Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:58

Mirziyoyev nomzodi uchun "keragidan ortiq" imzo. Faollar va talabalar saylovoldi tadbirlaridan norozi


O’zLiDeP Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Halimjon Rahmonov (chapdan birinchi)
O’zLiDeP Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Halimjon Rahmonov (chapdan birinchi)

O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasining Farg‘ona viloyat faollari prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun imzo yig‘ishda ortiqcha talab qo‘yilayotganidan shikoyat qilmoqda.

Faollarning iddao qilishicha, partiyaning viloyat bo‘limi raisi o‘rinbosari Halimjon Rahmonov turli bahonalar bilan o‘ttiz kishining imzosi yig‘ilgan ro‘yxatdan arzimagan xatolar topib, qaytadan imzolatib kelishga va keragidan ko‘p imzo yig‘ishga majburlamoqda.

Iqtidordagi partiya tadbirlarida qatnashgan talabalar esa, ularni har kuni och qoldirib, bayroq ko‘tarib turishga majburlashganini iddao qilmoqda.

O’zLiDeP Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Halimjon Rahmonov imzo yig‘ishda kamchiliklar borligini tan olar ekan, talablarning tadbirlarda och qoldirilganini inkor qildi.

O’zLiDeP Farg‘ona viloyati bo‘limi faollaridan Ozodlikka yuborilgan shikoyatda rais o‘rinbosari Halimjon Rahmonov imzo yig‘uvchilarni “qiynab tashlagani” haqida so‘z boradi:

“Rais o‘rinbosarimiz prezidentlikka nomzodni qo‘llab-quvvatlash uchun yig‘ilayotgan imzolarni to‘plashda imzo yig‘uvchilarni qiynab tashladi. Imzo blankasini to‘ldirishda bir xil ruchkadan foydalanish, shaxsiy ma’lumotlarni o‘zi shaxsan to‘ldirishi kabi talablari bilan to‘ldirilgan blankalarni ortga qaytaryapti. Misol uchun, biron bir oilada bir kishi uchun bir odam to‘ldirib bergan bo‘lsa yoki qora rangdagi ruchka ishlatilgan bo‘lsa, 30 nafar odam imzo qo‘ygan blanka yo‘qqa chiqyapti. Boshqa odam to‘ldirgani bilan imzoni o‘zi qo‘yyapti-ku?" Imzo to‘plash azobga aylandi”.

Ismi sir qolishini so‘ragan partiyaning boshqa bir faoli ham ortiqcha talablardan imzo yig‘uvchilar qiynalayotganini aytadi:

“O’zLiDeP Farg‘ona viloyati bo‘limi 30 mingta imzo yig‘ib berishi kerak. Shuncha imzo yig‘ilib bo‘lindi. Lekin rais o‘rinbosarimiz o‘zini Toshkentga yaxshi ko‘rsatish uchun yana mingta imzo yig‘ishni buyurgan. Avvalgi yig‘ilgan imzolardan ham xato topib, qaytadan imzo yig‘ib kelishni buyurmoqda. Misol, bitta o‘ttiz kishilik ro‘yxatda 29tasini to‘g‘ri to‘ldirib keldingiz-da, o‘ttizinchisi yozayotganda nimanidir xato qilib qo‘ydi. Masalan, otasining ismi yozilmay qolgan. Shu bitta xato uchun yana uyma-uy, tashkilotma-tashkilot yurib, o‘sha 29 kishiga qaytadan yozdirib, imzo qo‘ydirib kelish kerak. Bu juda ortiqcha ish bo‘lyapti bizga”.

Partiyaning ommaviy targ‘ibot tadbirlarida qatnashgan Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining Farg‘ona viloyat filiali talabasining iddao qilishicha, bayroq ko‘tarishga jalb qilingan yigirmadan ortiq talaba tadbirlarda och qolgan:

“Viloyatdagi Qo‘qon shahri va yana to‘qqizta tumandagi tadbirlarda bayroq ko‘taruvchi bo‘lib qatnashdik. Lekin har kuni kechqurun Farg‘onadan avtobusda uzoq rayonlarga olib borishadi, besh-olti soat yuramiz, qorinlar och qoladi, lekin hech kim bir narsa olib bermadi. Och borib, och qaytdik. Biz partiya a’zosi emasmiz-ku, lekin partiyaning targ‘ibot ishlarida qatnashishga majbur qilindik”.

O’zLiDeP Farg‘ona viloyati Kengashi raisi o‘rinbosari Halimjon Rahmonov Ozodlik bilan suhbatda imzo yig‘ishda kamchiliklar borligini tan olar ekan, talabalarning tadbirlarda och qoldirilganini inkor qildi:

“Imzo yig‘ish talabi qanday bo‘lgan bo‘lsa, o‘shanday tartibda tashkillashtirdik. Bir xil rangdagi ruchkada yozilishi, bir xil talab va me’yorlar bo‘lishini, balki qayta ko‘rib chiqish kerakdir, tanqiddan ham to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Albatta yana bir ko‘rib chiqish kerak, buni rahbariyatga yetkazamiz. Tadbirlarimizda qatnashgan talabalarning och qolgani esa noto‘g‘ri xabar. Shaxsan o‘zim talabalarni ovqatlantirib, qaraganman. Bunday xabar ijtimoiy tarmoqlarda ham chiqqan edi. Talabalarning o‘zlari kelib, Halimjon aka biz ham e’tiroz bildirib, video qilaylik deganida, mayli qo‘yaveringlar degan edim. Talabalarni biror marta ham och qoldirgan emasmiz”.

O‘zbekistonda kutilganidek, iqtidordagi Liberal-demokratik partiya mamlakatning amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev nomzodini yana bir muddatga prezidentlikka ilgari surdi.

Bu haqdagi qaror partiya Siyosiy kengashining 7 - avgust kungi majlisida qabul qilindi.

Мирзиёев партияси вирус тарқатувчи оммавий тадбирларни ўтказмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:24 0:00

31 - avgust kuni Mustaqillikning 30 yilligiga bag‘ishlab ochilgan "Yangi O‘zbekiston" bog‘idagi rasmiy tantanada qilgan nutqida Mirziyoyev "Bo‘lg‘usi Prezident saylovi yuksak demokratik mezonlar asosida o‘tishi"ni aytdi.

Unga ko‘ra, saylovlar "yangi O‘zbekiston xalqining o‘sib borayotgan siyosiy tafakkurini, ijtimoiy faolligi va madaniy saviyasini yaqqol namoyon etadi".

Ammo saylovlar o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi haqiqiy siyosiy raqobatsiz o‘tishi kutilmoqda. Hukumat muxolifat faollarining mustaqil siyosiy partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish va saylovda qatnashish harakatlariga to‘sqinlik qilgan. Faollar saylov arafasida o‘zlariga nisbatan bosimlarning kuchayganini aytishmoqda.

XS
SM
MD
LG