Линклар

Шошилинч хабар
31 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

O‘zbekistonda kam quvvatli AES qurilishiga oid bayonnoma imzolandi


"O‘zatom" va "Rosatom" vakillari kichik quvvatli AES qurilajak maydonda, Jizzax viloyati, 2024-yil 26-iyuni ("O‘zatom" agentligi fotosi)
"O‘zatom" va "Rosatom" vakillari kichik quvvatli AES qurilajak maydonda, Jizzax viloyati, 2024-yil 26-iyuni ("O‘zatom" agentligi fotosi)

“O‘zatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi vakillari kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi shartnomasining kuchga kirish tartibi to‘g‘risidagi bayonnomani imzolashdi. Bu haqda “O‘zatom” agentligi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Qayd etilishicha, bayonnomani imzolash marosimi “O‘zatom” va “Rosatom” muhandislik bo‘limi rahbarlarining rasmiy uchrashuvi doirasida joriy yilning 26-iyun kuni kichik quvvatli atom elektr stansiyasi maydonida bo‘lib o‘tgan.

“Delegatsiya kuz oyida 6 blokli AES uchun infratuzilma obyektlari yaratilishi rejalashtirilayotgan maydonni ko‘zdan kechira turib, shtab maydonida belgilangan vaqtda qurilish ishlarini boshlash – barcha infratuzilma bilan ta’minlangan quruvchilar shaharchasini barpo etishga kirishish borasida kelishuvni amalga oshirish yuzasidan dastlabki masalalarni muhokama qildi”, deyilgan agentlik xabarnomasida.

Delegatsiya vakillari qurilish maydoniga tashrifi doirasida Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev bilan ham uchrashishgan.

Jizzax viloyatida O‘zbekiston bilan Rossiya hamkorligida kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishiga doir bitim imzolangani Rossiya prezidenti Vladimir Putinning may oyi oxirida Toshkentga tashrifi chog‘ida e’lon qilingan edi.

“O‘zatom” va “Rosatom”ning o‘sha paytda tarqatilgan qo‘shma bayonotida Jizzax viloyatida 330 MVt quvvatga ega (har biri 55 MVt quvvatli oltita rektor) inshoot qurilishi yozda boshlanishi bildirilgan.

“Tanlangan maydon allaqachon tekshirilgan, yaroqliligi va xavfsizligi tasdiqlangan, bu loyihani amalga oshirish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi”, deyilgandi rasmiy xabarnomada.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda qurilajak AESni “hayotiy ahamiyatga ega loyiha” deb atagan.

Ayni paytda AES qurish loyihasi jamoatchilik muhokamasisiz Rossiyaga berib yuborilgani ijtimoiy tarmoq faollarining keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan. Jamoatchilik AES Kreml qo‘lida O‘zbekistonga qarshi “shantaj quroli” bo‘lib qolishidan xavotirda.

Bu orada Ozodlikka O‘zbekiston mahalliy matbuotida AES mavzusini tanqidiy ruhda yoritish man qilinganiga oid ma’lumotlar ham kelib tushgan.

XS
SM
MD
LG