Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu 24-iyul kuni Vashingtonda AQSH Kongressi oldida chiqish qildi. O‘z nutqida u Eronni Yaqin Sharq va butun dunyoda xavfsizlik uchun asosiy tahdid, deb atadi.
Netanyahu AQSHni Eron tahdidiga qarshi turish uchun Isroil bilan birgalikda harbiy alyans tuzishga chaqirdi. Shuningdek, G‘azo sektorida HAMAS guruhi (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) tezroq tor-mor etilishiga erishish uchun AQSHdan Isroilga harbiy yordam yetkazib berishni tezlatishni so‘radi.
Netanyahu o‘z nutqini HAMASning o‘tgan yil 7-oktyabrida Isroil janubiga hujumini qisqacha bayon qilish bilan boshladi. Zalda HAMAS asoratidan qutqarilgan Noa Argamani, hali ham HAMAS qo‘lida garovda qolayotgan boshqa asirlarning yaqinlari, hujum kuni janglarda ishtirok etgan Isroil armiyasi harbiylari bor edi.
Netanyahu Isroilning HAMASga qarshi urushi ikki tamaddun o‘rtasidagi ziddiyat emas, balki bir tamaddun bilan yovvoyilik o‘rtasidagi to‘qnashuv ekanini bildirdi. U Isroil nafaqat o‘zi, balki AQSHga ham, arab dunyosiga ham tahdid solayotgan terrorchilikka qarshi urush olib borayotganini urg‘uladi.
Netanyahu Eronni radikal islomchilikning asosiy harakatlantiruvchi kuch, deb atadi. Isroil bosh vaziriga ko‘ra, HAMASning ham, Livandagi “Hizbulloh” harakatining ham, Yamandagi husiylarning ham ortida Eron turibdi. U Eronning asosiy nishoni Isroil emas, balki AQSH ekanini aytib, Isroil o‘z jangovar harakatlari bilan faqat o‘zinigina emas, Qo‘shma Shtatlarni ham himoya qilayotganini ta’kidladi. Shundan kelib chiqqan holda, u AQSHni Isroilga harbiy yordam yetkazib berilishini tezlatishga chaqirdi.
Bundan tashqari, Netanyahu Eronga qarshi turish uchun AQSH va Isroil harbiy ittifoq tuzishi zarurligini, bunga arab o‘lkalari doxil boshqa mamlakatlar ham qo‘shilishi mumkinligini bildirdi. U Isroilning Birlashgan Arab Amirliklari, Sudan, Bahrayn va Marokash bilan aloqalari normallashuviga sabab bo‘lgan AQSH shafeligi ostidagi Abraham Accords (“Ibrohim kelishuvi”) tashabbusini eslatib, yangi ittifoqni “Ibrohim alyansi” deb atashni taklif qildi.
Netanyahu G‘azoda Isroil armiyasining harbiy amaliyoti tugaganidan keyin sektorning istiqboliga oid qarashlarini ham bayon etdi. Unga ko‘ra, Isroil uchun HAMAS taslim bo‘lib, qurollarini topshirib, isroillik barcha garovdagilarni qaytarishi muhim. G‘azo sektori demilitarizatsiya qilinishi va radikallardan tozalanishi shart. U yerda Isroil bilan tinch yashashga niyatlangan Falastin fuqaroviy ma’muriyati o‘zini o‘zi boshqaruvi o‘rnatilishi lozim.
Netanyahuning Vashingtonga safari chog‘ida ko‘plab norozilik namoyishlari o‘tkazilgan. Kapitoliy binosi atrofiga Falastinni dastaklovchi va Isroilni G‘azodagi tinch aholini qatliom qilayotganlikda ayblovchi bir necha ming kishi yig‘ilgan. Amerikalik bir necha deputat Netanyahu siyosatiga norozilik namoyishi o‘laroq Isroil bosh vazirining Kongressdagi chiqishida ishtirok etishdan bosh tortgan.
Bir vaqtning o‘zida Vashingtonda Isroil tarafdori bo‘lgan fuqarolarning ham namoyishlari bo‘lib o‘tgan. Ular Netanyahu hukumatini garovdagilarni qutqarish uchun yetarli choralar ko‘rmayotganlikda ayblashib, ularni ozod qilish bo‘yicha zudlik bilan HAMAS bilan kelishuv imzolashni talab qilishgan.