Markaziy bank e’lon qilgan joriy yil 9 oyi davomida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari bo‘yicha statistika ana shundan dalolat beradi.
Yanvar-sentyabr oylarida ipoteka krediti hajmi 2023-yilning shu davriga nisbatan 4,1 foizga, oluvchilar soni esa qariyb 20 foizga kamaygan.
9 oy davomida jami 11,73 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu 2023-yilning ushbu davriga nisbatan 4,1 foizga (490,3 mlrd so‘m) kamdir.
“Gazeta.uz” nashrining yozishicha, ko‘rsatkichning pasayishi barcha manbalar, jumladan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi (-189,8 mlrd so‘m), banklarning o‘z mablag‘lari (-222 mlrd so‘m) va Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi (-78,5 mlrd so‘m) hisobidan moliyalashtirishni qisqartirish hisobiga yuz bergan.
Turarjoyning asosiy bozorlari hisoblangan Toshkent shahrida ipoteka krediti hajmi sezilarli darajada qisqargan. Poytaxtda berilgan bu turdagi kreditlar 3,76 trln so‘mdan 3,5 trln so‘mgacha (-6 foiz) tushgan.
Avvalroq Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ham O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozorida pasayish tendensiyasi kuzatilayotganini ma’lum qilgandi.
Markaz tahliliga ko‘ra, sentyabr oyida ro‘yxatga olingan ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlari soni avgust oyiga nisbatan 4,2 foizga kamayib, 21,2 mingtani tashkil etgan.