Moskvadagi ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi ukrainalik jurnalist Dmitriy Gordonni sirtdan 14 yilga ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqargan. Bu haqda Sotavision nashri xabar qildi.
Gordon terrorchilikka chaqirganlik, Rossiya armiyasi to‘g‘risida “feyk” tarqatganlik hamda nafrat va adovat qo‘zg‘atganlikda ayblangan.
Tergov taxminiga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlarining Ukraina hududiga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin Gordon 2022-yil martida o‘z YouTube-kanalida “Gordon rossiyaliklar va belaruslarga murojaat qildi” (“Gordon obratilsya k rossiyanam i belorusam”) va “Putinni ovlash” (“Oxota na Putina”) deb nomlangan videoroliklarni joylashtirib, ularda “maxsus harbiy amaliyot (Moskva Ukrainadagi urushni shunday ataydi - tahr.) chog‘ida rossiyalik harbiylarning xatti-harakati haqida noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatgan va AQSH prezidenti Jo Baydenni Rossiyaga yadroviy zarba berishga chaqirgan”, deya xabar qildi TASS agentligi.
Gordonning o‘zi sud hukmiga nisbatan izoh o‘rnida Telegramda masxaraboz (🤡) emodzisini qoldirgan.
Ukrainalik taniqli jurnalist va boshlovchi Dmitriy Gordon Kiyev shahar kengashining sobiq deputati hamdir. “Gordon” internet nashri asoschisi bo‘lgan jurnalist faoliyati davomida siyosatchilar,jamoat arboblari, yozuvchilar, rassomlar, rejissyorlar, artistlar, sportchilar va boshqalar bilan 1100 dan ziyod intervyular yoyinlagan.
Ukraina urushi boshlanganidan keyin u Rossiya harbiylari tomonidan sodir etilgan muhtamal harbiy jinoyatlar - Buchadagi voqealar, filtratsion lagerlar tuzilishi, asirlarning qiynoqqa solinishi to‘g‘risida ko‘plab materiallar chop qilgan.
Dmitriy Gordon Ukrainadagi urush mavzusi bo‘yicha avvalroq Ozodlikka ham katta intervyu bergan edi: