Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:35

Myanmada davlat to‘ntarishi uyushtirgan harbiylar vakili nega Tailandga bordi?


Myanmada harbiy to‘ntarishga qarshi butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari davom etmoqda.
Myanmada harbiy to‘ntarishga qarshi butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari davom etmoqda.

Myanma tashqi ishlar vaziri mamlakatda harbiy to‘ntarish natijasida yuzaga kelgan inqirozga yechim topish maqsadida qo‘shni davlatlar bilan muzokara qilish uchun Tailandga bordi. Bu haqda Reyter agentligiga chorshanba kuni Tailand hukumatidagi manba xabar bergan.

Qayd etilishicha, Myanma tashqi ishlar vaziri Vunna Maung Lvin Janubiy Osiyo davlatlari uyushmasi (ASEAN) bilan diplomatik choralar borasida muzokara o‘tkazadi.

Myanmani ASEAN a’zolari vositachiligida inqirozdan chiqarish harakatlariga Indoneziya boshchilik qilayotgan edi. Lekin chorshanba kuni mazkur mamlakat tashqi ishlar vaziri Retno Marsudining Myanmaga rejalashtirilgan tashrifi bekor qilindi.

“Joriy vaziyatni hamda boshqa ASEAN davlatlarining istaklarini inobatga olgan holda, hozir Myanmaga tashrif uchun qulay vaqt emas deb hisoblaymiz”, – deya bayonot berdi Indoneziya TIV matbuot kotibi Teyku Fayzasyax.

Avvalroq Myanmadagi Future Nation Allience guruhi Indoneziya vazirining tashrifi harbiylar hukumatini tan olish bilan barobar ekanidan ogohlantirgan edi. Faollar jamoasiga ko‘ra, xorijiy mamlakatlar vakillari faqat parlamentdan haydalgan deputatlar tamsilchisi hamda tashqi munosabatlar uchun yagona mas’ul Xtin Lin Aung bilan uchrashishi maqsadga muvofiqdir.

Qurolli kuchlar rahbariyatining tahdidiga qaramay, Myanmada harbiy to‘ntarishga qarshi butun mamlakat bo‘ylab norozilik namoyishlari hamda ish tashlash aksiyalari davom etmoqda.

Chorshanba kuni milliy ozchilik vakillari hamda energetika vazirligi xodimlari namoyish o‘tkazdi. Norozilik aksiyalari mamlakat iqtisodiyotini falajlashi borasidagi xavotirlar tobora kuchaymoqda.

“Iqtisodiy vaziyat durust emas, boz ustiga, turg‘unlik eshik qoqmoqda. Harbiylar hokimiyatni biz saylagan partiyaga qaytarib bersagina ahvol yaxshilanadi”, – deydi Yangondagi do‘kondor Vin Ten.

Siyosiy inqiroz Myanma 10ta a’zo mamlakatdan iborat ASEANning muammoli halqasi ekanini yana bir karra tasdiqlamoqda.

Rasmiy Jakarta Myanmaga harbiylar va’da qilgan adolatli saylovni nazorat qilish uchun ASEAN kuzatuvchilarini yuborishni taklif qilgan edi. Harbiylar yangi saylov qachon o‘tkazilishini ochiqlamagan. Mamlakatda e’lon qilingan favqulodda vaziyat tartibi bir yil davom etishi hisobga olinsa, ovoz berish tadbiri mazkur muddatdan so‘ng o‘tkazilsa kerak. Lekin “Demokratiya uchun milliy liga” rahbari, mamlakat yetakchisi Aun San Su Chji va uning tarafdorlari 2020 - yil 8 - noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovda ular erishgan g‘alaba tan olinishini talab qilmoqda.

Myanma harbiylari saylovda qonunlar buzilganini ro‘kach qilib, davlat to‘ntarishini amalga oshirdi. Hukmron partiya yetakchisi Aung San Su Chji hamda boshqa siyosiy rahbarlar qo‘lga olindi. Markaziy saylov komissiyasi esa ovoz berish natijalariga doir iddaolarni rad etgan.

Myanmadagi vaziyat yuzasidan dunyo hamjamiyatining xavotiri kuchayayotgan bir paytda qo‘shni mamlakatlar inqirozni hal etishga bel bog‘lagan ko‘rinadi.

“Katta yettilik” (G7) davlatlari harbiylar tomonidan namoyishchilarga nisbatan zulm va tazyiq siyosati yuritilayotganini qoraladi.

“Tinch namoyishchilarga qarshi kuch ishlatgan har bir mas’ul javobgarlikka tortilishi shart”, – deyiladi “Katta yettilik” tashqi ishlar vazirlari bayonotida.

YeI ham Myanma harbiylari tasarrufidagi shirkatlarga qarshi sanksiyalar joriy etish rejalashtirilganini bildirgan. AQSh esa harbiylar hukumatining ikki a’zosiga nisbatan allaqachon sanksiya joriy etdi hamda qo‘shimcha choralar haqida ogohlantirdi.

Doimo ehtiyotkor yondashuv tarafdori bo‘lgan Xitoy vaziyatni yanada murakkablashtirmaslik, barqarorlik va hamjihatlikni saqlash uchun jahon hamjamiyati sa’y-harakat qilishi lozimligini urg‘ulagan.

Ayni paytda davlatni idora etayotgan Qurolli kuchlar qo‘mondoni Min Aung Xlayn zaiflashayotgan iqtisodiyotni o‘nglash uchun importni cheklash va eksportni kengaytirishga chaqirdi. U rasmiylar namoyishchilarga nisbatan qonun doirasida munosabatda ekani, politsiya imkor qadar kamroq kuch ishlatayotganini bildirgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, politsiya va maxsus xizmat bu galgi namoyishlarda haqiqatan ham zo‘ravonlikdan tiyilishga urinmoqda. Lekin shunda ham hozirga qadar uch namoyishchi otib o‘ldirilgan. Harbiylar hukumatiga ko‘ra, bir nafar politsiyachi to‘qnashuvlarda olgan jarohatdan vafot etgan.

XS
SM
MD
LG