Prezident Mirziyoyev Namanganga safari davomida, 19 - fevral kuni "kutilmaganda" borgan “Bunyodkor” mahallasida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov uchun konteyner uy qurilmoqda.
Namangan viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, “Viloyat hokimi uyi” deb nom berilgan qurilma bir necha konteynerdan iborat bo‘ladi va uning ichida yashash uchun barcha sharoit muhayyo qilinadi.
Prezident tashrifidan bir kun o‘tib, hokimning o‘zi "Bunyodkor" mahallasi aholsi bilan uchrashgan va mahallaga ko‘chib kelib, konteynerda yashashini aytgan edi.
Hokimlik rasmiysi konteyner uy shaharning birin-ketin obod qilinadigan mahallalarida hokim bilan birga ko‘chib yurishga moslanayotganini aytdi.
"Bunyodkor” mahalla fuqarolar yig‘ini faoliga ko‘ra, prezident ketganining ertasigayoq davlat tashkilotlari, kuch ishlatar tuzilmalar va harbiylardan iborat 1000 kishilik "armiya" 12 ming aholi yashaydigan qishloqqa tashlangan.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Namangan shahar bo‘limidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hasharchilar qo‘liga kurak, ketmon olib, qishloq ko‘chalaridan tortib aholi tomorqalarigacha “obod qilmoqda”.
Shu kunlarda “Bunyodkor” mahallasidagi “obodonchilik hashari”da qatnashayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini (MFY) faoliga ko‘ra, kechasiyu kunduzi ish to‘xtamayapti.
Ismi oshkor qilinmasligini so‘ragan faol Ozodlik bilan suhbatda byudjet tashkilotlari, kuch ishlatar tuzilmalar xodimlari va harbiylardan iborat 1000 kishilik hasharchi mahallada ishlayotganini aytdi.
“Ko‘chalar tozalanyapti, asfalt bosishyapti, yo‘l chekkalariga gul ekiladigan maydonchalar qilishyapti. Devorlar oqlanyapti, odamlarning tomorqalarigacha ko‘chatlar ham ekilyapti. Boringki, rosa katta obodonchilik ishlari ketyapti. Bizga yillardan buyon ichadigan suv kelmagan, odamlar ariqdan suv ichishgan. Tabiiy gaz umuman yo‘q edi. Hozir mana suv tortishyapti, gaz ham keladi, deyishyapti”, - dedi namanganlik faol.
Uning aytishicha, qishloqning markazida viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovga atab konteyner uy qurilyapti:
“Adashmasam, uchta konteynerni birlashtirib, uy qilinyapti. Bittasida yotoqxonasi, bittasida ishlaydigan xonasi, yana birida dush, hojatxonasi bo‘ladigan qilib qurilyapti. Bu uy ko‘chib yurarkan, viloyat hokimi bilan birga. Bizning mahalla bitgandan keyin, yana boshqa, nochorroq mahallaga o‘tisharkan”.
Ozodlik mobil muxbiri 23 - fevral kuni “Bunyodkor” MFYda bo‘ldi va viloyat hokimiga atab qurilayotgan konteyner uyni borib ko‘rdi.
Ozodlikka yo‘llangan suratda, darcha o‘rnatilayotgan konteynerga bitmasidanoq naqshinkor darvoza tirkalganini ko‘rish mumkin. Darvozaga tutashgan devorga esa, “Namangan viloyat hokimi uyi” deb yozilgan taxtacha ilingan.
Ozodlikka yo‘llangan videolarda “Bunyodkor” mahallasi bosh ko‘chalarida ishlayotgan oddiy odamlar va formadagi harbiylarni ko‘rish mumkin. Harbiylar qo‘llariga ketmon va kurak olib, katta yo‘llar yoqasini tozalamoqda.
Namangan viloyati hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, “Bunyodkor” MFYdagi manzara hozirdanoq butun viloyatga ko‘cha boshlagan.
“Viloyatdagi 11 ta tuman va shahar hokimida ham konteyner uy bo‘ladi, ularga ham shunaqa uylar qilinyapti. Ichida hamma sharoiti bo‘ladi. Hokimlar shunaqa nochor mahallalarni birma-bir yurib, boshida turib obod qiladi. Viloyat hokimining konteyneri hali bitmadi, tez kunda bitib qoladi”, - dedi viloyat hokimligi rasmiysi.
Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mahalliy mulozimning so‘zlariga ko‘ra, mahallalar hashar yo‘li bilan obod qilinmoqda, ya’ni davlat tashkilot va korxonalari obodonchilik ishlariga hasharchi o‘laroq chaqirilgan.
“U yerda shtab tashkil qilingan. Hokim har kuni o‘sha yerda, Obodonchilik boshqarmasi, Mahalla, Moliya boshqarmalari - hamma boshqarmalarning rahbarlari o‘sha erda. Boshqa tumanlarda ham shunaqa mahallalar tanlangan, ularda ham obodonchilik ishlari boshlangan”,- dedi hokimlik rasmiysi.
Namangan viloyati hokimligi e’lon qilgan rasmiy raqamlarga ko‘ra, “Bunyodkor” MFY da 17 milliard so‘mlik kichik sanoat zonasi qurilishi ham boshlangan.
Ammo namanganlik jurnalistlardan birining Ozodlikka aytishicha, hokimlik "hashar" deb taqdim qilayotgan tadbirning sarf-harajatlari, odatdagidek, unga jalb qilingan tashkilotlar zimmasiga yuklanadi:
"Masalan, transport korxonalari yoki "Suvsoz" degan tashkilotlar, boshqa byudjet yoki jamoat tashkilotlari, "Bunyodkor"da nima qilsa, o‘zining hisobidan qiladi. Ishchilari shu qishloqda bepul ishlab beradi, balki oyligini olishar, lekin katta ehtimol bilan olishmaydi. Tashkilotlar bo‘lsa, masalan suv quvurini tortib kelishsa, o‘zining "ichki mablag‘lari" hisobidan tortadi. Asfalt yotqizganiyam o‘zining hisobidan yotqizadi. Shunaqa qilib, turli tashkilotlarga sochib tashlanadi. Har doimgi praktika-ku bu".
18-19 - fevral kunlari Namangan viloyatiga qilgan safari davomida prezident Shavkat Mirziyoyev, "kutilmaganda" Namangan shahri markazidan 8 kilometr naridagi “Bunyodkor” MFYga bordi.
Prezident matbuot xizmati hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tarqatgan videolarda Mirziyoyev mahalla ahli bilan uchrashgani, mulozimlar hamrohligida o‘nqir-cho‘nqir ko‘chalardan yurib o‘tgani ko‘riladi. Prezident yillar davomida elektr, tabiiy gaz va toza ichimlik suvi bilan ta’minlanmagan qishloqdagi ahvol uchun viloyat rasmiylariga tanbeh berdi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Namangan viloyati boshqarmasi vakilining Ozodlikka aytishicha, prezidentning aynan shu qishloqqa borishi, ular uchun haqiqatan ham kutilmagan edi:
“Namanganda 775 ta mahalla bor, hammasiga aytilgandi aslida. Aytmasdan boraman, deganlari. Lekin asosan, shahardagi mahallalarda tayyorgarlik ko‘rilgandi. “Bunyodkor” shahar markazidan 8-10 kilometr narida bo‘lgani uchun, o‘sha qishloqqa borishini hech kim kutmagandi, ochig‘i”, - dedi boshqarma vakili.
Namanganda prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tishi kutilayotgan yo‘llar bir kechada asfalt qilingani to‘g‘risida 18 - fevralda Ozodlikka bir necha namanganlik bir-biridan mustaqil ravishda xabar qilgandi.
Ularga ko‘ra, deyarli butun viloyatdan texnikalar, qurilish va yo‘l ta’mirlashga aloqador barcha xizmatlar xodimlari Namangan shahri va atrof tumanlariga safarbar etilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 - fevral kuni Farg‘ona viloyatiga qilgan ikki kunlik safari davomida ham "kutilmaganda" “Shodiyona” mahallasiga borgan. Prezident mahalla ahli bilan uchrashib, mahalladagi muammolarni so‘ragandi.
So‘ngra prezident bundan buyon viloyatlarga safar qilganida o‘zi istagan mahallaga, avvaldan aytmasdan kirib borishini aytdi. Uning bu bayonotidan so‘ng butun respublika bo‘ylab "qoloq mahallalar"ni yoppasiga obod qilish ishlari boshlandi.
Ozodlikka joylarda tadbirkorlar obodonlashtirish ishlariga homiylik qilishga majburlanayotgani haqida xabarlar kelmoqda.