O‘zbekiston Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi joriy yilning 27-oktyabr kuni o‘tkaziladi. Bunga oid qaror Markaziy saylov komissiyasining 26-iyul kuni bo‘lib o‘tgan majlisida qabul qilindi.
MSK xabarnomasida saylov kuni O‘zbekiston Konstitutsiyasining 128-moddasi va Saylov kodeksining 14, 36-moddalariga muvofiq belgilangani qayd etilgan.
“Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, bugundan, ya’ni 2024-yil 26 -iyuldan O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasiga start berilib, Kalendar reja tasdiqlandi”, deyilgan xabarnomada.
Shu tariqa Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashlariga saylovlar oktyabr oyining so‘nggi yakshanbasida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda parlament quyi palatasi va mahalliy deputatlari saylovi shu yil oktyabrida bo‘lib o‘tishiga bundan o‘n kun muqaddam Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga borgan o‘zbekistonlik deputatlar ishora qilishgan edi. O‘shanda Senat raisi Tanzila Norbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi MDH Parlamentlararo assambleyasi xalqaro kuzatuvchilarini joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatishga taklif qilishgan.
Bungacha O‘zbekistonda kelayotgan kuzda parlament va mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazilishi MSK tomonidan ham, boshqa bir vakolatli idora tomonidan ham rasman tasdiqlangan emas.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil 6-martida siyosiy partiyalar rolini oshirish uchun - majoritar va proporsional saylov tizimiga o‘tishni taklif qilgan.
Ushbu taklif asosida 2023-yilning 18-dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.
Hujjatga muvofiq, bundan buyon parlamentdagi 150 o‘rinning yarmi - proporsional shaklda - partiyaviy ro‘yxatlar bilan, yarmi - majoritar tizimda - nomzodlarga ovoz berish yo‘li bilan taqsimlanishi lozim.