Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:07

"Moddiy va ma’naviy qashshoqlik": Chaqaloq savdosi oshmoqda, narxlar ham


O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, so‘nggi 4 yilda O‘zbekistonda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq 200 dan ortiq holat aniqlangan.
O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga qaraganda, so‘nggi 4 yilda O‘zbekistonda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq 200 dan ortiq holat aniqlangan.

Sirdaryoning Guliston shahrida 5 kunlik chaqalog‘ini 5 ming dollarga pullamoqchi bo‘lgan ayol qo‘lga olindi.

Toshkentda ona o‘z bolasini 9 ming dollarga sotayotgan vaqtida DXX xodimlari ushlandi, 3 kunlik chaqalog‘ini 18 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol odam savdosida ayblanib, 5 yilga qamaldi.

Bular-so‘nggi bir hafta ichida ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan xabarlardan ba’zilari.

So‘nggi bir oyda esa, mahalliy matbuotda chaqaloq savdosiga oid 10 dan ortiq holat haqida xabar qilindi.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 4 yilda O‘zbekistonda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq 200 dan ortiq holat aniqlangan.

So‘nggi xolatlar chaqaloqlar narxi oshib borayotgani tentensiyasini ham ko‘rsatmoqda.

"5 ming dollarlik" chaqaloq

Mahalliy matbuot xabarlariga ishonilsa,chaqaloq savdosi bilan bog‘liq eng so‘nggi hodisa Sirdaryo viloyatida sodir bo‘lgan.

Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi 13 - oktabr kuni Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari Guliston shahrida tadbir o‘tkazib, 8 - oktabrda tug‘ilgan chaqalog‘ini 5 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan qashqadaryolik ayolni qo‘lga olgani haqida xabar berdi.

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida yashovchi ayolning besh kunlik farzandini nima uchun sotmoqchi bo‘lgani ma’lum emas.

Xabarlarda aytilishicha, hozirda ayol qamoqqa olingan, uning farzandi Sirdaryo viloyatidagi bolalar uyiga topshirilgan.

Bundan oldin Toshkentda uz farzandini "18 ming dollarga pullamoqchi bo‘lgan ayol" qo‘lga olingani haqida xabar qilingandi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentning Yangihayot tumanida uch kunlik chaqalog‘ini 18 ming dollarga sotishga uringan ayolga 12 - oktabr kuni 5 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.

Tergov hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, ayol shar’iy nikohdan o‘tgan erkak bilan yashab kelgan. O‘tgan yili oilaviy mojarolar sabab u uyidan chiqib ketgani aytiladi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, ayol 2021 - yilda homilador bo‘lib qolgach, tug‘ilajak farzandini sotish yo‘llarini qidirgan va uch kunlik chaqalog‘ini 18 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga olingan.

Ayblanuvchining turmush o‘rtog‘i chaqaloq uning farzandi bo‘lmagani sabab uni olib ketishdan bosh tortgani va u bolalar uyiga joylashtirilgani aytiladi.

“Bizga ne jin urdi, bolalarimizni sotyapmiz?..”

Saqaloq savdosiga oid xabarlar ijtimoiy tarmoqlarni larzaga soldi.

“Qanday qilib inson zoti o‘z bolasini sotishi mumkin, hazm qilolmayapman”, - deb yozdi Facebookdagi "Sirdaryo mening vatanim" guruhi faydalanuvchisi Nafisa.

"Bizga ne jin urdi, bolalarimizni sotyapmiz. Bolani sotish uchun qanday mahluq bo‘lish kerak, bilolmay qoldim", - deb yozdi tarmoqning boshqa bir foydalanuvchisi.

Kanadada yashovchi o‘zbekistonlik jurnalist Ulug‘bek Ashur Facebook sahifasida bolasini sotayotgan ayollarning harakati uchun hukumat mas’ul ekanini aytib chiqdi.

“Hamma onani la’natlayapti. Tuzumchi? Onalik aa bolalik uchun yetarlicha sharoit yaratmayotgan hukumatchi? Ona ehtimol , tirik saqlab qolish va o‘zi ham tirik qolish uchun sotayotgandir bolasini... Onani oqlamokchi emasman. Lekin uni ayblamayman ham...”.

Mutaxassislar chaqaloq savdosiga onalarning ijtimoiy himoyalanmagani, turmushga chiqmagan qizlarning homilador bo‘lib qolishi, farzand ko‘rmagan oilalar tomonidan bola asrab olishga ehtiyoj hamda chaqaloq savdosining oldini olishga qaratilgan huquqiy asoslarning zaifligi kabi omillar sabab bo‘layotganini aytishadi.

“Ma’naviy qashshoqlik”

Ijtimoiy mavzulardagi chiqishlari bilan tanilgan toshkentlik bloger Aqida Xanum chaqaloq savdosiga “ma’anaviy qashshoq”lik ham sabab ekanini aytadi.

“Ma’naviy qashshoqlik. Agar odam ma’naviy qashshoq bo‘lmasa, o‘z farzandini million dollarga ham sotmaydi. Bolasini sotayotgan ayollar, har xolda ochdan o‘lmayotgandir. Ocharchilik davrida ham bizda onalar bolasini sotmagan. Yevropa davlatlarida bola qutichalari bor. Boqishga qurbi yetmaganlar chaqalog‘ini anonim tarzda shu qutichalarga tashlab ketishadi, bolaga muhtoj boqishga qurbi yetadigan odamlar asrab oladi. Bizda ham shunday tizim yo‘lga qo‘yilsa, mana shunaqa xolatlar bo‘lmasmidi? " - deydi Aqida Xanum.

Toshkentlik yana bir bloger Jonibek ayollar homiladorligini, tuqqanidan keyin esa, chaqaloqni oilasidan yashirishga urinishi chaqaloq savdosi omillaridan biri ekanini aytadi.

Lekin blogerga ko‘ra, eng katta muammo bolali ayollarning ijtimoiy muhofazalanmaganidir.

“Nomussizlikdan qo‘rqish bor, doim bo‘lgan. Lekin eng katta muammo-moddiy ta’minlanmaganlik. Bolasini sotayotganlaring ko‘pchiligi ersiz ayollar. Erga tegmasdan homilador bo‘lib qolgan, bolani boqishga puli yo‘q. Shuning uchun yo oldirib tashlaydi yoki tug‘ib, boshqasiga sotishga rozi bo‘lyapti.”, - deydi Jonibek.

Chaqaloq savdosi oshmoqda

O‘tgan yil dekabrida Oliy Majlis Senati Raisi va Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi rahbari Tanzila Norboyeva ijtimoiy muhtojlik onalarni o‘z bolasini sotishga majbur qilayotgan asosiy omillardan ekanini e’tirof etgan edi.

Norboyevaga ko‘ra, oxirgi uch yillik holatlar tahlili o‘z chaqalog‘ini sotgan ayollarning 31%i og‘ir ijtimoiy ahvolda ekanligi sababli ushbu jinoyatga qo‘l urgani ko‘rsatmoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi uch yilda chaqaloq savdosidan 114ta bola jabr ko‘rgan bo‘lsa, ularning 89 foizi 1 yoshgacha bo‘lgan bolalardir.

Ayollarning 17 foizi shu ish orqali homilasini yashirmoqchi bo‘lgan, 52 foizi esa, bu ishni moddiy manfaatni ko‘zlab, amalga oshirgan.

Shu yil iyul oyida Toshkentdagi matbuot brifingida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti mas’ul xodimi Nargiza Hojiboyeva so‘nggi yillarda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar ancha kamaygani, biroq chaqaloqlar va bolalar savdosining ulushi surunkali ravishda ortib borayotganini aytgandi.

"2020 - yilga kelib odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar soni 6 barobarga kamaygan. Biroq tahlillar ushbu davrda chaqaloqlar va bolalar savdosi ulushi surunkali ravishda ortib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Hozirgi jinoyatlar tahlilidan aytib o‘tsak, rasmiy nikoh orqali oila qurganlar emas, ko‘pincha nikohsiz tug‘ib qo‘ygan qizlar farzandlarini sotishi holatlari aniqlangan. Homilador bo‘lib qolganini ota-onasidan yashiradi, mahalla-ko‘ydan yashiradi. Boshqa viloyat yoki shaharga borib bolani tuqqach, tug‘dirishga yordam bergan vositachilar orqali bolani sotish holatlari ko‘p", degan Nargiza Hojiboeva.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksida chaqaloq savdosi bo‘yicha alohida band yo‘q.

Bunday jinoyatni sodir etganlarga 5 yilgacha qamoq ko‘zda tutilgan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) qo‘llaniladi.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili odam savdosi jinoyati bilan bog‘liq kelib tushgan 710 ta murojaatdan bor-yo‘g‘i 94 tasi, ya’ni 13 foizi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining bildirishicha, O‘zbekiston mustaqillikka erishgan 1991 - yildan to shu kungacha bo‘lgan 30 yillik davrda tug‘ilishlar soni qariyb 16 foizga oshgan.

Statistik ma’lumotlarda qayd etilishicha, 2020 - yilda 841 817 bola tug‘ilgan. Qo‘mita 2021 - yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonda 390 ming 700 chaqaloq tug‘ilganini qayd etgan.

XS
SM
MD
LG