Линклар

 
O‘zbekiston 86 turdagi tovarlarga boj joriy qilmoqda
Шошилинч хабар
02 апрел 2025, Тошкент вақти: 23:21

O‘zbekiston 86 turdagi tovarlarga boj joriy qilmoqda


Samarqand viloyati Jartepa o‘tkazish posti.
Samarqand viloyati Jartepa o‘tkazish posti.

O‘zbekiston hukumati 2025-yil 1-iyuldan e’tiboran go‘sht mahsulotlari, bug‘doy, guruch, shuningdek, tabiiy gaz, paxta tolasi kabi strategik xomashyo mahsulotlariga eksport bojlari joriy etadi.
Prezidentning “Mahsulotlar eksporti tartib-taomillarini takomillashtirish va qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 47-sonli farmonida ushbu chora eksport tartib-taomillarini JST qoidalariga muvofiqlashtirish maqsadi bilan izohlangan.

Mazkur hujjatga muvofiq, charm xomashyosi va yarim tayyor charm mahsuloti, ipak xomashyosi, paxta ip-kalavasi va trikotaj mato tovarlariga ham eksport bojlari belgilanmoqda.
Qo‘shilgan qiymat yaratish, qayta ishlash sanoatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida respublikada ishlab chiqariladigan strategik xomashyo mahsulotlariga (tabiiy gaz, paxta tolasi, paxta linti, mineral o‘g‘itlar, polietilen, polipropilen, polisterol, polietilentereftalat, PVX, mis xomashyosi) ham ushbu tartib tatbiq etiladi.

Qator holatlarda 10 foizdan 100 foizgacha miqdordagi eksport bojlari bekor qilinayotgan yig‘imlar o‘rnini egallaydi.

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati qaydicha, yangi farmon eksport tartib-taomillarini yanada takomillashtirish, mahalliy xomashyo asosida qo‘shilgan qiymatga ega tayyor mahsulot ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va qayta ishlash sanoatining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.


Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov 86 turdagi tovarlarga eksport bojlari joriy etilayotganini “madaniyatli tashqi savdo qoidalari tomon oldinga tashlangan navbatdagi qadam” deb baholagan. Ayni paytda ekspert tabiiy gaz uchun eksport bojini 20 foizdan 100 foizga oshirishni taklif etgan.

“Shunday ekan, agar milliy iqtisodiyotimizni, xalqimizni, bizneslar manfaatini o‘ylasak, gaz eksporti uchun bizga 100%lik, ya’ni taqiqlovchi eksport bojlari kerak”, deb yozgan O.Bakirov.

XS
SM
MD
LG