Линклар

Шошилинч хабар
29 декабр 2024, Тошкент вақти: 07:44

Mirziyoyevning “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi fermerlar noroziligiga uchradi


O‘zbekistonda ekin yerlarining 10 foizini ishsiz yoshlarga ajratib berish haqidagi prezident qarori fermerlar noroziligiga uchramoqda.

Joylarda hokimlar “Har bir yoshga bir gektar” dasturini amalga oshirish uchun kuchishlatar tizimlar bosimlarini qo‘llab, fermerlarni ishsiz yoshlarga bir gektardan yer ajratishga majburlayotgani haqida Ozodlikka xabarlar kelmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan ayrim fermerlar ishsizlarga o‘z hisobidan yer berish zarariga bo‘layotganini aytishadi.

“Yer solig‘i bizni bo‘ynimizda qolyapti. Yerni har bir qarichini hisoblab ish qilamiz. Hozir hokimiyatdan kelib har o‘n gektar yerni bir gektarini yoshlarga berasan, deyapti. Foydasi uniki, bir tiyin to‘lamaydi, harajati bizni hisobdan. Kimga yoqadi bu”, - deydi Samarqandning Qo‘shrabot tumanidan bo‘lgan fermer.

Ismi ochiqlanishini istamagan Namanganning Uychi tumanidan bo‘lgan fermer esa kuchishlatar tizimlari bosimi ostida ishsiz yoshlarga yer ajratishga majburlanganini aytadi.

“Hokimlikdan, prokuraturasidan kelib majlis o‘tkazishdi. Tumanda uch yuzdan ziyod ishsiz bor, shularga bir gektardan yer berish kerak deyishdi. Majbur bo‘ldik, davlatni topshirig‘i, ko‘nmasak umuman yerimizni olib qo‘yishi mumkin ”, - deydi fermer.

Ammo hokimlik rasmiylari ishsiz yoshlarga yer ajratish fermerlarni majburlash evaziga bo‘layotganini rad etdi.

“Hech qanaqa majburlash bo‘layotgani yo‘q”

Namangan viloyati hokimligining qishloq xo‘jaligi masalalariga mas’ul rasmiysi yoshlarga yerlar hududlar imkoniyatidan kelib chiqib ajratilayotganini aytdi.

“Hech qanaqa majburlash bo‘layotgani yo‘q. Har bir xo‘jalikni, hududni imkoniyatidan kelib chiqib ajratilyapti. Shu ishsiz yoshlar kelib yerda ishlasa ularga ham foyda, qaytanga rahmat aytishyapti”, - dedi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mulozim Ozodlik bilan 5 - mart kuni bo‘lgan suhbatda.

Samarqandning Qo‘shrabot tumanida esa ishsiz yoshlarga ajratilgan yerlarning qaytarib olingani norozilikka sabab bo‘lmoqda.

Mahalliy aholi vakillaridan birining Ozodlikka aytishicha, tumanning Qiyim mahallasida 24 - fevral kuni tuman hokimligi zahirasidagi 22 gektar yer ishsiz yoshlarga ajratilgan edi.

Bir hafta o‘tib, hokimlik yerlarni qaytarib olgan.

Шунча одам ишсизми? Хоразмда "Артел"га ишга кириш учун минглаб одам тўпланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:57 0:00

“Hali ish boshlanmay turib, yerni qaytarib olishdi. Bular ob-havo yomon bo‘lishiga qaramay, ishsizlarga yer ajratgandi 40 sotixdan. Gazetalarga chiqarishdi, shuncha yer berdik, deb. Bir hafta o‘tib qaytarib olishdi. Axir, bu prezidentimiz siyosatiga qarshiku”, - deydi ismi ochiqlanmasligini istagan samarqandlik yigit.

Yerlar nega berildiyu nega olib qo‘yildi? Ozodlik bu borada hozircha Qo‘shrabot tumani hokimligidan izoh ollgani yo‘q.

“Bizga ziyon endi, lekin dehqonchilik”

Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanidagi “Sobitxon ota” fermer xo‘jaligi rahbari Elyorbek Hakimov ham to‘rtta ishsizga o‘z xo‘jaligidan yer ajratganini aytadi.

“Bermaslikning iloji yo‘q. Mahalladoshlarimiz ishsiz yuribdi. Bizga ziyon endi, lekin dehqonchilik Xudo rizqimizni beraveradi. Hozir ko‘ryapsizku, yoshlarga biror joyga, Rossiya yoki Qozog‘istonga chiqish imkoni bo‘lmay qoldi. Kartoshka eksa ham daromad qilsa bo‘ladi. Agar shu bilan ish bilan ta’minlansa, yaxshi bu. Mana, biz ham yer berdik, makka ekyapti, kartoshka ekyapti. O‘zlari qarab o‘zlari ekyapti. Foydasi o‘zlariga. Dorisini ham o‘zlari oladi, o‘zlari qaraydi. Mehnat qiladigan odam bo‘lsa o‘rtacha ikki marta hosil olsa bo‘ladi. Bir mavsumda o‘rtacha 5 milllion so‘m foyda ko‘rsa bo‘ladi”, - deydi andijonlik fermer.

Hukumatning joriy yil yanvarida o‘tgan yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi uchun yer ajratish orqali yoshlar orasidagi ishsizlik muammosini echishni taklif qilgan edi.

Prezident Bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevga yoshlarni qishloq xo‘jaligiga jalb qilish, har 10 gektar ekiladigan yerning 1 gektarini yoshlarga ajratish haqida topshiriq berdi.

“Har bir fermer 2 gektardan yerini yarim gektardan qilib, 4 nafar yoshlarga bo‘lib bersin. Ular bu yerga istagan ekinini eksin, hech kim aralashmaydi”, — degan edi prezident.

“Yer berish orqali yoshlar bandligiga erishish mumkin, lekin…”

Mirziyoyev o‘z chiqishida o‘tgan yili fermerlik uchun yer olish bo‘yicha murojaat qilgan 14 ming yoshdan atigi 3000 nafariga yer uchastkasi berilganini ham aytib o‘tgandi.

O‘zbekiston Moliya vazirligining sobiq mulozimi, ayni damda Qozog‘istondagi Yevrosiyo universiteti dotsenti Saparbay Jubayev ishsizlarga yer berish orqali yoshlar bandligiga erishish mumkinligini aytadi.

“Buni oldindan qilish kerak edi. Qozog‘istonda, masalan shimoliy hududlarga ko‘chib boraman, degan yoshlarga yer, mol, texnika, ish berishyapti. Bunga qo‘shimcha rag‘bat pullari ham berishyapti. Ammo fermer xo‘jaliklari ziyoniga bo‘lmasligi kerak bu. Masalan, Xitoyda 60-yillarda hamma metall ishlab chiqara boshlagan, Mao Szedunning ish bilan taminlash tashabbusi edi bu, oqibatda bu metallurgiyani barbod qilgan”, - deydi Jubayev.

O‘zbekistonning 35 millionli aholisidan 20 million kishi mehnatga layoqatli yoshda. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ishga layoqatli o‘zbekistonliklarning 5-6 millioni xorijiy davlatlarda doimiy yoki mavsumiy mehnat bilan band. O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining o‘tgan yil oktabr oyida e’lon qilgan so‘nggi hisobotida esa mamlakatda ishsizlik darajasi 13 foizni tashkil etgani aytiladi.

Avvalroq "Har bir tadbirkor-yoshlarga madadkor" dasturi doirasida xususiy shirkatlar ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlashga majburlanayotgani haqida Ozodlik xabar bergan edi.

XS
SM
MD
LG