Botir Qudratxo‘jayev O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri lavozimiga tayinlangan. Shu munosabat bilan u Bosh prokuror o‘rinbosari – harbiy prokuror lavozimidan ozod etilgan.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, ilgariroq Botir Qudratxo‘jayev nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan.
FVV matbuot xizmati qaydicha, prezident farmoniga muvofiq, Qudratxo‘jayevga general-mayor harbiy unvoni ham berilgan.
Botir Qudratxo‘jayev ko‘p yillardan buyon prokuratura tizimida ishlab kelgan. Jumladan, 2014-2016-yillarda Surxondaryo viloyati prokurori, 2016-2017-yillarda Toshkent shahri prokurori, 2017-2020-yillarda BP huzuridagi Majburiy ijro byurosi direktori, 2020-2022-yillarda Xorazm viloyati prokurori lavozimida faoliyat yuritgan. 2022-yil noyabrida esa Bosh prokuror o‘rinbosari – harbiy prokuror lavozimiga tayinlangandi.
2022-yil martidan buyon favqulodda vaziyatlar vaziri sifatida ishlab kelgan Abdulla Qo‘ldoshevning nima sababdan ishdan ketgani va qanday vazifaga tayinlangani haqila hozircha ma’lumot yo‘q.