Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Netanyahu Rafahga berilgan zarbani “baxtsiz tasodif” deb atadi


Rafahdagi qochqinlar lageriga berilgan zarba oqibatlari
Rafahdagi qochqinlar lageriga berilgan zarba oqibatlari

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu parlamentda qilgan chiqishida G‘azo sektori janubidagi Rafah shahrida joylashgan qochqinlar lageriga berilgan zarba “baxtsiz tasodif” bo‘lganini tan oldi, biroq “barcha maqsadlarga erishilmagunicha” urushni davom ettirishga va’da berdi.

Isroil armiyasining 27-mayga o‘tar kechasi Rafahga berilgan zarbasi chog‘ida, HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sektori Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, yosh bolalar doxil kamida 45 kishi nobud bo‘lgan, yuzlab odam yaralangan.

Netanyahu o‘z so‘zida xato sababiga aniqlik kiritmagan. Dastavval isroillik harbiylar HAMAS (AQSH va YIda terror tashkiloti deb tan olingan) majmuasiga aniq aviazarba berilgani, unda guruhning ikki nafar yuqori lavozimli a’zosi o‘ldirilgani haqida bildirishgan. Havo zarbasi va undan so‘ng yuzaga kelgan yong‘inga oid tafsilotlar ma’lum bo‘lganidan keyin harbiylar tinch aholi vakillari o‘limi yuzasidan tergov boshlangani haqida bayonot berganlar.

Isroilning Rafahga bergan zarbasi xalqaro hamjamiyat, shu jumladan BMT, YI va gumanitar tashkilotlar tomonidan qoralab chiqildi. Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Isroil BMT sudining Rafahga hujumni to‘xtatish majburiyatiga oid qarorini hurmat qilishi lozimligini bildirdi.

BMT Xavfsizlik kengashi 28-mayga oshig‘ich yig‘ilish chaqirdi, deya xabar qildi AFP. “Yopiq eshiklar ortida” uchrashuv o‘tkazishni ayni paytda Xavfsizlik kengashining nodoimiy a’zosi bo‘lgan Jazoir talab qilgan.

AQSH Milliy xavfsizlik kengashi Rafahga berilgan zarba oqibatlari aks kadrlarni “yuraklarni ezib yuboradigan” deb ta’riflagan. Kengash bayonotida AQSH sodir bo‘lgan voqeani baholash ustida isroillik harbiylar va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda ishlayotgani aytilgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Isroildan bu amaliyotni to‘xtatishni qat’iyroq talab qilgan. “Rafahda tinch aholi uchun xavfsiz hududning o‘zi yo‘q. Men xalqaro huquqqa to‘liq rioya qilish va o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiraman”, deb yozgan Makron X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasi orqali.

G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS tomonidan garovda tutib turilgan kishilarni ozod qilish urinishlarida asosiy vositachi bo‘lgan Qatar Rafahga berilgan zarba shundoq ham boshi berk ko‘chaga kirib qolgan muzokaralarni “qiyinlashtirib yuborishi” mumkinligini bildirgan.

Isroil urush qoidalariga rioya qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilyotgani, biroq zimmasiga hech qanaqa majburiyat olmagan dushman bilan to‘qnash kelayotganini da’vo qilmoqda. Isroilliklar iddaosiga ko‘ra, HAMAS G‘azo sektorining tinch aholi yashaydigan mavzelariga kirib olib, garovdagilarni shartsiz ozod qilishdan bosh tortib kelmoqda.

Isroilning G‘azo sektoridagi amaliyoti HAMAS vakillari o‘tgan yil 7-oktyabrida Isroil janubiga hujum qilib, 1200 dan ziyod tinch aholi vakilini o‘ldirgani, 250 dan ziyod kishini garovga olgani ortidan boshlagan. Isroil harbiy amaliyotdan maqsad G‘azo sektorida HAMASni butunlay yo‘q qilish ekanini bildirgan. Isroil Rafahni “jihodchilarning so‘nggi tayanch nuqtasi” deb hisoblaydi.

HAMAS nazorati ostidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi sektorda jangovar harakatlar boshidan buyon 35 mingdan ziyod falastinlik nobud bo‘lganini iddao qilgan.

XS
SM
MD
LG