O‘zbekistonda 2024-yilda 132 ming 298 ta jinoyat sodir etilgan. Jinoyatlar soni mamlakat bo‘yicha har 100 ming aholiga 199 tadan to‘g‘ri kelgan.
Bu raqamlar 26-fevral kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida Ichki ishlar vazirligi mas’ullar tomonidan ochiqlangan.
O‘tgan yilda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 92,4 foizi fosh etilgan. Qidiruvdagi shaxslarning 8736 nafari ushlangan va bedarak yo‘qolganlarning 567 nafari topilgan.
Senat qo‘mitasi yig‘ilishida ma’lum qilinishicha, oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyatlar soni hanuzgacha jinoyatlarning salmoqli qismini tashkil etmoqda. Bu turdagi jinoyatchilikning asosiy ulushini o‘g‘rilik va firibgarlik tashkil etib, ularning 59,4 foizi yoshlar va 36,1 foizi ilgari sudlanganlar tomonidan sodir etilgan.
Kiberxavfsizlik yo‘nalishida 58,8 mingta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, ularning 97,7 foizi fuqarolarning bank plastik kartalaridagi pullarni qo‘lga kiritish bilan bog‘liqdir.
Senat matbuot xizmati qaydicha, avtomobil yo‘llarida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisalari, unda jarohatlanganlar va vafot etganlar soni bo‘yicha 2023-yilga nisbatan kamayishga erishilgan bo‘lsa-da, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ta’sirchan nazorat hali ham to‘liq va samarali o‘rnatilmagan. Oqibatda hisobot davrida 9364 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilib, 8901 nafar fuqaro jarohatlangan va 2203 nafar fuqaro halok bo‘lgan.
Ozodlik avvalroq 2024-yilda mansab suiiste’molligi oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan zarar 3,61 trillion so‘mga yetgani, mamlakat bo‘yicha 4906 nafar mansabdor shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar qilgan edi.