Линклар

 
O‘zbekistonda fuqarolarni ruxsatsiz tasvirga olish taqiqlanishi mumkin
Шошилинч хабар
13 апрел 2025, Тошкент вақти: 09:27

O‘zbekistonda fuqarolarni ruxsatsiz tasvirga olish taqiqlanishi mumkin


O‘zbekistonda shaxslarni ularning roziligisiz foto va videoga olish taqiqlanishi mumkin. Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Shaxslarning tasvirga bo‘lgan huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida shunday talab ilgari surilgan.

Adliya vazirligi tayyorlagan loyihada cheklov chorasi “shaxslarning tasviridan foydalanish bilan bog‘liq munosabatlarda shaxsiy daxlsizlik huquqi ta’minlanmagani” bilan asoslangan.
Qonunga muvofiq Fuqarolik kodeksi 100−1-modda (tasvirga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish) bilan to‘ldirilmoqda.

Yangi moddada shaxsni tasvirga (fototasvir, videoyozuv, u aks etgan tasviriy san’at obyekti yoki uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan boshqa tashqi belgilar yig‘indisi) olish (tasvirini yaratish) va undan foydalanishga faqat ushbu shaxsning roziligi bilan yo‘l qo‘yilishi belgilanmoqda.

Quyidagi hollarda shaxslarni tasvirga olish va undan foydalanish uchun rozilik olish talab etilmaydi:

1) tasvirdan jamiyat va davlat manfaatlari uchun quyidagi maqsadlarda foydalanishda:
• tasvirdagi shaxsga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qidiruv e’lon qilish;
• davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ularga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni amalga oshirish maqsadida shaxslarni tasvirga olish va undan foydalanish;
• sodir etilgan yoki etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar, shuningdek, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa voqea-hodisalar to‘g‘risida xabar berish, ularni tasvirga olish va undan foydalanish (jabrlanuvchining sha’ni va qadr-qimmati kamsitilmasligi sharti bilan);
2) xizmat vazifasini bajarish, jamoatchilik faoliyatini amalga oshirish jarayonida davlat xizmatchisi va hokimiyat vakilini tasvirga olish va undan foydalanishda;
3) jamoat joylari hamda miting, yig‘ilish va namoyishlar, shuningdek, ommaviy va shaxsiy (to‘y, oilaviy, yubiley, dafn marosimi va boshqa) tadbirlarda umumiy jarayonlarni aks ettirish maqsadida shaxslarni tasvirga olish va undan foydalanishda;
4) tasvir shaxs tomonidan hamma foydalana oladigan qilingan bo‘lsa yoki hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbadan olingan bo‘lsa (tasvirdan tijorat maqsadlarida foydalanish holatlari bundan mustasno);
5) shaxsning haq evaziga tushirilgan (yaratilgan) tasviridan ushbu tasvirni olishdan (yaratishdan) ko‘zlangan maqsadda foydalanilganda;
6) jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida videokuzatuv tizimlari orqali shaxslarni tasvirga olish va ushbu maqsadlarda foydalanishda.


Jamoat joylarida videokuzatuv tizimlari o‘rnatilgan taqdirda, bu haqda aniq va barchaga tushunarli ogohlantiruvchi belgi o‘rnatilishi shart.

Shaxslarning qisman yoki to‘liq kiyimsiz bo‘lishini taqozo etadigan joylarda videokuzatuv kameralarini o‘rnatish va shaxslarni tasvirga olish taqiqlanadi.

Huquq-tartibot idoralari vakillarini tasvirga olishni taqiqlashga oid qonun jamoatchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgandi.

XS
SM
MD
LG