Vashingtonda o‘tayotgan NATO mamlakatlari sammitida 10-iyul kuni Ukraina Shimoliy Alyansga a’zolik bo‘yicha “qaytmas yo‘l”da ekani urg‘ulangan deklaratsiya qabul qilindi.
Rossiya bosqiniga qarshi kurashayotgan Ukrainani qo‘llash NATOga a’zo 32 mamlakat vakillari tomonidan muhokama qilinayotgan asosiy masalalardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Deklaratsiyada iqtisodiy islohotlar va demokratik o‘zgarishlar sohasida Ukraina tomonidan erishilgan ilgarilash olqishlangan, bu islohotlar NATOga kirish uchun dastlabki shartlar bo‘lib hisoblanadi.
“Ukraina hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan bu ishni davom ettirishi barobarida biz NATOga a’zolik doxil Yevroatlantika integratsiyasiga qaytmas yo‘lida uni dastaklashda davom etamiz”, deyilgan deklaratsiyada.
Shu bilan birga, a’zo mamlakatlar NATOning Vilnyusda o‘tgan avvalgi sammitida bo‘lgani kabi Ukrainaning Shimoliy Alyansga a’zolik jarayoni boshlanishi bo‘yicha aniq bir muddatni belgilashgan emas. Deklaratsiyaga muvofiq, Kiyev “ittifoqchilar o‘rtasida kelishuvga erishilgan va Ukraina shartlarni bajargan paytda” NATOga kirish uchun taklif oladi.
NATOga a’zo mamlakatlar Rossiya bosqiniga qarshi kurashda Ukrainaga yordam berish bo‘yicha niyatlari qat’iy ekanini tasdiqlashgan.
Deklaratsiyada NATO mamlakatlari Ukraina urushida Rossiyani dastaklashdagi “hal qiluvchi” rol o‘ynagan Xitoyni ilk bor tanqid qilishib, undan Rossiya harbiy-sanoat majmuasining ishlab turishi uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lgan texnologiyalar va “qurol-aslaha uchun komponentlar” yetkazib berishni to‘xtatishni talab qilishgan. “Xitoy Yevropa tarixida so‘nggi paytdagi eng ko‘lamli urushni o‘z manfaatlari va obro‘-e’tibori uchun salbiy oqibatlarsiz dastaklashi mumkin emas”, deya ogohlantirgan NATO.
Sammitda AQSH prezidenti Jo Bayden ham Ukrainani dastaklab, nutq so‘zlagan.
“Biz Putinning Ukrainada to‘xtab qolmasligini bilamiz. Ammo xato fikrga bormaslik lozim – Ukraina bu ishni uddalay oladi va u Putinni to‘xtatib qoladi. Ayniqsa bizning to‘liq jamoaviy yordamimiz bilan”, deya ta’kidlagan Jo Bayden.
U NATO keyingi yil davomida Rossiya raketa hujumlaridan himoyalanish uchun Ukrainaga yana beshta Patriot havodan mudofaa majmuasini taqdim etishini bildirgan. Bundan tashqari, Ukrainaga qo‘shimcha o‘nlab yaqin masofali taktik zenit batareyalari yetkazib beriladi.
Bayden Rossiya o‘z harbiy potensialini Xitoy, Shimoliy Koreya va Eron yordamida kuchaytirayotganini hamda NATO mamlakatlari o‘z ittifoqlari kuchsizroq bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymasliklari kerakligini ham eslatgan.
“Shu tariqa NATO o‘zining ishlab chiqarish bazasini mustahkamlashi lozim”, deya xulosa qilgan Bayden. U o‘z ma’muriyati AQSH harbiy sanoatini rivojlantirish uchun 35 milliard dollar mablag‘ yotqizganini eslatb o‘tgan.
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg sammitda yana bir bor Shimoliy Alyans Ukrainani og‘ishmay dastaklashini tasdiqlagan.
“Ukraina dastaklash xayriya tadbiri emas. U bizning o‘z xavfsizligimiz uchun amalga oshirilmoqda”, degan Stoltenberg.