Линклар

Шошилинч хабар
22 декабр 2024, Тошкент вақти: 23:53

O‘zbekiston Internet erkinligi reytingida yuqoriladi, ammo Internet erkin bo‘lmagan davlatlar qatorida qoldi


O‘zbekistonda bir necha ijtimoiy tarmoq faoliyati cheklanganidan keyin VPN ilovalarini Internetdan ko‘chirib olish keskin ko‘paygan.
O‘zbekistonda bir necha ijtimoiy tarmoq faoliyati cheklanganidan keyin VPN ilovalarini Internetdan ko‘chirib olish keskin ko‘paygan.

AQShda joylashgan Freedom House inson huquqlari tashkiloti o‘zining bu yilgi jahondagi Internet erkinligi reytingida O‘zbekiston 2020 - yilga nisbatan bir pog‘ona yuqorilagani, ammo mamlakat hanuz Internet erkin bo‘lmagan avtoritar davlat sifatida qolayotganini ma’lum qildi.

Hisobotning O‘zbekistonga bag‘ishlangan qismida qayd etilishicha, Internet erkinligi reytingida 2020 - yilda 27-o‘rinda bo‘lgan bu davlat 2021 - yilda 28- o‘ringa ko‘tarildi.

“O‘zbekistonda Internet erkinligi, birinchi navbatda mamlakat bo‘ylab Internetga ulanish imkoniyati kengaytirilgani ortidan, bir oz o‘sgani kuzatildi. Biroq hukumat onlayn muhit ustidan nazoratni susaytirgani yo‘q. Hukumat veb-saytlarni blok qilish va tanqidchilarni qo‘lga olib, ularni uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilishda davom etmoqda”,-deyiladi hisobotda.

Hisobot mualliflarining qayd etishlaricha, qo‘lga olishlar ma’muriy va jinoiy kodekslarga Internetda prezidentni haqorat qilganlik va jamoat xavfsizligiga tahdidga oid o‘zgartishlar kiritilgan bir paytda amalga oshirilgan.

Bundan tashqari, hukumat shaxsiy ma’lumotlarni O‘zbekiston ichida saqlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi va mazkur qonun ijtimoiy tarmoqlarga cheklovni oqlash uchun qo‘llanildi.

Ayni paytda Freedom House prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazayotgan islohotlar oqibatida matbuotga bosim ko‘rsatish darajasi bir oz kamayganini e’tirof etgan. Shu bilan bir qatorda tanqidchilarni qamoqqa olish yoki qo‘rqitish amaliyoti ham to‘xtatilmagan.

Hisobot mualliflari 2021 - yilning mayida bloger Otabek Satoriyning 6,5 yilga qamalgani, mart oyida esa bloger Miraziz Bozorov kaltaklanganini misol qatorida keltirganlar.

Surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning mahalliy hokimiyat idoralaridagi korrupsiyaga qarshi chiqishlari ortidan qamoqqa tashlanishi xalqaro tashkilotlarning tanqidlariga sabab bo‘lgan.

Jinoyat kodeksining bir jinsli shaxslar haqidagi bandini bekor qilishga chaqirib kelgan bloger Miraziz Bozorov esa 28 - mart kuni Toshkentdagi uyi oldida noma’lum shaxslar tomonidan do‘pposlab ketilgan.


Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekistonda Internetga ulanish tezligi nisbatan sekin, ammo bu masalada ijobiy tomonga o‘zgarishlar sezilmoqda.

Ozodlik radiosi iyul oyida O‘zbekistonda bir necha ijtimoiy tarmoq faoliyati cheklanganidan keyin VPN-ilovalarini Internetdan ko‘chirib olish keskin ko‘paygani haqida xabar bergan edi. O‘zbekistonlik Internet foydalanuvchilar tarmoq tezligi keskin tushib ketganidan shikoyat qilib kelmoqda.

Freedom House hisobotida jahonda 11 yildan beri Internet erkinligi susayib borayotgani ta’kidlandi. Erkinlikning cheklanishi, ayniqsa, Myanme, Belarus va Ugandada juda kuchli bo‘lmoqda. Masalan, Myanma bir yil ichida mazkur reytingda 14 pog‘onaga pastlagan. Bu Internet erkinligi hisoboti e’lon qilinish boshlanganidan beri o‘tgan davrda eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.

Hisobotda kamida 48 ta davlatda so‘nggi bir yil ichida Internet erkinligini cheklovchi yangi tartiblar joriy etilgani qayd etildi. Bundan tashqari, bir yil ichida kamida 20 davlatda Internetga ulanish to‘xtatildi, 21 davlatda esa ijtimoiy tarmoqlarga to‘siq qo‘yildi.

Kamida 45 ta davlat hukumatlari xususiy shirkatlardan shaxsga oid ma’lumotlarni o‘g‘irlovchi texnologiyalarni va dasturlarni sotib olgan.

Xitoy qatorasiga yetti yildan beri Internet erkinligi eng cheklangan davlatlar qatorida qolmoqda. Xitoy hukumati Internetda o‘zgacha fikrlovchilar, voqealarni mustaqil va xolis yoritayotgan blogerlarga nisbatan uzoq muddatli qamoq jazosini joriy etdi.

Internet erkinligi hisobotida Qo‘shma Shtatlar reytingi ham qatorasiga besh yildan beri pastlab bormoqda. AQShning yangi rahbariyati bu vaziyatni o‘nglash maqsadida Internet foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan choralarni ishlab chiqishga va’da berdi.

XS
SM
MD
LG