Joriy yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston xorijga 4,2 milliard dollarlik oltin sotgan. Bu haqda Statistika agentligining birinchi yarim yillikdagi Tashqi savdo aylanmasiga oid hisobotida aytilgan.
Agentlik hisobotidan kelib chiqilsa, mamlakatning oltin eksporti o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,1 foizga kamaygan.
Avvalroq Ozodlik Jahon oltin kengashi (World Gold Council) ma’lumotiga tayangan holda, 2024-yilning aprel va may oylarida O‘zbekiston xorijga oltin eksportini keskin kamaytirib, bor-yo‘g‘i 1 tonna oltin sotgani haqida xabar qilgan edi.
Bu mamlakatning joriy yil fevral va mart oylarida xorijga sotgan oltini miqdoridan 23 baravar kam – birinchi chorakda O‘zbekiston chet davlatlarga 23 tonna oltin eksport qilib, dunyoda eng ko‘p oltin sotgan mamlakatga aylangan edi.
O‘zbekiston 2023-yilda ham jami 25 tonna oltin sotgan, shu tariqa dunyoda eng ko‘p oltin eksport qilgan mamlakatlar orasida ikkinchi o‘rinni egallagandi.