Линклар

Шошилинч хабар
23 декабр 2024, Тошкент вақти: 20:00

“O‘zbek afsonasi” Chusovitina katta sport bilan vidolashdi


O‘zbek sportining faxri Oksana Chusovitina Tokio Olimpiada o‘yinlarida so‘nggi chiqishini amalga oshirdi va katta sport bilan xayrlashdi.

Yakshanba kuni Chusovitina COVID-19 tufayli tomoshabinlarsiz arenada chiqish qildi. Shunday bo‘lsa-da, arenadagi hamkasblari hamda hakamlar uni gulduros qarsaklar bilan kuzatib qoldi.

Chusovitina 2009 va 2012 - yillarda ham katta sportni tark etishini e’lon qilgan edi, ammo fikrini o‘zgartirib, yana bellashdi. Sportchi bu safar aniq katta sport bilan xayrlashayotganini aytdi.

Chusovitina “The Guardian” nashri bilan suhbatda bundan keyin oilasiga ko‘proq vaqt ajratishni va Toshkentda sport klubini ochishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.

“O‘g‘lim 22 yoshda va u bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishni xohlayman. Ona va rafiqa bo‘lishni xohlayman”, dedi sportchi.

Chusovitina Tokioda 14.166 ball to‘pladi. Bu esa saralash bosqichidan o‘tish uchun kamlik qildi.

Chusovitina ko‘ziga yosh olib xayrlashar ekan, ikki qo‘li bilan yurak shaklini ko‘rsatdi.

Tadbirdan so‘ng “USA Today” nashriga intervyu bergan sportchi:

“Ajoyib bo‘ldi. Xursandchilik ko‘z yoshlari oqdi, chunki ko‘p odam meni uzoq vaqtdan beri qo‘llab-quvvatlab keladi”, dedi.

Chusovitina chiqishidan oldin olti marta Olimpiada o‘yinlarida medal qo‘lga kiritgan amerikalik gimnastikachi Eli Raysman “Twitter”da “Bu qanchalik zo‘r taassurot qoldirishini ta’riflashga til ojiz”, deb yozdi.

“NBC Sports” nashri 46 ga chiqqan Chusovitina yakshanba kuni Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan eng keksa ayol sportchi o‘laroq tarixga kirgani haqida xabar qildi.

1991 - yilda Chusovitina SSSR terma jamoasi tarkibida ikki karra jahon chempioni unvonini olgandi. Ilgari SSSR va O‘zbekistondan tashqari, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hamda Germaniya sharafini ham himoya qilgan. O‘g‘li Alisherga o‘tkir limfotsitik leykemiya tashxisi qo‘yilgach, sportchi 2002 - yilda uni davolatish uchun Germaniyaga ko‘chib borgan.

Chusovitina Barselonada 1992 - yilda o‘tgan Olimpiya o‘yinlari chempioni, uch karra jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari g‘olibidir. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi, “O‘zbekiston iftixori” faxriy unvonlariga ega.

Chusovitina qatorasiga yettita yozgi Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. Tokiodagi chiqishi bilan Ginnes kitobidagi rekordini yangiladi.

Chusovitina o‘zining oxirgi Tokio Olimpiadasida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarmadi.

Olimpiada ochilishiga bir necha soat qolganida Olimpiya jamoasi rahbariyati undan bayroqdorlikni olib qo‘yib, bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulovaga topshirdi.

Chusovitina bu holat uning kayfiyatini buzganini aytdi.

Chusovitinaning O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi bayroqdorligidan tushuntirishlarsiz olib tashlanishi sport jamoatchiligi va ijtimoiy tarmoqlarda katta noroziliklarni keltirib chiqardi

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Chusovitinani “toliqtirmaslik maqsadida” bayroq olib qo‘yilganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG