Линклар

Шошилинч хабар
21 декабр 2024, Тошкент вақти: 22:24

O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida to‘rtta hujjat imzolandi


O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan, Toshkent, 2024-yil 9-sentyabri
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan, Toshkent, 2024-yil 9-sentyabri

Rossiya hukumati delegatsiyasining Toshkentga ikki kunlik safari doirasida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va RF bosh vaziri Mixail Mishustin qo‘shma kommyunike imzolashgan. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.

O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati delegatsiyalar uchrashuvi chog‘ida boshqa qanday hujjatlar imzolanganiga aniqlik kiritgan emas, biroq bu hujjatlar RF hukumati portali xabarnomasida sanab o‘tilgan. Rossiya va O‘zbekiston hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiyaning beshinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma kommyunike, “Agroekspress” tezlashtirilgan temir yo‘l tashuvlarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish masalalari bo‘yicha RF va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi hamkorlikka oid shartnoma, Dori-darmonlar markirovkasi kodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni almashish maqsadida informatsion hamkorlik to‘g‘risida RF va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida tuzilgan shartnoma, Tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida RF va O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirliklari o‘rtasida tuzilgan anglashuv bayonnomasi shular jumlasidandir.

O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari vakillari o‘rtasida imzolangan hujjatlar ichida o‘zbek jamoatchiligining diqqat-e’tiborida bo‘lgan gaz oldi-sotdisi yoki AES qurilishiga oid bitimlar yo‘q.

O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bosh vazir Mishustin boshchiligidagi RF hukumat delegatsiyasining Toshkent tashrifining ilk kunida ikki mamlakat hukumat rahbarlari darajasidagi qo‘shma komissiyaning beshinchi majlisi bo‘lib o‘tgan. Majlisda O‘zbekiston va RF o‘rtasidagi “istiqbolli sarmoyaviy loyihalar va savdo shartnomalarining amalga oshirilishini ta’minlash hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish rejalari” ko‘rib chiqilgan.

“Shu kunning o‘zida Rossiya Federatsiyasi hukumati delegatsiyasi Toshkent shahridagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdi va Texnoparkda bo‘lib, ishlab chiqarilayotgan keng turdagi yuqori texnologik mahsulotlar bilan tanishdi”, deyilgan O‘zbekiston hukumati matbuot xizmati tomonidan 9-sentyabr oqshomida tarqatilgan xabarnomada.

XS
SM
MD
LG