Moldovada mamlakat rasmiylari qaroriga ko‘ra Rossiya ilmiy va madaniy markazi (“Rus uyi”) yopiladigan bo‘ldi. Bu haqda 13-fevral kuni ma’lumot tarqatgan Moldova Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, mazkur qaror Rossiyaning hujumchi dronlari mamlakat havo hududini buzgani munosabati bilan qabul qilingan.
Moldova TIV 1998-yili Rossiya bilan tuzilgan madaniy markazlar tashkil qilish va ular faoliyati to‘g‘risidagi hukumatlararo kelishuvni bir tomonlama denonsatsiya qilish haqida qaror qabul qilgan.
“Shartnomani bekor qilish jarayoni yakunlanganidan keyin Rossiya madaniy markazi mamlakatimizda o‘z faoliyatini to‘xtatadi”, deyilgan vazirlik saytida yoyinlangan xabarnomada.
Avvalroq Moldova prezidenti Mayya Sandu Rossiya dronlarining Odessa viloyatiga (Ukraina) hujumi chog‘ida ikkita dron Moldova hududiga uchib kirgani va iddaoga ko‘ra, o‘sha yerda portlagani haqida ma’lum qilgan. Dronlar portlashidan hech kim zarar ko‘rgan emas.
Hodisa ortidan Rossiya elchisi Oleg Ozerov zudlik bilan Moldova TIVga chaqirilgan.
“Uchrashuv chog‘ida Moldova tomoni qabul qilib bo‘lmas bu huquqbuzarliklar yuzasidan qat’iy norozilik izhor qilib, bu kabi noxush hodisalar Moldova Respublikasi milliy xavfsizligi va fuqarolari uchun jiddiy tahdid tug‘dirishini urg‘uladi. Rossiyalik diplomatga bu kabi xatti-harakatlar milliy suverenitetni buzish ekani va Rossiya Federatsiya tomonidan galdagi do‘stona bo‘lmagan harakat bo‘lib hisoblanishi ma’lum qilingan”, deya qayd etilgan TIV xabarnomasida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya elchisiga portlagan dron parchalari ko‘rsatilgan. Moskva Moldova tomoni qarori yuzasidan hali munosabat bildirganicha yo‘q.
Avvalroq Ozodlik Bokuda “Rus uyi” yopilishi haqida xabar qilgan edi. Ozarbayjon rasmiylari Rossotrudnichestvo vakolatxonasiga yuridik e’tirozlar borligini bildirishgan.
Boku bilan Moskva o‘rtasidagi munosabatlar 2024-yil dekabrida Qozog‘istonning Aqtau shahrida Azerbaijan Airlines aviashirkati uchog‘i halokatga uchragani ortida yomonlashib ketgan. Ozarbayjon rasmiylari mazkur uchoq Rossiya havodan mudofaa tizimi tarafidan ataylab o‘qqa tutilganini iddao qilib, hodisa uchun mas’uliyatni Rossiya tomoniga yuklashmoqda.