Линклар

Шошилинч хабар
05 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:25

“Nurafshon yo‘l”. Checheniston maktablarida Ahmat Qodirov haqidagi kitob majburan o‘qitilmoqda


Ahmat Qodirov va Ramzan Qodirov. 2004 - yil mart.
Ahmat Qodirov va Ramzan Qodirov. 2004 - yil mart.

Chechenistonda respublika rahbari Ramzan Qodirovning otasi, 2004 - yilda o‘ldirilgan Ahmat Qodirovga bag‘ishlangan “Nurafshon yo‘l” nomli kitob chop etilib, maktab dasturiga kiritildi. Politsiya mayori Amrudi Edilov yozgan ushbu qo‘llanmani 9-11 sinflar majburiy tartibda o‘rganadi. Pedagog va huquqbonlar nashrni Chechenistonda shaxsga sig‘inish siyosatini keng yoyishda navbatdagi qadam o‘laroq baholamoqda.

Kitobda “Ahmat Qodirovning siyosiy va ma’naviy merosi” aks etgan – har holda Grozniy davlat TVsi uni shunday ta’rifladi. Lavhada aytilishicha, qo‘llanma “Rossiya tarixi bo‘yicha qo‘shimcha material sifatida” barcha maktablarga yetkazib berilgan.

Maktablarda Ahmat Qodirov hayoti va faoliyatini o‘qitish taklifi uning o‘g‘lidan chiqqan. 2019 - yil mart oyida bo‘lgan bir yig‘ilishda Ramzan Qodirov otasini “Taxtlar o‘yini” seriali qahramonlariga mengzab, respublikada bir-biri bilan bo‘g‘ishgan to‘dalarning tugatilishi eng avvalo uning xizmati ekanini aytgan.

“Bolalar bog‘chadan, maktabdan boshlab uning hayot yo‘lini oz-ozdan o‘rganganida bu kunlarga qanday yetib kelganimizni anglagan bo‘lishardi”, degandi o‘shanda Qodirov.

Asosiy muallif – Checheniston IIV iqtisodiy xavfsizlik va aksilkorrupsiya boshqarmasi boshlig‘i, politsiya mayori Amrudi Edilov. Unga Grozniy Milliy muzeyi direktori o‘rinbosari Tamara Elbuzdukayeva hamda ichki ishlar vaziri Ruslan Alxanovlar ko‘maklashgan.

Muallif begona emas

Ahmat Qodirov haqida kitob yozish vazifasi aynan mayor Edilovga topshirilishi bejiz emas: u ham, Qodirovlar kabi, Sentara qishlog‘idan (hozirgi nomi Ahmat-yurt) chiqqan bo‘lib, Checheniston rahbarining davradoshlaridan biridir. Ana shu yaqinlik tufayli Edilov mansab pillapoyalaridan shiddat-la odimlamoqda: u boshqarmaga 2018 - yilda ishga kelgan bo‘lsa, uch yil ichida rahbarlikka ko‘tarildi, so‘nggi bir yilda katta leytenantlikdan mayor unvoniga etishdi.

Otasi Ibrohim Edilov uzoq vaqt Chechenistonda qurilish sohasi mutasaddisi bo‘lgan, 2015–2021 - yillarda mulk va yer munosabatlari vaziriga o‘rinbosarlik qilgan. Hozirda u chechen parlamenti a’zosi, qurilish va kommunal xo‘jalik qo‘mitasi raisidir.

Ammo Edilovlar orasida Checheniston rahbariga eng yaqin odam – muallifning amakivachchasi Abdul-Karimdir. Sobiq bokschi va MMA jangchisi bo‘lmish Abdul-Karim Edilov hozirda respublika rahbari kotibiyati mudiri bo‘lib ishlaydi. Qolaversa, qariyb 10 yil Ramzan Qodirovning o‘g‘illariga murabbiylik qilgan.

Abdul-Karimning akasi Volid Edilov “Ahmat” sport klubi bosh direktori hamda Checheniston boks federatsiyasi prezidentidir.

Oilaning boshqa a’zolaridan “OMON”da xizmat qiluvchi podpolkovnik Timur Edilov, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Hasan Edilov hamda Checheniston Xavfsizlik kengashi apparati xodimi Turpal-Ali Edilovlarni ham eslatib o‘tish joiz.

Kitob, tanlovlar, izohlar...

Checheniston rahbari oilasini ulug‘lashga qaratilgan tadbirlar maktab o‘quv dasturiga kirib kelganiga ancha bo‘lgan, kitob shu siyosatdagi navbatdagi qadamlardan biri xolos, deydi Gudermes tumanidagi bir maktab direktorining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha muovini.

Ismi sir tutilishini xohlagan suhbatdoshimiz aytishicha, o‘quv muassasalariga vaqti-vaqti bilan Ramzan Qodirov oilasi a’zolari sharafiga tanlovlar o‘tkazish, shuningdek, uning yaqin kishilari ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan postlar tagiga izoh yozib turish majburiyati yuklangan.

“Izoh yozishning o‘zi yetarli emas, ishning natijasini ko‘rsatish uchun ularni skrinshot qilib yuqori idoralarga yuborish kerak”, deydi u.

Chechenistonda Ramzan Qodirovning otasi va qarindoshlariga bag‘ishlangan tanlovlar muntazam o‘tkazib kelinadi. Yosh rassomlarning “Chechen Respublikasi uyg‘onishi – bolalar nigohida” va yosh ijodkorlarning “Bola qalami” singari tanlovlari shular jumlasidandir.

Joriy yil sentabrida esa Ahmat Qodirov, uning xotini Ayman hamda Ramzan Qodirovlarning eng yaxshi portretlari tanlov yo‘li bilan aniqlandi. Tanlovda eng quyi sovrinli o‘rin uchun 500 ming rubl mukofot belgilangan edi.

“Jinoyatlarni xaspo‘shlashga urinish”

Ahmat Qodirov shaxsiga sig‘inishni yoyish hozirgi chechen rahbarlariga o‘zlarining mavjudligini oqlash uchun zarur, deb hisoblaydi qarorgohi Yevropada joylashgan “Vayfond” chechen huquqbonlik uyushmasi vakili Muhammad Abdurahmonov.

“Chechen odatlari yolg‘onga qarshi tura olmayapti, chunki qodirovchilar faktlarga emas, kuchga tayanadi. Lenin va Stalin zamonlarida shunaqa edi. Ular xalqni qo‘rqitmoqda. Odamlar shunaqa holga keltirilganki, ular ortiq o‘zlarini emas, qarindoshlari va yaqinlarini o‘ylab har narsaga majbur bo‘lmoqda. Qodirovchilar uchun muqaddas hech nima yo‘q”, deydi Abdurahmonov.

“Yevropa chechenlari uyushmasi” rahbari Aslan Murtazalievga ko‘ra, Checheniston aholisini Qodirovlar oilasiga sig‘inishga majburlashdan muddao “jinoyatlarni xaspo‘shlash va yashirishga urinish”dir.

“Din, madaniyat va odatlar ularning qo‘lida odamlarning erkini bo‘g‘ish quroliga aylangan. Qodirov bir kun kelib Moskva uni o‘z xalqiga qurbon qilishini tushunadi, shu bois otasini avliyo maqomiga ko‘tarish bilan o‘zini xavfdan asrashga harakat qilmoqda”, deya mulohaza qiladi suhbatdoshimiz.

XS
SM
MD
LG