Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 05:16

Moskvadagi portlashda gumonlangan shaxs Turkiyada ushlandi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Moskvada avtomobilni portlatganlikda gumonlangan kishi Turkiyaning Bodrum shahrida qo‘lga olindi. Bu haqda Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumot tarqatdi. Vazirlik qo‘lga olingan shaxs ismini ochiqladi – bu Rossiya fuqarosi Yevgeniy Serebryakovdir.

Turkiya IIV gumonlanuvchining qo‘lga olinishi videosini yoyinladi. Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqaya Serebryakov Bodrumga Moskvadan tonggi reys bilan uchib kelganini ma’lum qildi. U avval Interpol tomonidan qidirilayotgan shaxslar xalqaro bazasida bo‘lgan emas. Turkiya politsiyachilariga uni qo‘lga olish talabi bilan Interpolning Rossiya bo‘limi xodimlari murojaat qilishgan – ular Serebryakov terror xurujini sodir etganlik ayblovi bilan qidirilayotganini bildirishgan.

24-iyul tongida Moskvaning shimoliy hududida avtomobil portlatilgan. Natijada haydovchi og‘ir yaralangan, portlash chog‘ida uning tovoni uzilib ketgan. Shuningdek, portlashdan haydovchining xotini ham jabrlangan. Mahalliy nashrlar mashina Rossiya armiyasiing katta ofitseriga tegishli bo‘lgani haqida yozishmoqda.

“Agentstvo” nashri iddaosiga ko‘ra, jabrlanuvchi shaxs 45807-harbiy qismda xizmat qilib kelgan Rossiya Razvedka bosh boshqarmasi (GRU) zobiti Andrey Torgashovdir. Bu harbiy qism Ukraina Xavfsizlik xizmatining sobiq zobitiga Moskvada uyushtirilgan suiqasd va GRU agentlarining Norvegiyadan chiqarilib yuborilishi bilan bog‘liq jurnalistik surishtiruvlarda eslatilgan edi.

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) direktori Aleksandr Bortnikov hodisadan so‘ng portlash sodir etgan kishining shaxsi aniqlangani bildirgan, biroq uning ismini ochiqlamagan edi. Bortnikov gumonlanuvchi Turkiyaga uchib ketishga ulgurgani hamda Moskva Turkiya politsiyasi va xavfsizlik xizmatlari bilan birgalikda uni qo‘lga olish va Rossiyaga ekstraditsiya qilish haqida muzokaralar olib borayotganini ham qo‘shimcha qilgan.

Avtomobil portlatilishi hodisasi bo‘yicha ikki yoki undan ortiq odamga qarshi suiqasd ayblovi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Huquq-tartibotchilar fikricha, ayblov terakt o‘laroq qayta malakalanishi mumkin.

Rossiya Tergov qo‘mitasi qo‘lga olingan Yevgeniy Serebryakovni xalqaro qidiruvga bergan, Moskva sudi esa uni sirtdan hibsga olish haqida qaror chiqargan.

XS
SM
MD
LG