Линклар

Шошилинч хабар
24 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:28

NASA 2028–2030 - yillarda Venera sayyorasiga ikki missiya yuboradi


Venera sayyorasi
Venera sayyorasi

AQShning Milliy aeronavtika va fazo ma’muriyati – NASA Venera sayyorasini o‘rganish uchun ikkita ilmiy missiya yuborishni rejalamoqda.

Bu haqda o‘tgan haftada tashkilot saytida bayonot e’lon qilindi.

“NASA Yerning eng yaqin qo‘shnisi Veneraga ikkita yangi missiya yuboradigan bo‘ldi. NASAning “Discovery” dasturiga kiruvchi missiyalarning maqsadi – Venera qanday qilib bizning sayyoramizga o‘xshash juda ko‘p [fizik] xususiyatlarga ega bo‘lishiga qaramay, jahannamga o‘xshash dunyoga aylanganini anglab yetishdir. Ehtimol, sayyora Quyosh tizimidagi okean va Yernikiga o‘xshash iqlimga ega, yashash uchun o‘ng‘ay ilk sayyora bo‘lgandir”, deyiladi bayonotda.

2028–2030 - yillarda boshlanishi rejalangan har bir missiya uchun 500 million dollar sarflanadi.

DAVINCI+ nomi berilgan missiya Venera atmosferasining tarkibini, uning qanday paydo bo‘lgani va shakllanganini o‘rganadi. Shuningdek, missiya sayyorada bir vaqtlar okean bo‘lgani yoki yo‘qligini aniqlaydi.

Ushbu missiya AQShning 1978 - yildan beri Venera atmosferasiga yuborgan birinchi missiyasi bo‘ladi.

VERITAS deb nomlanuvchi ikkinchi missiya esa Venera sathi xaritasini tuzadi. Bundan maqsad sayyoraning geologik tarixini o‘rganish va u nega Yerdan farqli yo‘sinda rivojlanganini aniqlashdir.

Fevral oyida NASA Mars sayyorasiga yengil avtomobilga teng keladigan “Perseverence” marskezarini qo‘ndirgan edi.

Aprel oyida olti g‘ildirakli robot Mars atmosferasidagi karbonat angidrid gazidan kislorod ajratdi. Bunday amaliyot boshqa sayyorada tarixda ilk marotaba amalga oshirildi.

Avvalroq “Perseverence” bilan yuborilgan mitti “Ingenuity” vertolyoti havoga ko‘tarilgan edi. Bu Yerdan tashqari olamda amalga oshirilgan ilk parvoz bo‘ldi.

XS
SM
MD
LG