O‘zbekistonda uy-joy qurish keskin ko‘paygan sharoitda quruvchi va iste’molchilar o‘rtasida nizolar ham ortgan. OAV va ijtimoiy tarmoqlarda developerlar firibi qurboni bo‘lgan vatandoshlarning shikoyatlarini bot-bot ko‘rish mumkin.