11-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Fransiyaga yo‘l olmoqda. Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, 13-martga qadar davom etadigan tashrif chog‘ida Mirziyoyev prezident Makron va boshqa rasmiylar bilan asosan, ikki tomonlama savdo-investitsiya aloqalarini muhokama qiladi.
Bu Mirziyoyevning o‘tgan yil oktyabrida O‘zbekistonni larzaga solgan siyosiy suiqasd urinishidan buyon Yevropaga ilk safari.
Mirziyoyev hozirga qadar G‘arbda o‘zining "islohotchi" sifatidagi imiji yaratilishida muhim rol o‘ynagan sobiq mulozim va qizi Saida Mirziyoyevaning safdoshi Komil Allamjonovga suiqasd yuzasidan rasman hech qanday munosabat bildirmagan. Ammo parlament saylovlari arafasida yuz bergan suiqasd Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon kuch tizimlaridagi eng yirik "tozalashlar"ga sabab bo‘lgan.
So‘nggi oylarda O‘zbekiston va Mirziyoyev ma’muriyati amalga oshmagan ana shu suiqasd urinishi bois G‘arb matbuoti tiliga tushdi.
Bu mavzudagi so‘nggi tahlillardan biri Karnegi fondi (Carnegie Endowment for International Peace) eksperti Galiya Ibragimova qalamiga mansub.
Muallifning yozishicha, O‘zbekiston prezidenti Karimovdan qolgan eski kadrlarga ishonmaydi, o‘z jamoasi hali kuch to‘play olmadi, qarindoshlar esa o‘zaro kurashlarga o‘ralashib qolgan.
O‘zbekistonda daf’atan hokimiyat tranziti haqida gapirila boshlandi, holbuki Shavkat Mirziyoyev prezident lavozimiga o‘tirganiga endi to‘qqiz yil bo‘ldi – Markaziy Osiyo qarichida bu ko‘p emas. Tranzit haqidagi gap-so‘zlar prezidentning sobiq maslahatchisi Komil Allamjonovga suiqasd qilinganidan so‘ng paydo bo‘ldi. Oldinroq Allamjonov elita ichida hokimiyat uchun kurash avj olayotgani to‘g‘risida Mirziyoyevga hisobot kiritgani ma’lum bo‘lgan edi.
Allamjonovga hujum katta shov-shuv bo‘ldi, Ramzan Qodirov bu ishda chechenlarning daxli yo‘qligini aytib o‘zini oqlab chiqishi esa rezonansni badtar kuchaytirdi. Suiqasd buyurtmachisi – prezidentning kuyovi va bir necha yil uning shaxsiy qo‘riqchilari boshlig‘i bo‘lgan Otabek Umarov ekani taxmin qilinadi. Aytishlaricha, u qaynotasining kursisiga ko‘z olaytirgan, Allamjonov esa uning rejalarini barbod qilgan emish.
Yuz bergan voqealarda ko‘p narsa hanuz mavhum qolayotir, biroq ma’lum bo‘lgan ozgina narsaning o‘ziyoq O‘zbekistonda prezident hokimiyati mustahkam emasligini ko‘rsatmoqda. Hokimiyat ichida qaqshatqich kurash ketyapti, hatto prezidentning eng yaqin qarindoshlari ham guruhlarga bo‘linib olib bu kurashga qo‘shilganlar.
Mirziyoyevning imijmeykeri
O‘zbekiston butun mustaqillik tarixi mobaynida hech qachon siyosiy suiqasdlarga duch kelmagandi. Shu bois, 2024-yilning oktyabrida Bosh prokuratura Toshkent shahrichekkasida ikki noma’lum shaxs prezidentning sobiq maslahatchisi Komil Allamjonov avtomobilini o‘qqa tutgani haqida axborot bergach ushbu voqea anchaga dovur mamlakatda eng muhim yangilik bo‘lib turdi.
Allamjonov – O‘zbekiston prezidenti a’yonlarining eng taniqlisi bo‘lmasa-da, uzoq vaqt eng nufuzli vakili bo‘lgan. Mirziyoyev boshqaruvining dastlabki yillarida u prezidentning matbuot kotibi bo‘lib ishlagan, keyinroq esa prezident administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari lavozimida axborot siyosatini yuritgan. Biroq suiqasddan bir necha oy burun Allamjonov barcha lavozimlardan bo‘shadi – ambitsiyalarini va ko‘p yillardan beri prezident bilan yaqinligini hisobga olganda bu juda g‘alati edi.
Allamjonov O‘zbekistonning yangi media siyosati muallifi sanaladi. U axborot ochiqligi konsepsiyasini ishlab chiqdi: konsepsiya OAVlarda jurnalistlar, blogerlar va jamoat faollari bilan muloqotga tayyor progressiv prezident obrazini mustahkamlamog‘i kerak edi. Strategiya rostdan ham ishladi – Mirziyoyev mamlakatni o‘zgartirishga va uni Karimov davri turg‘unligidan olib chiqishga bel bog‘lagan islohotchi sifatida nom qozondi.
Shuningdek, Allamjonov prezidentning katta qizi Saida Mirziyoyevaning siyosiy murabbiyi hisoblanadi. Saida hozirda rasman prezident yordamchisi, amalda esa prezident administratsiyasining rahbaridir. U siyosiy karyerasini Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Allamjonov qo‘lostida boshlagan. Keyinchalik ular Mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondida ham birga ishlashdi. Komil Allamjonov rasmiy lavozimlardan ketganidan so‘ng ham o‘zaro ishonch va aloqalar saqlanib qolgan.
Chechenlar izi
Prezident oilasiga bu qadar yaqin kishiga nisbatan suiqasd O‘zbekistonda katta shov-shuv bo‘lgani bejiz emas. Boz ustiga, muhtamal buyurtmachiga ishoralar Ramzan Qodirovning telegram-kanalida paydo bo‘ldi. Checheniston rahbari kutilmaganda “ushbu jinoyatda chechenlar izini qidirmaslik kerak”ligini aytib chiqdi, shuningdek yuz bergan voqeada Mirziyoyevning kuyovi, kenja qizi Shahnozaning eri Otabek Umarovning qo‘li borligiga shubha bildirdi.
Shu bilan birga, Umarov bilan tanishligini yashirmadi, uni prezident qaynotasiga katta hurmat bilan qarovchi sodiq inson o‘laroq bilishini aytdi. Qodirov ikki marta – 2017 va 2024-yillarda O‘zbekistonda bo‘lgan, har gal uni Umarov kutib olgan va hamrohlik qilgan.
Qodirovning Allamjonov suiqasdiga doir bayonotlari O‘zbekistonBosh prokuraturasi Rossiya fuqarolari bo‘lmish Bislan Rasayev va Shomil Temirxonovni qidiruvga berishi ortidan yangradi. Rasayev bilan Basayev chechenlar bo‘lib, tergov ma’lumotiga ko‘ra, ularga Allamjonovni o‘ldirish uchun 1,5 mln dollar taklif qilingan. Suiqasd muvaffaqiyatsiz tugaganidan so‘ng chechenlarning mashinasi Farg‘onada, sohibi Umarovga aloqador tungi klub yonida topilgan. Suiqasdni uyushtirishda prezident kuyovining daxli bo‘lishi mumkin, degan taxminga aynan shu sabab bo‘lmoqda.
Tergov organi Umarovga oid to‘g‘ridan to‘g‘ri dalillarni taqdim etganicha yo‘q, ammo hujumdan bir oy o‘tgach u prezident xavfsizligi xizmati boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimidan olindi. Shuningdek, Umarov bilan yaqin aloqada bo‘lgan Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov va yana bir qator yuqori martabali kuchishlatar mulozimlar ham mansabidan ayrildi.
Kuzatuvchilar fikricha, Umarov mamlakat kuchishlatar idoralarining norasmiy kuratori bo‘lib olishga intilgan va dastlab bu ishda Mirziyoyevning o‘zi uni qo‘llab-quvvatlagan. Sababi, o‘shanda o‘zining asosiy raqibi – Karimov davrida uzoq yillar Milliy xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan Rustam Inoyatovni hokimiyatdan chetlatish uchun yangi prezidentga “pogonli” mulozimlar orasida ko‘proq tarafdorlar kerak bo‘lgan.
Kuyov eng muhim lavozimlardagi kuchishlatar mulozimlarni o‘z tomoniga og‘dirib olib, ularning norasmiy lideri bo‘la olgan taqdirda Mirziyoyev jiddiy g‘alabaga erishgan bo‘lur edi. Chunki bu prezident hokimiyatiga xavf solishga qodir Inoyatovning odamlari tizimda qolishi ehtimoli kamayardi.
Biroq ko‘p o‘tmay Umarov prezident qaynotasi manfaatlarida harakat qilishdan to‘xtab, o‘z siyosiy va biznes manfaatlarini ko‘zlagan holda shaxsiy kuch vertikalini yaratishga kirishdi. U bank, ko‘chmas mulk, neft-gaz, farmatsevtika, shakar ishlab chiqarish sohalarida yirik aktivlarni egallab oldi.
Prezident kuyovi qurgan tuzilma “Ofis” degan tagdor nom bilan ataldi, Umarovning o‘zini esa “prezident ambitsiyalari bo‘lgan va qaynotasi o‘rnini egallashga tayyorlangan”, deydilar.
Biroq kichik qizning eri haddan ziyod kuchayib ketmasligi uchun to‘ng‘ich qiz Saida ishga kirishadi. U eski safdoshi Allamjonov bilan birga, Umarov va “Ofis”ning ta’siri benihoya zo‘rayib borayotgani haqida hisobot tayyorlab otasiga tutqazadi. Hisobot ortidan prezident kuyovi iste’foga chiqariladi va Allamjonovga suiqasd qilinadi.
Oilaviy sprut
Karimov merosidan doim masofalanib kelgan Mirziyoyev Karimovning xatolarini esdan chiqarmasligi va qarindoshlari mamlakat idorasiga aralashishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi. Axir, siyosatga aralashgani uchun qamoqqa tushgan Gulnora Karimova jonli misol bo‘lib uning ko‘z oldida turgandi.
Aftidan, prezidentligi avvalida Mirziyoyev o‘z jamoasi bo‘lmagani uchun yaqin qarindoshlariga suyanishga majbur bo‘ldi. Uning farzandlari, kuyovlari va jiyanlaridan boshqa batamom ishonadigan hech kimi yo‘q edi, natijada bu yaqin qarindoshlarning bari siyosatga aralashib ketdi.
To‘ng‘ich qiz Saidadan tashqari, uning turmush o‘rtog‘i Oybek Tursunov ham hokimiyatda edi. Tursunov prezident administratsiyasida ishlar boshqarmasi boshlig‘ining muovini lavozimida ishladi, keyin esa moliya-xo‘jalik bo‘limiga rahbar bo‘lib o‘tdi. Hozirda u asosan biznes bilan shug‘ullanadi.
Oybekning otasi, general Botir Tursunov O‘zbekistonning eng nufuzli kuchishlatar mulozimlaridan biri bo‘lib, karyerasini Karimov davrida boshlagan. Bugungi kunda u Milliy gvardiya bosh qo‘mondoni, ayni chog‘da eng qudratli kuchishlatar idora bo‘lmish Davlat xavfsizlik xizmati raisining birinchi o‘rinbosaridir.
Mirziyoyevning xotini Ziroatxon Hoshimova rasman xayriya bilan mashg‘ul, ammo uning siyosatga ta’siri katta. Hech bir muhim tayinlov uning roziligisiz bo‘lmaydi. Otabek Umarov aynan qaynonasi ko‘magi bilan yuksak maqom-martabalarga erishgan, deyishadi. Uning xotini Shahnoza Mirziyoyeva Ijtimoiy ta’minot milliy agentligini boshqaradi.
Mirziyoyevning ko‘p qarindoshlari siyosiy hayotda bevosita ishtirok etishmasa-da, salmoqli resurslarga egalik qilishadi. Xususan, prezidentning to‘ng‘ich opasi Inobat Mirziyoyeva, uning qizlari va kuyovlari yirik biznes-aktivlarni qo‘lga kiritishgan. Prezidentning qaynisi Muhammad Hoshimov esa qator sanoat korxonalarini nazorat qiladi.
Albatta, Mirziyoyev vaqt o‘tishi bilan o‘z jamoasini tuzishga harakat qilmoqda. U iqtisodiyot, moliya, IT sohalariga yosh mutaxassislarni jalb qilyapti. Allamjonov ham shunaqa menejerlar avlodi vakillaridan biri edi, biroq unga nisbatan suiqasd prezident qarindoshlari o‘z pozitsiyalarini osonlikcha berib qo‘ymasligini ko‘rsatmoqda. Boz ustiga, oilaning o‘z ichida ham hokimiyat va nufuz uchun kurash boshlangan.
Pirovardida ayon bo‘lyaptiki, Mirziyoyev qariyb o‘n yil qurgan hokimiyat tizimi tashqaridan ko‘ringanidan anchagina zaif ekan. Vaziyatga qaraganda, O‘zbekiston prezidentining suyanadigan hech kimi yo‘q: Karimovdan qolgan eski kadrlarga ishonmaydi, o‘z jamoasi hali kuch to‘play olmadi, qarindoshlar esa o‘zaro kurashlarga o‘ralashib qolgan.
Maqola originali bilan mana bu link orqali tanishish mumkin.