Линклар

Шошилинч хабар
25 декабр 2024, Тошкент вақти: 21:21

O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘lini kim moliyalashtiradi?


O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li loyihasi 1990‑yillardan beri muhokama qilib kelinadi, ammo loyiha hozirgacha amalga oshmadi.

Bu yo‘l Xitoy mollarini Kavkaz orqali Fors ko‘rfazi va Turkiyaga olib chiqishi mumkin. Ammo chorak asr davom etgan muzokaralarga qaramay, muammolar o‘zgarmay qolmoqda. Bular orasida murakkab va tog‘li yerlar va mablag‘ tanqisligini aytish mumkin.

“Eurasianet” nashrida e’lon qilingan maqolada e’tirof etilishicha, muammoning katta qismi Qirg‘izistondir. Ayni damda mamlakat hukumatida mablag‘ yo‘q, Pekindan qarzlar esa oshib bormoqda.

Bishkekning umumiy qarzi 4.8 milliard dollar bo‘lib, uning 1.8 milliard dollarini Xitoyning Eksim banki bergan. Mutaxassislar fikricha, endilikda Xitoy Markaziy Osiyoda infratuzilma loyihalari uchun ko‘p milliard dollarlik kredit berishga oshiqmayapti.

Mart oyida o‘zbekistonlik hamkasbi Abdulla Aripov bilan uchrashgan Qirg‘iziston bosh vaziri Uluqbek Maripov O‘zbekiston "temir yo‘lning ayrim uchastkalarini" moliyalashtirishga tayyorligini izhor qilganini ta’kidladi. Ammo rasmiy Toshkent bu borada izoh bermadi.

Ayni damda G‘arb va Sharq o‘rtasida yukning 90 foizi Rossiya temir yo‘llari orqali tashiladi. Shuning uchun ham Moskva O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘lini qo‘llashga oshiqmayapti.

Bunday yo‘l Xitoy uchun qo‘l kelgan bo‘lardi. Ayni damda Xitoy sharqidagi Iu shahridan Qozog‘iston, O‘zbekiston va Turkmaniston orqali Eronga chiqadigan 10 400 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l bor. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li esa bu yo‘lni sezilarli darajada qisqartirgan bo‘lardi.

Ammo keyingi paytda Xitoy yirik transmilliy infratuzilma loyihalariga yondashuvini o‘zgartirdi va moliyalash uchun sherik izlay boshladi.

Qirg‘iziston o‘z hududidan o‘tadigan 270 kilometrlik yo‘lni mustaqil moliyalay olmaydi. O‘tgan yili “Qirg‘iz temir yo‘li” davlat korxonasining o‘sha paytdagi direktori Vasiliy Dashkov temir yo‘l loyihasi Bishkekka 4.5 milliard dollarga tushishini taxmin qilgan edi.

“Railway Gazette” nashri muxbiri Endryu Grantem “Eurasianet” nashriga bergan intervyusida:

“Xitoydan Yevropaga yuk yubormoqchi bo‘lganlar eng yaxshi narx va ishonchli yo‘lni tanlashadi. Rossiya aynan shuni taklif qila oladi, chunki Rossiya orqali yuk yuborganda chegara soni ham, ishlashingiz kerak odamlar soni ham oz bo‘ladi. Qolaversa, bu boshdan‑oxir yaxshi yo‘lga qo‘yilgan tizimdir. Agar siz ushbu transkontinental sayohat uchun Qirg‘iziston orqali o‘tsangiz, bir nechta farqli boshqarmalarga duch kelgan bo‘lardingiz”, dedi.

O‘tgan yili hali yakunlanmagan O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy liniyasi sinab ko‘rildi. Qirg‘iziston hududida temir yo‘l hali yotqizilmagani uchun 2.6 million dollarlik qiymatga ega yuklar Xitoyning Shinjon Uyg‘ur tumanidagi Qashqar shahrida poyezddan tushirilib, yuk mashinalariga ortildi. Qirg‘izistonning O‘sh shahrida esa yuklar Toshkentga boruvchi poezdga ortildi.

Toshkentda poezdga 1 million dollar qiymatga ega 525 tonna o‘zbek paxtasi ortildi. Bu yuk ham O‘shda poyezddan tushirilib, yuk mashinalariga, so‘ng Qashqarda yana poyezdga ortildi. Bu amaliyot uchun 10 kun ketdi.

Temir yo‘l bu vaqtni sezilarli qisqartirgan bo‘lardi. Toshkentdagi Rossiya iqtisodiyot universiteti akademigi Ravshan Nazarov bunday yo‘l O‘zbekistonni "raqobatbardosh va xalqaro savdo-sotiqning asosiy ishtirokchilari uchun qiziqarli qilgan bo‘lardi", dedi.

Shuning uchun, Nazarovning aytishicha, O‘zbekiston “temir yo‘lni qurishdan qaysidir ma’noda boshqa ikki davlatga qaraganda ko‘proq manfaatdor”.

Nazarov uch mamlakat eng qisqa temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yicha kelishib olganini aytdi. Avvalroq Qirg‘iziston rasmiylari yo‘lni Qirg‘izistonning yirik aholi punktlaridan o‘tkazish taklifini bergan edi.

Ammo Toshkent yo‘lning ozgina qismidan ko‘prog‘ini moliyalashtirishining o‘zi mushkul masala. Rossiya va Xitoy esa uni moliyalashga oshiqmayapti.

XS
SM
MD
LG