Rossiya poytaxti Moskva shahrida politsiya bir kun ichida armiyadagi xizmati kechiktirilgan ellikdan ziyod chaqiriluvchini qo‘lga olgan. Telefonlari va shaxsiy ashyolari olib qo‘yilgan bu kishilar avval yig‘uv punktiga qamab qo‘yilgan, keyin esa tunda Moskva viloyatidagi harbiy qismga olib chiqib ketildi, deyilgan “Mediazona” nashrining jurnalistik surishtiruvida.
Qo‘lga olinganlarning yaqinlariga ko‘ra, armiyadan qonuniy yo‘llar bilan qolishga uringan chaqiriluvchilarni ommaviy tutib ketish amaliyoti huquq-tartibot idoralari tomonidan 24-may kuni o‘tkazilgan.
Yashab turgan uyida yoki ko‘chada qo‘lga olinganlar harbiy xizmatdan bo‘yin tovlaganlar sifatida Ugresh ko‘chasidagi yig‘uv punktiga olib borilgan. Oqshomga yaqin u yerga o‘nlab oilalar borishgan. Iddaoga ko‘ra, ularning qo‘llarida yaqinlarining harbiy xizmatga yaroqsizligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma yoki armiya xizmati kechiktirilishi huquqini beruvchi hujjatlar bo‘lgan, biroq harbiy komissariatning yig‘uv punkti rahbariyati odamlarning murojaatini e’tiborsiz qoldirgan.
Tunda harbiy qismga olib chiqib ketilgan yigitlar bilan ularning yaqinlari haligacha aloqa o‘rnatolgan emas. Ular bu borada mahalliy prokuratura va Tergov qo‘mitasiga jamoaviy arizalar bilan murojaat qilishgan.