O‘zbekistonda 2024-yilda yo‘lovchi tashish faoliyati bilan noqonuniy shug‘ullanganligi aniqlangan haydovchilarga nisbatan 108 ming 18 ta bayonnoma rasmiylashtirilgan, natijada 42 ming 141 nafar haydovchi o‘z vaqtida litsenziya varaqasini rasmiylashtirib, faoliyatini qonuniylashtirgan. Bu haqda Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Xabarnomada qayd etilishicha, o‘tgan yil davomida Avtomobil va suv transportida nazorat yo‘nalishida hududiy bo‘lim inspektorlari hamda YHX boshqarmalari bilan hamkorlikda mamlakat bo‘ylab jami 13 ming 567 marotaba reyd o‘tkazilgan va bu tadbirlar davomida avtomobil tashuvlari sohasida huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan 116 ming 106 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
“2023-yil bilan solishtirganda kabotaj tashuvlari (Xorijiy tashuvchilarga tegishli bo‘lgan, avtotransport vositalarida yo‘lovchilar va yuklarni O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan punktlar o‘rtasida tashish) bo‘yicha qoidabuzarlarga nisbatan aniqlangan holatlar 77 foizga ortgan bo‘lsa, avtotransportda litsenziyasiz yo‘lovchi tashish 3 foizga kamaygan”, deyilgan inspeksiya xabarnomasida.