Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 14:04

Mustaqillik monumenti: Turk shirkati 63 kunda tiklagan yodgorlik qanchaga tushgani ochiqlanmayapti


60 metr balandlikdagi yodgorlik turk kompaniyalari tomonidan turk dizayneri Sinan Turaman loyihasi bo‘yicha o‘rnatildi.
60 metr balandlikdagi yodgorlik turk kompaniyalari tomonidan turk dizayneri Sinan Turaman loyihasi bo‘yicha o‘rnatildi.
  • Toshkent viloyatining Qibray tumanida barpo etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti qurilishi uchun qancha mablag‘ sarflangani jamoatchilikdan sir saqlanmoqda.
  • Qurilish buyurtmachisi bo‘lgan Toshkent shahar hokimligi Ozodlikning bu boradagi murojaatini javobsiz qoldirarkan, monumentni 63 kunda qurib bitkazganini aytgan turk shirkati xarajatlarni ochiqlay olmasligini bildirdi.
  • Mustaqillik monumentini o‘z ichiga olgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tantanali ochilgan edi.

3000 yillik tarixni aks ettiruvchi yodgorlik

O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga qurilgan Mustaqillik monumenti, uning mualliflariga ko‘ra, o‘zbek xalqining 3000 yillik tarixini aks ettiradi.

Yangi yodgorlik O‘zbekiston poytaxtidan unchalik uzoq bo‘lmagan “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida joylashgan bo‘lib, u mamlakat mustaqilligining 30 yilligi kunida ochildi.

Islom Karimov o‘limidan besh yil o‘tib, ilk bor katta maydonga ko‘chgan Mustaqillik bayrami tantanalari ham shu bog‘da o‘tkazildi.

Мустақилликнинг 30 йиллиги: "Янги Ӯзбекистон"да эски томоша
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:53 0:00

60 metr balandlikdagi yodgorlik “Outdoor factory - Acik Hava fabrikasi” turk shirkati tomonidan turk dizayneri Sinan Turaman loyihasi bo‘yicha ishlangan.

Monument Amir Temur maqbarasi va Samarqanddagi Registon majmuasining elementlari, Buxorodagi Ismoil Somoniy maqbarasi, Al-Beruniyning "Oy fazalari", Al-Xorazmiyning “Al Jabr va Al Muqobala”si hamda Amir Temur davri naqsh va motivlarini ham o‘z ichiga oladi.

"Biz turk do‘stlarimiz bilan birgalikda umumiy maydoni 1 million kvadrat metr bo‘lgan parkning yuragi deb atash mumkin bo‘lgan Mustaqillik monumentini qurganimizdan faxrlanamiz", - degan uning muallifi turkiyalik diayner Sinan Turaman Turkiyaning davlat “Anadolu” axborot agentligiga.

85ta fura va 16ta uchoqda olib kelingan

Ozodlikning O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbalari yodgorlik uchun davlat byudjetidan logistika xarajatlaridan tashqari, 6 million AQSh dollariga yaqin mablag‘ sarflangani, stellaning temir konstruksiyasidan tortib dov-daraxt va yashil bezaklarigacha o‘nlab fura va uchoqlarda Turkiyadan olib kelinganini aytishadi.

Monumentning barelyef ishlari esa, mahalliy haykaltaroshlar tomonidan amalga oshirgan.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi balandligi 60 metrlik monumentning 300 tonnalik po‘lat va mis konstruksiyasi Turkiyada tayyorlanib, O‘zbekistonga 85ta fura va 16 ta uchoqda yetkazilgan.

Monumentning marmar toshlari ham Turkiyaning Sirvihisor, Afyon, Eski shahar hududlaridan keltirilgani aytiladi.

“Outdoor factory - Acik Hava fabrikasi” shirkati monumentni 63 kunda qurib bitkazganini aytmoqda.

Monumentning barelyef ishlarini mahalliy haykaltaroshlar tayyorlagan.
Monumentning barelyef ishlarini mahalliy haykaltaroshlar tayyorlagan.

Shirkat vakli Daryo Balji shu yilning may oyida Mustaqillik monumenti qurilishi uchun O‘zbekistondagi haykaltaroshlik shirkatlari orasidan tanlab olinganliklarini aytadi.

“Bizni loyihaga 2021 - yil may oyida taklif qilishdi. May oyidan oldin janob Prezident Shavkat Mirziyoyev va rahbariyat turli dizayn kompaniyalari bilan uchrashdi. Tashqi fabrika sifatida ular bizga o‘z dizayn istaklarini bildirishdi. Biz jamoa bo‘lib, may oyining oxirida uzoq vaqt Toshkentda qoldik, tarixga oid ma’lumotlarni to‘pladik, ma’muriyat ko‘rsatmalarini tingladik va o‘z fikrimizni aytdik.

Mamlakat o‘zoq tarixga ega va janob Mirziyoyev O‘zbekistonning qadimiy tarixidan to hozirgi kungacha bo‘lgan eng muhim voqealarni, buyuk shaxslar va ularning ilmiy merosini aks ettirish muhimligini ta’kidladi. Dizayn jarayoni taxminan 1 oy ichida, ba’zi qayta ko‘rib chiqishlar bilan yakunlandi.

Boshqa kompaniyalar bilan taqqoslaganda, bizning dizaynimiz yuqori baholandi. Biz uni Prezident va uning jamoasiga taqdimot qildik. Iyun oyida loyihalash ishlarini boshladik. Iyul, avgust oylarida rahbariyat 500 kishidan ortiq guruh bilan qurilish maydonidagi ishlarni shaxsan kuzatib bordi va 60 metr uzunlikdagi O‘zbekiston Mustaqilligi yodgorligini barpo etish ishlarini amalga oshirdik”, - deydi “Outdoor factory - Acik Hava fabrikasi” shirkati vakli Daryo Balji.

“Mustaqillikning 25 yilligiga qo‘yilishi kerak edi”

Ozodlikning O‘zbekiston hukumatiga yaqin manbasi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida tiklangan monumentni besh yil avval Mustaqillikning 25 yilligiga o‘rnatish rejalangani, mamlakatning avvalgi prezidenti Islom Karimov vafoti ortidan reja amalga oshmay qolganini aytdi.

“Monument Mustaqillikning 25 yilligiga qo‘yilishi kerak edi. Karimov o‘lgani uchun qo‘yilmay qoldi. 5 yil yotdi Turkiyada, 30 foiz puli to‘lanmagan holda yotdi. SUM oldiga, “Golubiye kupola”ni buzib qo‘yishmoqchi edi. Ammo to‘polon ko‘tarilib ketdi. Keyin Mustaqillikning 30 yilligiga park qilib qo‘yishdi”, - deydi O‘zbekiston Prezidenti administratsiyaga yaqin manba.

Ортиқхўжаевнинг “Мовий гумбазлар” хиëбонини бузиш режаси норозиликка сабаб бўлди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:03 0:00

Mulozimning iddaosicha, loyiha Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga aloqador shirkatlar vositachiligida amalga oshirilgan.

Ammo Ozodlik bilan suhbatda Turkiyadagi “Outdoor factory - Acik Hava fabrikasi” shirkatining Jamoatchilik bilan aloqalar va marketing bo‘yicha direktori Daryo Balji halol tenderda yutib chiqqanliklarini urg‘uladi :

“Yodgorlikni qurish to‘g‘risidagi qaror 2021 - yil boshida qabul qilingan. Ehtimol, u 5 yil oldin ham kun tartibida bo‘lgandir. Bu haqda aniq ma’lumotga ega emasmiz”, dedi turk shirkati vakili.

Monument va tematik parklar qurilishiga ixtisoslashgan “Outdoor factory - Acik Hava fabrikasi” shirkati Turkiya prezidentining Anqaradagi qarorgohi ro‘parasida 2016 - yil iyulida Turkiyada sodir etilgan davlat to‘ntarishiga urinish chog‘ida vafot etganlar xotirasiga qad rostlagan “15 - iyul shahidlari” yodgorligi muallifi hamdir.

“O‘tmishda biz ishlab chiqqan va amalga oshirgan “15 - iyul shahidlari” va “Usmoniy yodgorligi”dagi tajribamiz bizga qo‘l keldi. Qisqa vaqt ichida amalga oshirgan loyihalarimizning ahamiyati shubhasizdir. Biz poydevor qo‘ygan paytimizda, relyef ishlari, temir konstruksiyalarni ishlab chiqarish va xaritalash ishlari bir vaqtning o‘zida davom etardi. Xulosa qilib aytganda, biz yodgorlik qurilishini nou-xau va professional jamoa bilan 63 kun ichida amalga oshirdik”, - deydi Balji.

Juda qimmat "kitch" asar

Toshkentlik rassom Shirin Tosheva mamlakatning o‘zida potensial bo‘laturib, yodgorliklarni chet el shirkatlariga buyurtma qilishni ortiqcha xarajat, deb hisoblashini aytadi.

“Bu qayerdadir yasab olib kelinayotgan navbatdagi yodgorlik. O‘zimizda mohir haykaltaroshlar bo‘laturib, chet ellardagi firmalarga million-million dollarlarni to‘lab yodgorlik qurish, bu - nafaqat pullarni sovurish, balki ma’naviy jihatdan ham to‘g‘ri qaror emas. Mustaqillik monumentimizni ham chet davlatlardagi firmalar qurib berayotganining o‘zi, prinsip jihatdan noto‘g‘ri. Chetda tariximizni bizdan-da yaxshiroq ko‘radigan san’atchi yo‘q. Bu monument juda zerikarli, shundoq ham hamma joyni qush bosib ketdi. Juda qimmat kitch asar. Boshqa tomondan Parijdagi Eyfel minorasi ham xunuk edi, keyin parijliklar bunga ko‘nikishdi, toshkentliklar ham ko‘nikishar”, - deydi Shirin Tosheva.

O‘zbekistonlik boshqa bir rassom Viktor Ten esa, san’at asarini qayerda, kim tayyorlagani muhim emas, degan fikrni aytadi.

“Nyu-Yorkdagi “Ozodlik” haykali ham Fransiyada tayyorlangan va AQShga olib kelingan. Bugun bu haykal Amerika ozodligi timsoliga aylangan va ko‘pchilik bu haykal Fransiyada tayyorlanganini bilmaydi ham. Toshkentdagi Mustaqillik monumenti Turkiyada tayyorlanganini sizdan eshityapman. Shoshma-shosharliksiz, balki yaxshiroq monument qilsa ham bo‘larmidi, har holda, oz pul sarflanmagan ko‘rinadi”, - deydi Viktor Ten.

60 metrlik monumentning 300 tonnalik po‘lat va mis konstruksiyasi Turkiyada tayyorlanib, O‘zbekistonga 85ta fura va 16ta uchoqda olib kelingan.
60 metrlik monumentning 300 tonnalik po‘lat va mis konstruksiyasi Turkiyada tayyorlanib, O‘zbekistonga 85ta fura va 16ta uchoqda olib kelingan.

Ozodlikning "Monument O‘zbekistonga o‘nlab yuk mashinalari va samolyotlarda olib kelindi. Agar bu qurilish O‘zbekistonda amalga oshirilsa, arzonroq bo‘lmasmidi?", degan savoliga Turkiyadagi “Outdoor factory - Acik Hava fabrikasi” shirkatining Jamoatchilik bilan aloqalar va marketing bo‘yicha direktori Daryo Balji mana bunday javob berdi:

“O‘zbekistonda ko‘plab turk kompaniyalari qurilish ishlari bilan shug‘ullanadi va ular o‘z materiallarini Turkiyadan olib kelishadi. Turkiya ishlab chiqarish va mahorat jihatidan dunyoning ko‘plab mamlakatlariga nisbatan narx ustunligini va ayni paytda tezlikni taklif qiladi. Bu loyiha Bizni tanlashlarining sabablaridan biri bizning narx ustunligimizdir. Narx va sifat muvozanatisini ko‘rib chiqsak, biz o‘z sohamizda kashshofmiz. Mustaqil arxitektura nazorati firmasi tayyorlagan hisobotga ko‘ra, biz qurgan yodgorlik ishlab chiqarish, dizayn va statika nuqtai nazaridan eng yaxshi bahoga sazovor bo‘ldi”, - deydi Daryo Balji.

Turkiyadagi “Outdoor factory - Acik Hava fabrikasi” shirkati O‘zbekistonning yangi strategiyasi doirasida bog‘lar va tematik parklar ustida ishlayotganini aytmoqda.

Shirkat yopiq o‘yin parki dizayni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston bilan shartnoma imzolagan.

Toshkentdagi Mustaqillik monumenti o‘zbek soliq to‘lovchilari puliga chet davlatlarda tayyorlanib, olib kelingan ikkinchi yodgorlikdir.

Shu yil boshida Jaloliddin Manguberdining 50 tonnalik haykali Rossiyada tayyorlanib, Urganch shahriga olib kelingandi.

Эски ва янги Жалолиддин. Урганчга $2 миллионлик яна бир ҳайкал керакми?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:07 0:00

Manguberdining 25 metrlik haykali va uning ostidan o‘tuvchi yarim kilometrlik yer osti yo‘lining qurilishi aprel oyida boshlangan va uni O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yillik sanasiga bitkazish mo‘ljallangan edi.

Ammo ba’zi muammolar sabab majmua qurilishi kechikyapti. O‘tgan oy Prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazmga tashrifi chog‘ida haykal va uni ostidagi tunel qurilishini ko‘zdan kechirdi.

Ozodlik maabalariga ko‘ra, qazish payti yer ostidan suv sizib chiqishi qiymati kamida 2 million AQSh dollariga teng ekani aytilgan haykal va majmua qurilishini xavf ostiga qo‘ygan.

XS
SM
MD
LG