Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Aravon tuman sudi Rossiya qo‘shini tarkibida Ukrainadagi urushda ishtirok etganlikda ayblangan qirg‘izistonlik M. K. u.ni 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan. O‘sh viloyat sudi matbuot kotibining Ozodlik qirg‘iz xizmatiga ma’lum qilishicha, sud hukmi joriy yilning 10-mayida chiqarlgan.
Qayd etilishicha, sud sudlanuvchi erkakni Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 256-moddasi (Qirg‘iziston fuqarosining xorijiy davlat hududidagi qurolli to‘qnashuvlar yoki harbiy harakatlarda ishtirok etishi yoxud terakt sodir etish uchun tayyorgarlikdan o‘tishi) bo‘yicha aybdor deb topib, mol-mulkini musodara etish bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan. Sudlangan shaxs jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘taydigan bo‘lgan.
Mazkur modda sanksiyasi og‘ir bo‘lib, unda mol-mulkni musodara etish bilan 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etish shaklidagi jazo chorasi ko‘zda tutilgan. Biroq, sud vakilining aniqlik kiritishicha, Qirg‘iziston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 30 yilligi hamda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi munosabati bilan afv qonuniga muvofiq ayblanuvchining jazo muddati qisqartirilgan. O‘z navbatida, ayblanuvchi Aravon tuman sudi hukmi ustidan O‘sh viloyat sudiga apellyatsiya tarzida shikoyat arizasini kiritgan.
Bu Qirg‘iziston fuqarosining Ukraina urushida ishtirok etgani qayd etilgan ilk holat emas. Bu kabi ayblov bilan sudlangan qirg‘izistonliklarning birinchisi Asqar Qubanichbek o‘g‘li bo‘lgan edi. 2023-yili u 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan, biroq keyin Qirg‘iziston Oliy sudi avvalgi instansiya sudlari qarorlarini bekor qilib, ishni qayta ko‘rishga yo‘llagan.
Keyin Bishkekning Birinchi may tuman sudi jazoni yumshatib, 7 yillik qamoq jazosiga almashtirgan hamda uch yillik probatsion nazorat tayin etib, uni sud zalidan ozod qilgan. Mazkur qarorga muvofiq, sudlanuvchi doimiy ravishda Qirg‘iziston hududida bo‘lib, vaqti-vaqti bilan Probatsiya departamenti nazorati ostida bo‘lishi lozim edi. Ammo departament xodimlari ularga sudning tegishli qarori kelmaganini bildirishgan.
Bu orada Asqar Qubanichbek o‘g‘li Qozog‘iston orqali Rossiyaga chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan. Sud paytida u Rossiya fuqaroligini olish va bu mamlakatdan vaqtincha boshpana olish uchun hujjat topshirganini aytgan edi. 2024-yilning iyun oyi o‘rtalarida uning Rossiya armiyasi bilan yangi shartnoma imzolab, yana Ukraina urushiga ketishni rejalayotgani ma’lum bo‘lgandi.