Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:44

O‘zbekiston islom moliyasini jalb qilmoqchi, ammo “halol bozor”ga to‘siqlar ko‘p


Prezident Shavkat Mirziyoyev uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida, 2-may, 2024
Prezident Shavkat Mirziyoyev uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisida, 2-may, 2024

2-may kuni Uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumida chiqish qilgan va xususan, Saudiya, BAA, O‘mon rasmiylari bilan so‘zlashgan prezident Shavkat Mirziyoyev, O‘zbekistonda islom sarmoyasi uchun barcha shart-sharoit yaratilishini va’da qildi.

Kuni kecha Anorbank va xalqaro Islom korporatsiyasi O‘zbekistonda ilk islom bankini ochish haqida kelishuv ham imzoladi.

Nega aynan Anorbank tanlandi - rasmiy xabarda bunga biror izoh yo‘q. Bu eng ko‘p reklama qilinayotgan va foiz stavkalari nisbatan yuqori bo‘lgan banklardan biri.

O‘zbekistonda islom banki tizimini yo‘lga qo‘yish haqida yillardan buyon aytiladi, ammo shu paytgacha amalga oshgani yo‘q.

Aksar ekspertlar, O‘zbekistonning erkin bo‘lmagan bank tizimi hamda yuqori inflyatsiya bilan, bundan keyin ham islom banki bo‘lishiga shubha qilmoqdalar.


2-may kuni Xalqaro kongress markazida uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining yalpi majlisi bo‘ldi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, tadbirda asosan musulmon o‘lkalar, jumladan Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, Singapur Parlamenti Spikeri Sia Kian Peng, Saudiya Arabistoni energetika vaziri Abdulaziz bin Salmon Ol Saud, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso va boshqalar qatnashgan.

Forumga dunyoning 93 mamlakatidan ikki yarim ming nafardan ziyod xorijiy mehmon borgani aytildi. Prezident bu forumda asosiy e’tiborni yana sarmoyaga qaratdi.

“Albatta, biz bugun jahonda investorlar uchun mislsiz kurash ketayotganini yaxshi tushunamiz. Biroq bir o‘zgarmas haqiqat tobora oydinlashmoqda. Hech bir mamlakat bu kabi o‘tkir muammolarni yakka holda hal eta olmaydi. O‘zaro ishonch va hurmat ruhi, bir-birini qo‘llab-quvvatlash tamoyili uzoq muddatli hamkorlikning mustahkam ustuni bo‘lib qolaveradi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bilan bog‘liq tendensiyalar “umidlarni oqlamayotgani”, o‘tgan yilda rivojlanayotgan davlatlarga kiritilgan investitsiyalar umumiy hajmi 9 foizga kamayganiga alohida urg‘u berdi.

Ma’lumki, avvaliga “Kovid-19” pandemiyasi, uning ortidan Rossiyaning Ukrainaga bosqini Markaziy Osiyo mamlakatlariga yo‘nalgan moliyaviy ko‘mak va sarmoyani nisbatan sustlashtirgani kuzatilmoqda.

Mintaqadagi an’anaviy yirik o‘yinchi - Rossiya urush bilan ovora hamda G‘arbning mislsiz sanksiyalari ostida.

Natijada, Markaziy Osiyo mintaqasi so‘nggi bir necha yilda ko‘proq Xitoy, Turkiya va asosan, arab davlatlari bilan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishga urinmoqda.

Jumladan, prezident Shavkat Mirziyoyev, 2-may kuni, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, O‘mon rasmiylari bilan yana “savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy yo‘nalishlarda”muzokaralar o‘tkazgani aytildi.

Rasmiy Toshkent sarmoya so‘rab yuzlanayotgan bu davlatlarning barchasi islom davlatlari va ularda moliya, savdo yoki sarmoya munosabatlari shariat asosida yuritiladi.

27-30-aprel kunlari Riyodda bo‘lgan Islom taraqqiyot bankining (ITB) yillik anjumanida aynan shu haqda gap bordi. Ishtirokchilar yana bir bor, O‘zbekistonda islom moliyasini rivojlantirish shartini ilgari surdi.

Xabarlarga ko‘ra, muzokaralar natijasida, Anorbank Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi (XSRIK) bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.

Memorandum, tomonlar birgalikda O‘zbekistonda birinchi “Islomiy bank”ini tashkil etish loyihasini ishlab chiqishini ko‘zda tutadi.

Islom moliyasi:

  • Islom moliyasi - pul mablag‘laridan foydalanish va taqsimlash jarayonida Islom qoidalariga asoslangan moliyaviy munosabatlar tizimi.
  • Islom banklari - shariat asosidagi moliyaviy munosabatlarni yurituvchi tuzilma.
  • Islom banki va moliyaviy institutlari qarz/kredit berish evaziga foiz hisobida foyda olmaydi. Bunda foyda loyihalarni moliyalashtirishdan olinadi.
  • Mablag‘ biznesga investitsiya qilinadi hamda foydasi bank va omonatchi o‘rtasida bo‘linadi. Tomonlar foydaga ham, zararga ham birdek sherik bo‘ladi.
  • Bundan tashqari, faoliyatning Islomda taqiqlangan/harom qilingan turlari moliyalashtirilmaydi.

Asosiy xizmat turlari:

  • “Murobaha” - tovar narxiga ustama qo‘yiladigan va qo‘yilmaydigan halol muddatli to‘lov. Bunda Islom banklari mahsulot va xizmatlarni xarid qilish va keyin ularni muddatli to‘lovga sotish bilan shug‘ullanadi.
  • “Mushoraka” - bitta g‘oya yoki ishni birgalikda moliyalashtirish. Jismoniy shaxslar va korxonalarning ishtirok etishiga ruxsat beriladi. An’anaviy iqtisodiyotda ushbu sxemani hissali moliyalashtirish, deb atashadi.
  • “Muzoraba”- sarmoyador o‘z mablag‘ini kelgusida biznesni rivojlantirishga sarflanishi uchun moliyaviy tashkilotga beradi. Foydani taqsimlash shartlari oldindan kelishib olinadi.


Anorbank - O‘zbekistondagi ilk mahalliy raqamli tijorat banki sifatida tilga olinadi.

Rasmiy xabarga ko‘ra, bu bank boshchiligida ochiladigan yangi “Islomiy bank” O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq tashkil etiladi va xorijiy sarmoyalarni jalb etishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston qonunchiligida esa islomiy shartlar asosida ishlovchi bank yoki boshqa turdagi moliya institutlari nazarda tutilmagan. Ya’ni, “Islomiy bank” ochish uchun huquqiy maydonning o‘zi yo‘q.

Bunday sharoitda shariatga asoslangan bank O‘zbekistonda qanday ochiladi va qanday ishlaydi - Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bu borada aniq bilan yo‘l xaritasi hozircha O‘zbekistondagi banklarning o‘zida ham yo‘q.

Farg‘onalik bankir Nabijon Mamajonov, bundan buyon O‘zbekiston hukumati “Islomiy bank”ni ochishga majbur, degan xulosada.

Mamajonov, o‘zining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib tijoriy bank ochishga uringan va buning uchun xorijiy sarmoyani ham jalb qila olgan, ammo konvertatsiya yo‘qligi bois, rejasini amalga oshira olmagan.

Mamajonovning ishonishicha, Rossiyaning Ukrainaga bosqini bois G‘arb davlatlarining Markaziy Osiyoga e’tibori kamaygani fonida, rasmiy Toshkent arab davlatlari va xususan Turkiya bilan moliyaviy aloqalarni kuchaytirishiga turtki bo‘lmoqda.

Bu davlatlardan keladigan sarmoya va buning uchun ko‘rsatiladigan bank hamda moliya institutlari xizmatlari o‘z-o‘zidan O‘zbekistonda tezlik bilan “Islomiy bank” tizimini yo‘lga qo‘yishni taqozo qilmoqda.

Ammo, Moliya vazirligiga yaqin Ozodlik manbasiga ko‘ra, Anorbank - an’anaviy, ya’ni xizmat haqi va foiz stavkalari yuqori bo‘lgan, faoliyati asosan foiz ustiga qurilgan banklardan biridir.

“Islomiy bank” uchun, avvalo shariatga ko‘ra yig‘ilgan dastlabki kapital bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, bu bankni avvalgi “Kapitalbank” menejerlari ochgan va faqat foiz hisobiga ish yuritgan, sistemasi shuning ustiga qurilgan. Oddiy klassik bank bo‘lgan Anorbank bir aylanib shariat banki bo‘lib qolishi mumkin emas. Hozir uzog‘i bilan, bu bankda ham “Islomiy darcha” ochilishini kutish mumkin. 2020-yillardan beri banklarda shunaqa darchalar bor. Asosan, xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasidan jalb etilgan kreditlar bo‘yicha ishlayapti bu darchalar”, dedi Moliya vazirligiga yaqin Ozodlik manbasi.

Bunga qadar “Xalq banki”, “Turonbank”, “Trastbank”, “Oriyent Finans Bank”, “Mikrokreditbank”lar ham O‘zbekistonda islomiy moliya sektorini rivojlantirish bo‘yicha XSRIK bilan kelishuvlar imzolagan.

O‘zbekistondagi banklar 2020 - 2024-yillar oralig‘ida XSRIKdan jalb qilgan umumiy kredit miqdori 100 million AQSH dollari atrofida

  • XSRIK - 1999-yilda tashkil qilingan, Jidda shahrida joylashgan, Islom taraqqiyot bankining bir qismidir.
  • Tashkilot a’zo davlatlarda xususiy sektorni moliyalashtirish, xizmat ko‘rsatish va tashqi investitsiyani jalb qilishda ko‘maklashadi.
  • O‘zbekiston bu korporatsiyaga 2004-yil, 14-sentyabrda a’zo bo‘lgan.

Ammo, O‘zbekistonda hanuz “Islomiy bank” ochilgani yo‘q. Aksar banklarda islom moliyasi asosida xizmat ko‘rsatayotgan “Islom darcha”lari faoliyat yuritmoqda.

Kuzatuvlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi “Islom darcha”laridagi xizmatlar cheklangan. Bu darchalar orqali xorijdan olib berilayotgan kredit miqdori ko‘pi bilan 5 million dollar atrofida bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, shariat asosida islom o‘lkalaridan jalb qilinayotgan kreditlarning shartlari ham og‘ir.

“Ya’ni, hozir O‘zbekistonda sof islomiy bankka zarurat yo‘q, menimcha. Agar ochilsa ham, ularning moliya bozoridagi ulushi 2 - 3 foizdan oshmaydi. Ya’ni, yirik loyihalarni shariat shartlari asosida O‘zbekistonda amalga oshirib bo‘lmaydi. Hozir hukumat bundan manfaatdor, chunki chetdan 200 - 300 million dollar qo‘shimcha pul kirishi mumkin. Ammo odamlarda shariat bankida foiz bo‘lmaydi, deganga o‘xshash miflar bor. Aslida aholi ham katta boshlang‘ich to‘lov berib, ham riskka sherik bo‘lib, shariat bankiga pulini bermaydi, berolmaydi, menimcha”, deydi Moliya vazirligiga yaqin Ozodlik manbasi.

Kuzatuvlarga ko‘ra, hozir islomiy moliya sektori dunyo bo‘ylab, yiliga 15% dan 25% gacha o‘sib bormoqda. So‘nggi raqamlarga ko‘ra, bu sektorning jahondagi jami aktivi $2,7 trilliondan ortgan.

Bu sektor hozirda Saudiya Arabistoni, Eron, Malayziyada juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Bu sektor ulushi 3 davlatda jami mavjud global hajmning 66 foizini tashkil qiladi.

Islom banklari nafaqat aholisining asosiy qismi musulmon bo‘lgan yoki islom davlatlarida, balki g‘arb davlatlarida ham rivojlanib bormoqda.

Hozirga kelib, bunday moliya Markaziy Osiyoda eng sust borayotgan davlat - aholisi eng ko‘p (37 milliion) va katta qismi (93 foizi) musulmon bo‘lgan O‘zbekistondir.

2023-yil 30-sentyabr holatiga ko‘ra, mintaqada islomiy moliyalashtirishning umumiy hajmi bor-yo‘g‘i 500 million dollarni tashkil qilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi ekspertlari kuzatuviga ko‘ra, postsovet hududida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va Ozarbayjonda islom banki va moliyasini rivojlantirish uchun katta imkoniyat bor.

Ammo S&P Global Ratings tahlilchilariga ko‘ra, islom banklariga bu davlatlarda moliyaviy bozorning murakkabligi va to‘la erkin emasligi, aholi daromadlarining pastligi va inflyatsiya darajasining yuqoriligi, huquqiy normalarning mavjud emasligi kabi jiddiy to‘siqlar bor.

Yana bir jiddiy omil - huquqiy asosning yetishmasligi va umumiyatla, bu davlatlarda Islom dini kishilarning shaxsiy e’tiqodi bo‘lib, davlat va jamiyat hayotida rol o‘ynamasligidir.

Dunyoda musulmon aholi soni 1 milliard 900 milliondan ortdi. Bundan tashqari, musulmon aholining asosiy qismi dunyoning rivojlanayotgan davlatlarida istiqomat qiladi.

Shu bois, hozir dunyoning rivojlangan davlatlarida bank va moliya institutlari islom moliyasi asosidagi xizmatlarni yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Deutsche Bank, HSBC, Citi bank kabi yirik banklarda islom moliyasi asosida xizmat ko‘rsatadigan sho‘balari bor.

Ular halol manbalardan jalb qilingan kreditlarni shariat qoidalari asosida mijozlarga taqdim qiladi va xizmat ko‘rsatadi.

Mahalliy matbuot xabarlariga ko‘ra, O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Islom moliyasini joriy etish byudjetga qo‘shimcha 100 mln dollar foyda keltiradi, deb taxmin qilmoqda.

XS
SM
MD
LG