Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:32

Navalniy tarafdorlari aksiyasi chog‘ida ushlangan toshkentlik talaba deportatsiya qaroridan shikoyat qilmoqchi


Qozon sudi Andrey Laguninga Rossiyadan 3 kunda chiqib ketishni buyurgan.
Qozon sudi Andrey Laguninga Rossiyadan 3 kunda chiqib ketishni buyurgan.

Qozon davlat tibbiyot universitetining talabasi, o‘zbekistonlik Andrey Lagunin muxolifatchi Aleksey Navalniyni dastaklash uchun shu yil 23 - yanvarida o‘tkazilgan aksiya kuni ko‘chada ushlangani vajidan Rossiyadan badarg‘a qilinmoqda.

Siyosiy aksiyaga mutlaqo aloqasi yo‘qligini aytayotgan talaba Ozodlik bilan suhbatda ushbu qaror ustidan sudga arz qilmoqchi ekanini bildirdi.

Qozon tibbiyot universitetining 2 bosqich talabasi o‘zbekistonlik Andrey Lagunin 23 - fevral kuni shahar ko‘chalarida qo‘lga olinganlardan biri.

Ozodlik savollariga javob bergan 19 yoshli Andreyning qo‘lga olinganlar orasiga tasodifan tushib qolgani – namoyishda qatnashish niyati ham bo‘lmagani, u politsiyachilar odamlarni hibs etayotgan ko‘chadan universitetga ketayotganini gapirib berdi.

- O‘sha kuni meni Navalniy tarafdorlari chiqish qilgan maydondamas, shaharning markaziy ko‘chalaridan birida ushlab olishdi. Men talabalar guruhi yetakchisi sifatida sinov daftarchalarimizni olgani ketayotgandim. Haqiqatan mitingga hech qanday aloqam yo‘q! Qo‘limga 5 - mart kuni uch kun ichida mamlakatni tark etish to‘g‘risida hujjat topshirishdi. Lekin men bu qaror ustidan sudga shikoyat qildim va sud ko‘rib chiqmaguncha Rossiyani tark etmaslik huquqiga egaman. Sud qarorini kutamiz, - dedi Andrey.

23 - fevral kuni Rossiyaning barcha yirik shaharlarida, jumdalan Tatariston poytaxti Qozonda ham muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning qamalishiga qarshi ommaviy norozilik aksiyalari o‘tkazilgandi.

Andreyning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar politsiya bosimi ostida o‘sha kuni u ketayotgan Kremlyovskaya ko‘chasiga yopirilib chiqqan va politsiya bo‘linmalaridan birini boshqarayotgan polkovnik unga qo‘li bilan ishora qilib, xodimlarga qo‘lga olishni buyurgan.

O‘zbekistonlik talaba shahar hibsxonasida joy yetmagani bois politsiya mashinasida ertasi kun tushlikkacha ushlab turilgan va so‘ngra undan barmoq izlari olinib, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida protokol tuzilgan.

Lagunin sudda o‘zining aybsizligini isbotlay olmagan va unga 10 ming rubl jarima solingan. U “bundan battar bo‘lmasin” degan fikr bilan sudning bu qarori ustidan avvaliga shikoyat qilmaganini ham bildirdi.

Biroq 5 - mart kuni talabani politsiya bo‘limiga chaqirishib, unga Rossiyaga kirish taqiqlangani haqida hujjat topshirishgan.

Himoyachilar politsiyaning bu bildirishnomasi mutlaqo asossiz ekanini gapirmoqda.
Himoyachilar politsiyaning bu bildirishnomasi mutlaqo asossiz ekanini gapirmoqda.

Migratsiya departamentida Andrey Laguninga uch kun ichida Rossiya hududini tark etishi lozimligi tushuntirilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Andrey Lagunin Toshkent Tibbiyot akademiyasi va Qozon davlat universiteti o‘rtasidagi maxsus dastur asosida Tataristonga o‘qishga yuborilgan ilg‘or talabalardan.

Qozon Davlat tibbiyot universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar.
Qozon Davlat tibbiyot universitetida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar.

O‘zbekistonlik talabani o‘z himoyasiga olgan qozonlik yurist Viktor Shabanov Lagunin soxta ayblovlar asosida Rossiyadan badarg‘a qilinayotgani va bu qaror ustidan shikoyat hozirlanayotganini bildirdi.

Himoyachi hozircha o‘zbekistonlik talaba masalasida O‘zbekiston konsulligi va elchixonasining yordamiga ehtiyoj yo‘qligini aytdi.

- Biz O‘zbekiston konsulligiga hozircha murojaat qilganimiz yo‘q, chunki bu masalani ichki tartibda hal etish mumkin, ularning yordami hozircha kerak emas. Bizningcha, Andrey Lagunin ishi qonunda belgilangan tartibda uning foydasiga hal etilishi lozim. Chunki politsiya uni Rossiyadan chiqarib yuborishga birorta qonuniy asos keltirmagan. Biz hatto u aniq nimada ayblanayotganini ham bilmaymiz, zero Ichki ishlar vazirligidan so‘rovimizga rasmiy javob olganimizcha yo‘q! Politsiya tomonidan Andreyga topshirilgan “mamlakatni tark etish to‘g‘risida”gi bildirishnoma esa ma’muriy tartibda arz qilinishi mumkin, dedi Ozodlikka advokat Shabanov.

Rossiyada Putin hukumatiga qarshi namoyishlarda ushlangan xorijliklar 60 yoki 99 yilga mamlakatdan badarg‘a qilingani holatlari qayd etilgan.

23 - yanvar kuni Qozonga sayohatga borgan bir guruh Moskva viloyatilik sayyohlar “ruxsat etilmagan miting ishtirokchilari” sifatida qo‘lga olinib, o‘z tomoshasini politsiya avtozakida o‘tkazishgamajbur bo‘lgandi.

Avvalroq O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyada yurgan o‘zbekistonliklardan mamlakatning turli shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan namoyishlarda ishtirok etmaslik haqida ogohlantirgandi.

Joriy yilning 23 - yanvaridan boshlangan Navalniy tarafdorlari namoyishlari Rossiyaning 100 dan ziyod shaharlariga yoyilgan. Ularda o‘n minglab odam ishtirok etgan, kamida 5 ming kishi hibsga olingan.

Norozilik aksiyalari boshlanishiga 17 - yanvar kuni muxolifatchi Aleksey Navalniyning hibsga olingani sabab bo‘lgan.

Aleksey Navalniy zaharlangani ortidan muolaja olgan Germaniyadan shu yil 17 - yanvarida Moskvaga qaytib kelishi bilanoq qo‘lga olingandi. 2 - fevral kuni sud “Iv Roshe” ishi bo‘yicha muxolifatchiga nisbatan chiqarilgan shartli jazoni haqiqiy qamoq jazosiga almashtirgan.

20 - fevral kuni sud Navalniyning apellyatsiya tartibida bergan shikoyat arizasini rad qilgan. Endilikda muxolifatchi umrining ikki yildan ko‘prog‘ini koloniyada o‘tkazishi kerak bo‘ladi.

Rossiyada yanvar oyida Navalniy himoyasiga uyushtirilgan namoyishlarda qatnashganlarga nisbatan tobora qattiqroq jazolar qo‘llanilmoqda. Jumladan, avvalroq Astraxan davlat universiteti uch talabani norozilik namoyishlarda qatnashgani uchun o‘qishdan haydagan edi.

5 - mart kuni Vladimir shahridagi Lenin tuman sudi 23 - yanvar kuni muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy tarafdorlari o‘tkazgan miting davomida politsiya xodimiga hujum qilganlikda ayblangan Vitaliy Timofeyenkoni uch yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Navalniy himoyasiga o‘tkazilgan namoyishlarda Rossiya bo‘ylab minglab talabalar ishtirok etdi, o‘quvchi va talabalar tomonidan maktab sinflari va universitet auditoriyalarida olingan TikTok videolarini ko‘pchilik ko‘rdi.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston Rossiya oliygohlarida o‘qiydigan talabalar soni bo‘yicha MDH davlatlari orasida birinchilikda va yil sayin bu ko‘rsatkich oshib bormoqda.

Rossiya Fan va oliy ta’lim vaziri o‘rinbosari Marina Borovskaya 2019 - yili mamlakatda 26,5 ming o‘zbekistonlik kunduzgi bo‘limlarda tahsil olganini bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG