Rossiya O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning pandemiya tufayli qoldirilgan tashrifiga hozirlik ko‘rmoqda. Avvalroq tashrif doirasida yirik infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha bir qator shartnomalar imzolanishi ma’lum qilingandi. Jumladan, Jizzax viloyatida Markaziy Osiyoda birinchi AES qurilishini boshlash to‘g‘risida bitim imzolanishi rejalashtirilgan.
Ammo atom elektr stansiyasini qurish uchun Tuzkon ko‘li yaqinidagi hududda maydoncha tanlab olinganiga ikki yil bo‘lganiga qaramasdan, qurilish ishlari turli sabablarga ko‘ra keyinga surilmoqda.
Rossiya Mirziyoyev tashrifiga katta umid bog‘lamoqda
Pandemiya tufayli qoldirilgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga tashrifi qachon amalga oshishi noma’lum. Har ikki tomon tashrif epidemiologik vaziyat imkon bergan zahotiyoq amalga oshirilishini aytmoqda.
Avvalroq Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov prezident Mirziyoyev Rossiyaga O‘zbekistonda 24 - oktabrda o‘tishi belgilangan prezident saylovlaridan keyin borishi mumkinligiga ishora qilgandi.
"Yangi bilim" ma’rifiy marafonida so‘zga chiqqan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekiston rahbarining tashrifi “katta yutuq bo‘lishi” haqida gapirdi.
Afsuski, biz o‘tgan yili O‘zbekiston prezidentining rejalashtirilgan davlat tashrifini o‘tkaza olmadik, bu haqiqatan ham katta yutuq bo‘ladi, deb o‘ylayman, chunki tashrif misli ko‘rilmagan darajada mazmunli bo‘ladi. Epidemiologik vaziyat imkon bergan zahotiyoq bu tashrif amalga oshiriladi, - dedi vazir Lavrov.
Lavrov Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari darajasida "tom ma’noda kundalik aloqalar" mavjudligi va o‘zi shaxsan mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan yaxshi aloqada ekanligini ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyevning 2020 - yil bahoriga rejalashtirilgan Moskvaga rasmiy tashrifi koronavirus pandemiyasi tufayli noma’lum muddatga qoldirilgan edi.
Ushbu tashrif doirasida yirik infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish bo‘yicha bir qator shartnomalarni imzolash rejalashtirilgan. Jumladan, respublikaning Jizzax viloyatida Markaziy Osiyoda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishini boshlash to‘g‘risida bitim imzolanishi rejalashtirilgandi.
2018 - yilda tuzilgan hukumatlararo bitimga muvofiq, "Rosatom" davlat korporatsiyasi VVER-1200 reaktorli "uch plyus" avlodining ikkita energiya bloki majmuasini qurishi kutilmoqda.
Tashrif davomida shuningdek, Moskvadagi VDNX ko‘rgazmalar kompleksida "O‘zbekiston" pavilyonini rasman ochish rejalashtirilgan, bu esa respublikaning Rossiya Federatsiyasining ushbu yirik ko‘rgazmasiga qaytarilishini anglatadi.
5 - avgust kuni jurnalistlar oldida chiqish qilgan Sergey Lavrov O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi yaqin kelajakda 10 mlrd AQSh dollariga yetishiga ishonch bildirdi. Unga ko‘ra, o‘tgan 2020 - yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 5,9 mlrd dollarni tashkil etgan.
Lavrov shuningdek, rus sarmoyalarining O‘zbekistonga kiritilgan hajmi joriy yilda 10 mlrd dollarga yetganini bildirdi.
Vazir iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya samarali ishlayotgani, 2024 - yilga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik dasturi amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Chuningdek, u Rossiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan sarmoyalari hajmi 10 milliard dollarni tashkil etgani, shuningdek, Lavrov 2020 - yilda Rossiya Federatsiyasida 2 milliondan ortiq o‘zbekistonlik ishlagani, ular o‘z vataniga 4, 3 milliard dollardan ko‘proq pul yuborganini ta’kidladi.
O‘zbekiston bilan savdo hajmini oshirayotgan Rossiya Toshkentning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) va Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga (KXShT) a’zo bo‘lishiga umid qilmoqda.
Shu o‘rinda, Kreml O‘zbekistonda atom elektr stansiyasini qurish loyihasini faol ilgari surayotir.
“Rosatom” O‘zbekiston hukumatiga har biri 1,2 GVt quvvatga ega bo‘lgan ikki blokli atom elektr stansiyasi (AES) qurib berish loyihasini taklif etdi.
Mutaxassis: AES qurilishi murakkab va qimmat jarayon
Ammo aftidan, “Rosatom” va O‘zbekiston o‘rtasidagi muzokaralar oson kechmayotgan ko‘rinadi.
“Rosatom” bosh direktori Aleksey Lixachyov narxni belgilab olish zarurati paydo bo‘lgani ortidan muzokaralar murakkablashib borayotganiga e’tibor qaratgan edi.
2019 - yilning 3 - sentabrida Toshkentga kelgan Lixachyov atom elektr stansiyasini qurish ishlari 2020 - yilning boshidan boshlanishi haqida e’lon qilgan edi. Biroq TASS xabarida qurilish ishlarini 2022 - yildan boshlash rejalashtirilayotgani aytildi.
Rossiya siyosiy tadqiqotlar institutining Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchi tahlilchisi, siyosatshunos Ajdar Kurtov atom elektr stansiyasini qurishda zamonaviy jamiyatlarda qator to‘siqlar yuzaga kelishi tabiiy holat ekaniga e’tibor qaratdi.
U O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida bu sohadagi munosabatlar katta davlat siri bo‘lib qolishiga ishonsa-da, qurilish muddatlarining surilishini quyidagicha izohladi:
AES qurilishi muddatlari surilishi bir nechta sababga borib taqalishi mumkin. Birinchidan, atom energetikasi bozorida kuchayib borayotgan raqobat manzarasida Rossiya unga dosh bera olmayotgani ko‘zga tashlanib qoldi. “Rosatom”ning bir nechta mamlakatlardagi loyihalari - Bolgariyadagi “Belene”da, Belarusdagi qurilmay qolgan AESlarini bunga misol keltirish mumkin. Bolgariyadagiga - Yevroittifoq, Belarusdagiga – Litva qarshi chiqqan. Litva o‘z o‘rnida Ignalin atom stansiyasini yopib tashlagandi. Rossiyaning Hindiston, Turkiya va Eronda atom elektr stansiyalarini qurish rejalari ham katta qarshiliklarga uchradi. Bu holatda O‘zbekistonga ham tashqaridan bosim bo‘layotganini taxmin qilish mumkin. Va bu bosim nafaqat “yashil energiya”ni targ‘ib qilayotgan G‘arb, balki Xitoy tomonidan ham bo‘lishi mumkin, deydi siyosatshunos.
Ajdar Kurtov zamonaviy dunyoda elektr energiyasiga ega bo‘lmagan davlatlar iqtisodiy jihatdan qoloq bo‘lib qolaverishi formulasi mavjudligini bildirdi.
U Fukusima va Chernobil atom energiyasiga bo‘lgan ishonchni keskin so‘ndirdi, deb hisoblaydi:
Ikkinchidan, Fukusimadagi falokatdan keyin jahon mamlakatlari atom elektr stansiyalari xavfsizligi ustida bosh qotirib qoldi. Yevropa umuman atom generatsiyasidan voz kechdi, Rossiya kabi davlatlar soha xavfsizligini kuchaytirganini e’lon qildi. Agarda Rossiya bu AESlarning xavfsizligiga Hindiston kabi yirik davlatlarni ishontira olmaganida, bu loyihalar to‘xtab qolardi. O‘zbek hukumatining o‘zida ham atom loyihasiga qarshi amaldorlar mavjudligi turgan gap. Atom energiyasi bor joyda qo‘rquv doimo bo‘ladi! O‘zbekistonda bu loyiha sustlashib qolganiga iqtisodiy o‘sish ham sabab bo‘lishi mumkin: pandemiya ishlab chiqarishni keskin sekinlashtirdi, hukumatlar arzonroq bo‘lgan sohalarga mablag‘ ajratishga majbur. O‘zbek tarafining xavotirlarini mintaqaning seysmik jihatdan barqaror emasligi oshirmoqda. Aytilganlarni hisobga olgan holda, kimdir o‘ziga bunday og‘ir javobgarlikni olishni istamayotgan bo‘lishi ham mumkin. Har holda, AES qurilishi shunday murakkab va qimmatbaho jarayonki, uning amalga oshishi juda ko‘plab faktorlarga bog‘lanib qolgan, - dedi Ajdar Qurtov.
Ayni paytda Rossiyaning «Atomstroyeksport» shirkati O‘zbekistonda AES qurilishi bo‘yicha muhandislik-qidiruv ishlarining ikkinchi bosqichini olib borayotganini e’lon qilgan.
Ikkinchi bosqich 2019 - yilning 29 - iyun kuni atom elektr stantsiyasini qurish uchun maqbul maydoncha sifatida tanlab olingan Tuzkon ko‘li yaqinidagi hududda boshlangani aytilgan.
2018 - yilning 19 - oktabrida prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Jizzaxda AES qurilishining ramziy tugmasini bosgan edilar.
2019 - yil fevral oyida O‘zbekiston Prezidenti 2019-2029-yillarda respublikada yadro energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqladi. Rejaga ko‘ra, atom elektr stansiyasi qurilishini moliyalashtirishga Rossiya Federatsiyasi davlat krediti jalb qilinadi.
Atom elektr stansiyasining birinchi energiya bloki O‘zbekistonda 2028 - yilda, ikkinchisini - birinchisi ishga tushirilganidan 18 oy o‘tgach ishga tushirish rejalashtirilgan.