AQSHning Nyu-York shahrida o‘zbekistonlik yigit o‘z oila a’zolaridan to‘rt nafarini o‘ldirgan.
New York Post nashri xabariga ko‘ra, hodisa 19-iyul kuni Bruklindagi G‘arbiy sakkizinchi ko‘chada sodir bo‘lgan. 24 yoshli yigit o‘z onasi, kelinoyisi va ikki jiyanini pichoqlab o‘ldirgan.
Juma kuni soat 22:20 larda Nyu-York politsiyasi xodimlari shahar ko‘chalaridan birida qotillikda gumonlanayotgan shaxsning onasi – bo‘yniga ko‘plab marta pichoq urilgan 56 yoshli Mavluda Fayziyevaning jasadini topishgan.
Qotillikda gumonlanayotgan shaxsning jiyanlari bo‘lmish 5 yashar Kamila va 4 yashar Timurning jasadlari esa uydagi shkafga solingan qop ichidan topilgan.
O‘ldirilgan bolalarning onasi – 27 yoshli Maftuna Hakimovaning jasadi ham farzandlarining jasadi yaqinida bo‘lgan. Ona va bolalarning jasadlarida ham ko‘plab pichoq izlari topilgan.
Voqea ortidan gumonlanuvchi hibsga olingan. Politsiyachilar fikricha, u ruhan nosog‘lom bo‘lishi mumkin. Ayni paytda nashr suhbatlashgan voqea guvohlaridan biri qotillikda gumonlayotgan shaxsning giyohvand moddalar iste’mol qilib yurganini aytgan.