Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida 15 dan ziyod hujjat imzolandi


Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga ikki kunlik tashrifi doirasida 16 ta ikki tomonlama hujjat imzolangan.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga muvofiq, ikki davlat prezidentlarining muzokaralari yakunida dastavval Shavkat Mirziyoyev bilan Sadir Japarov Keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish va kengaytirish to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotga qo‘l qo‘yishgan.

Shundan so‘ng mezbon va mehmon prezidentlar huzurida Qirg‘izistonning Issiqko‘l viloyati hududida joylashgan kurort-hordiq xo‘jaligi obyektlari bo‘yicha hukumatlararo bitim, Fuqarolarning o‘zaro kelib-ketishlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlash to‘g‘risida bayonnoma, Qurilish faoliyati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Mehnat, aholi bandligi va migratsiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Madaniyat va san’at sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Davlat xizmati sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, 2024-2030-yillarda o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, 2024-2026-yillarda jismoniy tarbiya va sport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, 2024-2026-yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi", O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Qirg‘iziston prezidenti huzuridagi Strategik tashabbuslar milliy instituti o‘rtasidagi memorandum va boshqa hujjatlar imzolangan.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov davlat tashrifini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 18-iyul kuni ertalab rafiqasi Aygul Japarova bilan birgalikda uchib kelgan. Mehmonlarni Toshkent xalqaro aeroportida prezident Shavkat Mirziyoyev va uning rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva kutib olishgan.

Ko‘ksaroy qarorgohida o‘tkazilgan tantanali kutib olish marosimi ortidan avvaliga ikki prezidentning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Unda, jumladan, ikki davlat o‘rtasida parlamentlar, hukumatlar, tashqi siyosat va tarmoq idoralari darajasidagi muloqotlar natijadorligini oshirish, xalqaro va mintaqaviy maydonlar, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, mintaqa davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari, “Markaziy Osiyo plyus” formatlari doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish zarurligi ta’kidlangan, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkazish, qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, strategik ahamiyatga ega mintaqaviy loyihalarni, jumladan, “Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston” temir yo‘li va Qambarota GES-1 qurilishini tez fursatda amalga oshirish masalalari muhokama qilingan.

Ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda o‘tkazilgan muzokaralarda esa, prezident matbuot xizmati qaydicha, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, transport, qishloq va suv xo‘jaligi, xavfsizlik, madaniyat va boshqa muhim yo‘nalishlardagi hamkorlik natijalari tanqidiy tahlil qilingan. Muzokaralar chog‘ida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar va hududlar, ishbilarmonlar, ekspertlar va jamoatchilik darajasida faol aloqalarni davom ettirishga kelishib olishgan. Shuningdek, Davlatlararo kengash tuzishga qaror qilingan.

Yig‘ilishda bosh vazirlar o‘rinbosarlarining hisobotlari va savdo-iqtisodiy hamkorlik yuzasidan aniq takliflari tinglangan, muzokaralar yakunida esa prezidentlar qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berishgan.

Ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng Mirziyoyev va Japarov videoaloqa formatida yirik kooperatsiya loyihalarini ishga tushirish marosimida ishtirok etishgan. Jumladan, prezidentlar Farg‘ona va Namangan viloyatlarida umumiy quvvati 400 megavatt bo‘lgan ikkita quyosh elektr stansiyasi qurilishiga start berishgan. Mazkur stansiyalarda ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Qirg‘izistonga yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Qirg‘izistonning Chuy viloyatida “Kobalt”, “Oniks” va “Treker” rusumli yengil hamda yuk avtomobillari yig‘iladigan zavodni ishga tushirishgan. Prezidentlar Qirg‘iziston Qorabolta shahrida joylashgan tikuv-trikotaj mahsulotlari va mato ishlab chiqaradigan fabrikani ham onlayn tarzda ochib berishgan.

Qirg‘iziston prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifiga oid tadbirlar 19-iyul kuni ham davom etadi.

XS
SM
MD
LG