O‘zbekiston dunyo mamlakatlarida ingliz tilini bilish darajasini baholovchi eng yirik reyting – EF English Proficiency Index 2024'da 114 ta mamlakat orasida 98-o‘rinni egalladi.
O‘tgan yili mamlakat 113 ta mamlakat orasida 93-o‘rinni egallagandi. Shu tariqa o‘zbekistonliklarning ingliz tilini bilish borasidagi o‘rtacha reyting balli 442 dan 439 gacha pasaygan (maksimal ball – 700).
EF English Proficiency reytingi dunyo bo‘yicha ingliz tilini ikkinchi yoki xorijiy til sifatida o‘rgangan 2,1 million kishining imtihon natijalari asosida tuzilgan. Bu borada Niderlandiya birinchi, Norvegiya ikkinchi va Singapur uchinchi o‘rinni egallagan.
Reytingda mamlakatlar aholisining ingliz tilini bilish darajasiga qarab 5 toifaga (“juda yuqori”, “yuqori”, “o‘rtacha”, “past”, “juda past”) bo‘lingan. Bular orasida O‘zbekiston, avvalgi yillarda bo‘lgani kabi, ingliz tilini bilish “juda past” darajadagi mamlakatlar qatorida qolgan.
Ushbu reytingni tuzgan EF Education First kompaniyasining (Shvetsiya) MDH bo‘yicha bo‘linmasi tomonidan Kun.uz nashriga taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ingliz tilini bilish darajasi yirik shaharlarda nisbatan yuqori bo‘lib qolmoqda. Bu borada Andijon (461 ball), Toshkent (457 ball) va Farg‘ona (456 ball) shaharlari eng yaxshi natijani qayd etgan.
Jizzax (384 ball), Qashqadaryo (404) va Xorazm (405) viloyatlarida ingliz tilini bilish ko‘rsatkichi eng past deb topilgan.
“Oxirgi 4 yilda O‘zbekistonda ingliz tilini bilish darajasi uzluksiz ravishda tushib bormoqda. Shu bilan birga, bu pasayish sur’ati butun dunyo miqyosidagi pasayish tendensiyasidan sekinroq kechmoqda. Masalaning gender jihati alohida e’tiborga molik: mamlakat tarixida ikkinchi marta erkaklar va ayollar o‘rtasida ingliz tilini bilish darajasi tenglashdi”, degan EF Education First shirkatining MDH bo‘yicha direktori Dmitriy Fyodorov.
O‘zbekiston xalqaro reytingga 2018-yildan boshlab kiritilgan. Mamlakat reytingga kiritilishi uchun imtihonlarda kamida 5 ming kishi qatnashishi zarur. 2024- yil davomida O‘zbekistondan 7339 kishi Education First testini yechgan.