O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi “kriptovalyutalar bilan savdo-sotiq qilish shar’an joiz emas”ligi haqida 3-iyun kuni o‘zi tomonidan yoyinlangan fatvoga raddiya berdi. Qayd etilishicha, bu fatvo “ehtiyotsizlik oqibatida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan”.
“Fatvo markazi direktori Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va u kishining o‘rinbosarlari muborak haj safarida ekani, mazkur fatvo loyihasi atrofidagi ilmiy-tadqiqot ishlari hali nihoyasiga yetmagani va shuningdek, zamonaviy masalalarni keng qamrovli o‘rganish ishlari olib borilayotganini bildiramiz. Siz azizlardan uzr so‘ragan holda ushbu fatvo ustidagi ilmiy tadqiqotlarni nihoyasiga yetkazib, qayta e’tiboringizga havola qilinishini ma’lum qilamiz”, deyilgan “TUZATISH VA UZRNOMA” sarlavhali xabarnomada.
Ozodlik avval xabar qilganidek, dushanba kuni O‘MI Fatvo markazi tomonidan “Bitkoin, notkoin kabi kriptovalyutalarni o‘zaro ayirboshlash va ular bilan savdo-sotiq qilish shar’an joiz emas”ligi haqida fatvo yoyinlangan, bu “ushbu kriptovalyutalarda Islom shariati tomonidan pulga qo‘yilgan talablar topilmasligi” bilan izohlangan edi.
“Qolaversa, ularni biror davlat ishlab chiqarmagani yoki rasman tan olmagani, narxining keskin o‘zgaruvchanligi hamda unda qimor alomatlari borligi u bilan muomala qilish harom ekaniga asos bo‘ladi”, deyilgandi Fatvo markazi qaydida.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazining har qanday fatvosi dunyoviy davlat hisoblangan O‘zbekistonda faqat Islom diniga e’tiqod qiluvchilar uchun tavsiya xarakteriga ega bo‘lib, ularga amal qilmaslik hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi.
O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi 2021-yil 22-noyabridan boshlab O‘zbekiston rezidentlariga birjalarda kriptovalyuta sotib olishga ruxsat bergani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan edi.