Moskvadagi “Sheremetyevo” aeroportining pasport nazoratida O‘zbekiston so‘rovi bilan qoraqalpog‘istonlik faol Jetkerbay Abdiramanov qo‘lga olingan. U boshpana so‘rash maqsadida Rossiyaga uchib kelgan edi. Bu haqda Turkmaniston Xelsinki fondi huquqbon Vitaliy Ponomaryovdan olingan ma’lumotga tayangan holda ma’lum qildi.
Abdiramanov Rossiyaga Birlashgan Arab Amirliklaridan uchib kelgan. U O‘zbekistonda konstututsiyaviy tuzumga tajovuz qilish (O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 159-moddasi 1-bandi) va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish (JK 244-1 moddasining 3-bandi) moddalari bo‘yicha qidiruvga berilgan. Rossiya Chegara xizmati xodimi Ponomaryov bilan suhbatda faol deportatsiya qilinmasligi, balki ekstraditsiya ishi bo‘yicha ehtiyot chorasini belgilash uchun sudga olib ketilishini bildirgan. Faoldan boshpana so‘rashga oid ariza qabul qilishdan bosh tortilgan, chunki, rossiyalik chegarachiga ko‘ra, bu ularning vazifasi emas.
O‘zbekistonda o‘ziga qarshi jinoyat ishi ochilganidan keyin Abdiramanov Qozog‘istonga ketgan, biroq 2022-yil yozida u O‘zbekiston konstitutsiyasiga Qoraqalpog‘istonni suverenitet huquqidan mahrum qilish ko‘zda tutilgan tuzatishlar kiritilishiga qarshi imzo to‘plagani uchun qo‘lga olingan. 2023-yilning yanvar oyi oxirida u migratsiya qonunchiligini buzgani uchun Qirg‘izistonga chiqarib yuborilgan.
Abdiramanov Qirg‘izistondan Turkiyaga uchib ketgan, keyin esa boshpana so‘rash uchun Moldovaga yo‘l olgan, biroq u ortiga qaytarib yuborilgan. Ponomaryovga ko‘ra, bir necha kun oldin faol Istanbuldan BAAga deportatsiya qilingan, endilikda uning Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga kirishi taqiqlangan. Abdiramanovning tanishlari Rossiyadan boshpana so‘rash “ilojsizlik urinishi” bo‘lganini aytishmoqda.
2022-yil kuzida Qozog‘istonda qoraqalpog‘istonlik kamida besh nafar faol hibsga olingan. Ularning hammasi mamlakatdan boshpana olish uchun iltimosnoma topshirishgan, biroq sudlar bu arizalarni rad etgan. Buning ortidan BMTning Qozog‘istondagi doimiy muvofiqlashuvchisi ofisi Ostonani qoraqalpog‘istonlik faollarning boshpana so‘rashga oid arizasi milliy va xalqaro huquq tamoyillariga muvofiq ravishda ko‘rib chiqilishini kafolatlashga chaqirgan.
2022-yil iyul oyi boshida Nukusda norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgandi. Bu chiqishlar rasmiy Toshkent Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi va uning mamlakat tarkibidan chiqish huquqini bekor qilish ko‘zda tutilgan O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi loyihasini e’lon qilgani ortidan boshlangan. Mazkur voqealar mustaqil O‘zbekiston tarixida 2005-yili Andijonda kuzatilgan chiqishlardan keyingi eng qonli voqealar bo‘lgan. O‘zbekiston rasmiylari ma’lumotiga ko‘ra, ikki kun ichida Nukusda 21 kishi halok bo‘lgan, huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi tan jarohati olgan. O‘shanda 500 kishi qo‘lga olingan edi.
Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti (HRW) Qoraqalpog‘istonda kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari tinch namoyishchilarga nisbatan haddan ziyod kuch qo‘llanilgani, natijada ko‘plab odam og‘ir jarohatlar olgani yoki o‘ldirilganini qayd etgan. Norozilik namoyishlari ortidan Konstitutsiyaga bahsli tuzatishlar bekor qilingan. O‘zbekiston rasmiylari tartibsizliklar uyushtirilishida “tashqi kuchlar”ni ayblashgan.