Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:37

Nazarboyevning kuyovi nishonda: AQSh Qozog‘iston “kleptokratiya”sidan tashvishda


Sobiq Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning kuyovi va mamlakatdagi badavlat odamlardan biri Timur Kuliboyev
Sobiq Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning kuyovi va mamlakatdagi badavlat odamlardan biri Timur Kuliboyev

Qozog‘iston bosh prokuraturasi Britaniyaning “Financial Times” gazetasida chop qilingan ma’lumotlarni rasman tekshirarkan, qonunbuzarliklarni “aniqlamadi”. Maqolada sobiq prezident Nursulton Nazarboyevning kuyovi Timur Kuliboyev Xitoyga gaz quvuri qurilishi chog‘ida maxfiy sxemalar orqali o‘n millionlab dollar mablag‘ni o‘zlashtirgani haqida so‘z boradi. Bu orada AQSh Kongressi Oq uyni Qozog‘istondagi “kleptokratiyaga” e’tibor berishga chaqirmoqda.

Qonunbuzarliklar “aniqlanmadi”. Qozog‘iston Bosh prokuraturasi mamlakatdagi eng badavlat va obro‘li odamlaridan biri bo‘lmish Timur Kuliboyevning arizasiga asosan boshlangan tekshiruv xulosasini shunday ifodaladi. Iste’fosidan so‘ng ham keng vakolatlarni saqlab qolgan sobiq prezidentning kuyovi “Financial Times”da chiqqan shov-shuvli maqola ortidan dekabrda mazkur idoraga murojaat qilgan edi. Britaniya nashri jurnalisti Tom Berjes Xitoyga gaz quvuri qurilishida qatnashgan davlat shirkatlarini nazorat qilgan Kuliboyev shartnomalarning “qaymog‘ini sidirib olib”, maxfiy sxemalardan o‘nlab million dollar pul topganini iddao qilgan edi.

Kuliboyevning yuristlari murojaat ortidan, Nursulton Nazarboyevning kuyovi “yolg‘on ma’lumotlar” keltirilgan ushbu maqoladan noroziligi va allaqachon Bosh prokuraturaga ariza bergani to‘g‘risida xabar yoyinladilar. Ayni chog‘da, aftidan Kuliboyev chet el gazetasidan yoki material muallifidan raddiya chiqarishni talab qilishni va Britaniya sudiga da’vo kiritishni xohlamagan.

Kutilganidek qonunbuzarliklar yo‘qligi haqida bayonot bergan Bosh prokuratura Kuliboyevning o‘tgan yil oxirlarida yozgan arizasi bo‘yicha tekshiruvni Qozog‘iston energetika vazirligi olib borganini ma’lum qildi.

“Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 7-moddasiga muvofiq, maqolada bayon qilingan faktlarni tekshirish neft-gaz sohasida vakolatdor idoraga — Qozog‘iston energetika vazirligiga topshirildi. Tekshiruv jarayonida qonunbuzarlik holatlari aniqlanmadi. Arizachiga javob 2021 - yil 23 - fevral sanasida yo‘llandi”, deyiladi prokuraturaning Ozodlik radiosi qozoq xizmati so‘roviga javoban 25 may kuni yuborgan xatida. Uni Bosh prokuraturaning jamiyat manfaatlarini himoya qilish xizmati boshlig‘i muovini Rizat Smagulov imzolagan.

Prokuratura tekshiruv qay tariqa olib borilgani va uning yakunlariga ko‘ra biror chora ko‘rilishi yoki ko‘rilmasligi haqidagi savollarni javobsiz qoldirgan.

2020- yil 3 - dekabrda “Financial Times” o‘z manbasidan olingan ma’lumotlarga tayanib, Kuliboyevning Markaziy Osiyodan Xitoyga gaz quvuri qurilishi chog‘ida “Yevraziyskiy truboprovodniy konsorsium” (YeTK) shirkati bilan tuzilgan shartnomalardan qariyb 75 million dollar olganini yozgandi.

Mazkur shirkat quvurlarni, o‘zi Xitoydagi ishlab chiqaruvchilardan xarid qilgan po‘latni yuqori narxlarda etkazib bergan Ukraina va Rossiya zavodlaridan sotib olgan. Jurnalist Berjesga ko‘ra, YeTK xomashyoni Xitoydan tonnasini 935 dollardan olib 1500 dollardan sotgan.

Hujjatlar bu pulning katta qismi pirovardida YeTKga rahbarlik qilgan rus tadbirkori Aleksandr Karmanovga emas, Timur Kuliboyevga atalganini “taxmin qilish imkonini beradi”, ta’kidlaydi Berjes.

Kuliboyevning yuristlari o‘shanda mijozlari YeTKga bevosita yoki bilvosita aloqador bo‘lmaganini aytishgandi.

Bu orada Berjesning maqolasi Amerika kongressmenlari nazariga tushdi. May oyi boshlarida Kongressning vakillar palatasi a’zosi Benni Tompson o‘z hamkasblarini va prezident Jo Bayden ma’muriyatini Qozog‘istondagi Berjes ta’riflagan “kleptokratiya” holatlarini muhokama qilishga chaqirdi.

Benni Tompson “AQShning strategik hamkori bo‘lishga intilayotgan” va “dunyo xaritasining muhim bo‘lagida” joylashgan Qozog‘iston kabi mamlakatdagi muhtamal korrupsiya holatlari haqida “Financial Times” maqolasida bayon etilgan ma’lumotlardan “tashvishdaligini bildirdi”.

Missisipi shtatidan saylangan kongressmen, shuningdek, Kuliboyev shov-shuvli maqolalarga birinchi marta mavzu bo‘lmaganini eslatdi. Tompson bunda Nazarboyevning kuyovi 2007 - yili Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning o‘g‘li shahzoda Endryudan Sanninghil-park mulkini sotib olganini nazarda tutgan (OAV Kuliboyev 15 million funt to‘lagani va bu sotuv qiymatidan uch millionga ko‘pligini yozgandi; Britaniya jamoatchiligi pora aralashgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilib ushbu oldi-sotdi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan).

Shahzoda Endryuning bir paytlar qirolicha onasi tomonidan unga to‘y hadyasi tariqasida berilgan shahardan tashqaridagi ushbu uyi allaqachon buzilib, o‘rnida “ulkan koshona” paydo bo‘lgan.

Amerikaning “Forbes” jurnali joriy yilning aprelida Timur Kuliboyev va rafiqasi Dinaraning umumiy mol-davlatini 5,6 milliard dollarga (har biriga 2,8 milliarddan) baholagandi.

Kuliboyevlar juftligi “Almeks” shirkati orqali mamlakatda eng yirik bank bo‘lmish “Xalik banki”ni nazorat qiladi.

Bu yil Timur Kuliboyev Qozog‘istonda eng katta hisoblanadigan Olmaota aeroportini 365 million dollarga turk xoldingiga sotish bo‘yicha ishlarni oxiriga etkazdi.

54 yashar Timur Kuliboyev Qozog‘istonning neft-gaz va energetika majmuasiga oid tashkilotlar assotsiatsiyasi – KAZENERGY rahbari, Rossiyaning “Gazprom” direktorlar kengashi a’zosi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi hamda Qozog‘iston boks federatsiyasi prezidentidir.

XS
SM
MD
LG