O‘zbekistonda 2020-yildan buyon rasmiylar tomonidan aholining kambag‘al qatlamiga ko‘rsatilgan yordam tufayli 3 milliondan ziyod odamning sharoiti yaxshilangan, buning natijasida mamlakatda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida 14-avgust kuni kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot chog‘ida bildirildi.
Prezident matbuot xizmati tomonidan yoyinlangan xabarnomada kelgusi uch yilda O‘zbekistonda “kambag‘allik darajasini 11 foizdan 7 foizga qisqartirish maqsad qilingan”i urg‘ulangan.
Qayd etilishicha, hozirgacha bo‘lgan tizim bilan natijadorlikni oshirish qiyin, kambag‘al oilani tanlashda aniqlik, ularni bu holatdan olib chiqish va mablag‘ ajratishda yaxlitlik yetishmaydi.
Taqdimotda tahlillardan kelib chiqqan holda, kambag‘allikni aniqlash mezonlari va manzilli ro‘yxati shakllantirilishi aytilgan.
“Jumladan, unga “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”dagi hamda kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lganlar kiritiladi. Bunday oilalar “mahalla yettiligi” va faollari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tasdiqlanadi. Kambag‘allikdan chiqarishga qaratilgan barcha ijtimoiy xizmat va yordamlar “Inson” markazlari tomonidan amalga oshiriladi”, deyilgan xabarnomada.
Taqdimot chog‘ida kambag‘allik omillarini o‘rganish uchun ijtimoiy himoya va bandlik masalalarida 8 ta yo‘nalishda yagona savolnoma ishlab chiqilishi, shu asosida oilalarning imkoniyatlari baholanib, 3 ta toifaga ajratilishi, har bir oilaga individual yondashilib, “oyoqqa turishi”ga ko‘maklashilishi urg‘ulangan.
Shu tariqa “kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan mahallalar ro‘yxati ham shakllantiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va hokimliklar tomonidan har yili 50 ta mahalla tanlab olinib, ular kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib boriladi”.
Tadbir paytida bugungi kunda hokim yordamchilariga 20 dan ortiq vazifalar yuklatilgani, shu sababli kambag‘allikni qisqartirish masalasi ikkilamchi darajaga tushib qolganiga e’tibor qaratilgan hamda endilikda hokim yordamchilarining faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, asosiy e’tibor kambag‘allikni qisqartirish va ular bandligini ta’minlashga qaratilishi ta’kidlangan.
“Har yili kambag‘allikni qisqartirishga 14 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda. Lekin bu mablag‘ 40 turdagi moliyaviy vositalar orqali, 10 ga yaqin idora tomonidan berilmoqda, yagona yondashuv yo‘q. Shu bois bu tizim ham o‘zgartiriladi. Mablag‘lar hudud, tuman va mahallalar kesimida kambag‘al oilalar sonidan kelib chiqib, mos ravishda Agentlik va hokimliklar tomonidan taqsimlanadi. Bunda mablag‘lar, birinchi navbatda, oilani kambag‘allikdan chiqarishga yo‘naltiriladi”, deya qayd etilgan xabarnomada.
Taqdimot paytida kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar ijrosi bo‘yicha 3 bosqichda – mahalla va tuman, viloyat hamda respublika darajasida monitoring tashkil qilinishi, bu borada jamoatchilik nazorati kuchaytirilishi bildirilgan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining shu yil yanvar oyida yoyinlagan hisobotida O‘zbekistonda 2022-yil yakunida kambag‘allik darajasi 14 foizni tashkil etgani, 2023-yilda kambag‘allik darajasi 3,1 foizga qisqarib, 11 foizni tashkil etgani haqida bildirilgandi.
Iqtisodiy tahlilchi Otabek Bakirov o‘shanda kambag‘allik bir yil ichida “hayratlanarli darajada keskin qisqargan”iga e’tibor qaratgan edi.