O‘zbekistonlik tadbirkorlar Afg‘onistonning muhim tarmoqlariga, jumladan, neft va gaz konlarini qidirish va qazib olish, sanoatni rivojlantirish, Samangan viloyatida sement zavodi qurilishiga sarmoya kiritadi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Toshkentda Afg‘oniston muvaqqat hukumati bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mullo Abdul G‘ani Barodar bilan muzokaralarda ma’lum qilgan.
Gazeta.uz nashrining xabar qilishicha, Mullo Abdul G‘ani Barodar tashrifni samarali deb atagan va O‘zbekiston rasmiylari bilan muzokaralar chog‘ida savdoni kengaytirish, elektr energiyasi importi, Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, temiryo‘l qurilishi bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini ta’kidlagan.
“Tolibon” mulozimiga ko‘ra, elektr uzatish liniyasini qurish loyihasi qiymatini 252 mln dollardan 222 million dollargacha kamaytirishga muvaffaq bo‘lingan.
“Savdo, energetika, aviatsiya, qishloq xo‘jaligi, temiryo‘l transporti sohalarida tegishli vazirlar bilan bir necha bor uchrashuv o‘tkazildi. Bu yo‘nalishlarda yanada oldinga siljish mumkin”, degan Barodar.
“Tolibon” mulozimi 23-fevral kuni O‘zbekiston bilan Hayraton–Hirot temiryo‘li loyihasi bo‘yicha ham kelishuvga erishilgani, qurilish texnik-iqtisodiy asoslash yakunlanganidan keyin 10 kun ichida boshlanishini ma’lum qilgan.
Tomonlar, shuningdek, o‘nta afg‘on tovariga va o‘nta o‘zbek tovariga bojxona to‘lovlarini nolga tushirishga kelishishgan.
Ozodlik avvalroq O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Toshkentda Tolibon shakllantirgan afg‘on hukumati rahbarining o‘rinbosari v.b. Mullo Abdul G‘ani Barodar bilan muzokara o‘tkazgani haqida xabar qilgan edi.
O‘zbek rasmiylari “Tolibon” harakati vakillari 2021-yil 15-avgustida Kobulni egallab olganidan buyon ular bilan orani buzmaslikka urinib kelishadi. Rasmiy Toshkent toliblar hokimiyat tepasiga kelganidan buyon bir necha bor Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini yo‘llagan.
Toliblar hokimiyatga kelganidan buyon dunyodagi mamlakatlardan birontasi u shakllantirgan hukumatni rasman tan olgan emas.
O‘zbekiston Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasini 2024-yil fevral oyida yangi ma’muriyat ixtiyoriga topshirgan.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 2024-yil 9-oktyabr kuni Afg‘onistonning Toshkentdagi diplomatik missiyasi yangi rahbari Abdul G‘affor Teraviyni qabul qilgan.
O‘tgan yil oxirida Afg‘oniston milliy elektr energiyasi shirkati (DABS) O‘zbekiston bilan elektr energiyasi importi bo‘yicha kelishuv muddatini uzaytirgandi.