Линклар

Шошилинч хабар
19 декабр 2024, Тошкент вақти: 09:43

"O‘zbek tadbirkoridan aldangan" turk shirkati prezident Mirziyoyevdan yordam so‘ramoqda(VIDEO)


Turkiyadagi “Dalgic Hayvancilik” shirkati rahbari Ahmet Dalgich.
Turkiyadagi “Dalgic Hayvancilik” shirkati rahbari Ahmet Dalgich.

Turkiyadagi “Dalgic Hayvancilik” shirkati rahbari Ahmet Dalgich (Ahmet Dalgiç) o‘zbek tadbirkorlaridan aldanib qolganini da’vo qilib, prezident Mirziyoyevdan 138 ming dollar sarmoyasini qaytarishda yordam so‘ramoqda.

O‘zbekiston rahbariga videomurojaat qilgan Ahmet Dalgichning so‘zlariga ko‘ra, u haqqini undirib berishlarini so‘rab, sakkiz oy avval O‘zbekiston mahkamasiga murojaat qilgan.

Turkiyalik tadbirkor mahkama, shuningdek, turli vazirlik va idoralarga yo‘llagan shikoyat arizalari natijasiz qolayotganini aytmoqda.

“Dalgic Hayvancilik” shirkati muammosi borasida Toshkentdagi Turkiya elchixonasi ham joriy yil fevralida O‘zbekiston Tashqi ishlari vazirligiga nota yo‘llagan.

O‘tgan yili Ahmet Dalgich rahbarligidagi shirkat, uning so‘zlariga ko‘ra, Jizzaxdagi “O’rmancha- capers” MChJga 95 ming kilo kovul uchun 138 ming dollar o‘tkazib bergan.

Ozodlik turk shirkati da’volari borasida O‘zbekiston Bosh prokuraturasidan izoh ololmadi.

Turkiya vatandoshi Ahmet Dalgich 6 - avgust kuni Ozodlikka yo‘llagan videosida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, yordam so‘ragan:

“Men bir yil avval Jizzax viloyati Forish tumanidagi “O’rmancha- capers” MChJga kovul olish uchun 138 ming dollar pul o‘tkazib berdim. Bir yildan beri na pulimni qaytarib berishadi va na kovulni olaman. Sizdan yordam so‘rayman”.

Аҳмет Далгичнинг президент Мирзиёевга мурожаати
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:34 0:00

Ahmet Dalgich kovul oldi-berdisiga oid ikki tomon o‘rtasida tuzilgan shartnoma va to‘lov amalga oshirilganiga oid hujjatlar nusxalarini ham Ozodlikka taqdim qildi.

Hujjatlarga ko‘ra, Ahmet Dalgich shirkati Jizzax viloyati Forish tumanidagi “O’rmancha- capers” MChJdan 95 ming kilogram kovul sotib olish uchun ushbu tashkilot hisob raqamiga 2020 - yilning 7 - avgust kuni 138 ming dollar pul o‘tkazib bergan.

To‘lovga oid hujjat
To‘lovga oid hujjat

Shartnomada “O’rmancha- capers” turk shirkatiga 2020 - yilning 31 - dekabrigacha 95 ming kilo kovulni yetkazib berishi lozim bo‘lgan.

Ahmet Dalgichning Ozodlikka aytishicha, uning shirkatiga belgilangan muddatda kovul yetkazib berilmagach, u O‘zbekistonga kelib, sudga murojaat qilgan:

“30 - yanvar kuni Jizzaxga borib, sudga, Ichki ishlar bo‘limi va prokuraturaga shikoyat arizasi tashladim. 40 kun davomida Toshkent bilan Forish o‘rtasida bir necha marta borib-keldim. Biror natijaga erisha olmagach, asabiylashib, sog‘lig‘imni yo‘qotdim. Keyin Turkiyaga qaytib kelib davolandim”.

Dalgichga ko‘ra, u advokat yollab, sakkiz oy davomida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Ichki Ishlar vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Bosh prokuraturaga bir necha bor rasman murojaat qilgan. Biroq hech qanday natijaga erishmagan.

Joriy yilning 2 - fevral kuni Toshkentdagi Turkiya elchixonasi “Dalgic Hayvancilik” shirkati duch kelgan vaziyat borasida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga nota yo‘llab, muammoni hal qilishda yordam so‘ragan.

“O’rmancha- capers” MChJning Ozodlik bog‘langan mulozimi “Dalgic Hayvancilik” shirkati da’volarini inkor qilmadi. Biroq tafsilotlarini ochiqlashni istamadi.

“Buni huquq-tartibot idoralari hal qilsin. Sizga hech narsa deya olmayman”,- dedi mulozim.

“O’rmancha- capers”ga yaqin manbaning aytishicha, bir oy avval ushbu kompaniyaning ikki rahbari o‘zbekistonlik bir tadbirkordan 50 ming dollar olib, mahsulot yetkazib bermagani uchun sudlangan.

“Ularni “Firibgarlik” moddasi bo‘yicha aybdor deb topib, har biriga olti yillik qamoq jazosi berdi. Ular faqat turklarni aldamagan, o‘zimiznikilarni ham chuv tushirgan. Lekin bu sud ishida turklar masalasi ko‘rilmadi. Unda faqat jizzaxlik tadbirkorning arizasi bo‘yicha ish ko‘rildi”,- dedi “O’rmancha- capers”ga yaqin manba.

“O’rmancha- capers” rahbarlari
“O’rmancha- capers” rahbarlari

Ahmet Dalgich yaqinda u o‘z shirkati nomidan Toshkentga vakil jo‘natgani, biroq vakiliga u yerda tahdid qilinganini iddao qildi.

“Men sog‘lig‘im yomonlashgach, O‘zbekistonga boshqa bora olmadim. O‘z vakilimni jo‘natdim. U sudga, ichki ishlarga bordi. Biroq bizning ishimizni hech kim tekshirmayapti. Mening O‘zbekistonga jo‘natgan vakilimga “O’rmancha- capers” rahbarlari o‘lim bilan tahdid qilishgan”, - deya iddao qiladi Ahmet Dalgich. U bu iddaosini prezident Mirziyoyevga yo‘llagan murojaatida ham takrorlagan.

Ozodlik “Dalgic Hayvancilik” shirkati tomonidan O‘zbekistonga jo‘natilgan vakili Ali Akcha (Ali Akça) bilan 6 - avgust kuni bog‘langanida u o‘lim tahdidi olgani haqida ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgani va ikki kundan beri ko‘chaga chiqishga qo‘rqib o‘tirganini aytdi.

Ozodlik Forish tuman Ichki ishlar bo‘limidan Ali Akchaning o‘lim tahdidi olgani borasidagi iddaosi yuzasidan biror ma’lumot ololmadi. IIB xodimi bu ishdan bexabarligini aytish bilan cheklandi.

Ozodlik 6 - avgust kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi mulozimiga Turkiyaning “Dalgic Hayvancilik” shirkati rahbarining da’vo va iddaolari borasida murojaat qildi. Biroq mulozim buni hech qanday ko‘rinishda izohlamadi.

Kovul.
Kovul.

Jizzax – kovul yetishtirish bo‘yicha O‘zbekistonda yetakchi hisoblanadi. Mamlakat bo‘yicha kovul eksportining 79 foizi aynan Jizzaxda yetishtiriladi.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, “O’rmancha- capers” kompaniyasi o‘tgan yilning yanvar-avgust oylarida Italiya, Ispaniya va Rossiyaga jami 2,3 tonna kovul eksport qilgan.

“O’rmancha- capers” kompaniyasining kovul qadoqlaydigan sexi
“O’rmancha- capers” kompaniyasining kovul qadoqlaydigan sexi

O‘zbekistonda xorijlik tadbirkorlarning firibgarlik yo‘li bilan aldanish holatlari haqida Ozodlik avval ham bir necha bora yozgan.

Jumladan, o‘tgan oy Toshkentda hujumga uchragan afg‘onistonlik tadbirkor Abdul Jalil Askandari va uning advokati Nodir Boltayev voqeasi haqida yozilgandi.

Boshqa bir afg‘onistonlik investor Abdul Razzoq (Mr.Abdul Razek) muammosi o‘tgan yili Ozodlik orqali yoritilgach uning “tuxum ortilgan furalari “Hayraton” ko‘prigidan o‘tib, manzilga yetganini” bildirgan.

5 - avgust kuni Kun.uz nashri o‘zbek tadbirkoridan aldangan uch xorijlik investor voqeasini yoritgan edi.

Ushbu videoda Buyuk Britaniya, Xitoy va Erondan kelgan investorlar O‘zbekistonda huquqlari poymol bo‘layotganini aytib, reyderlikka urinish, mulkni majburiy egallab olish va pulni qaytarmaslik holatlaridan shikoyat qilishgan.

XS
SM
MD
LG